Breaking News

Tolibon Qandahor aeroporti, BMT idorasiga hujum qildi


Tolibon amalga oshirgan tungi raketa hujumida Qandahor aeroportining uchish-qo’nish yo’lagiga zarar yetkazilib, barcha parvozlar to’xtatilgan. Qandahor va unga qo’shni Hilmand viloyati markazi Lashkargohda Afg’oniston xavfsizlik kuchlari va toliblar o’rtasida shiddatli janglar kechmoqda.

Rasmiylar yo’lak ta’mirlanmaguncha mamlakatning ikkinchi yirik shahridan reyslar to’xtaganini tasdiqladi.

“Qandahor aeroportini nishonga oldik, uning uchish-qo’nish yo’lagi va boshqa inshootlariga ziyon yetkazdik, – deydi Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid. – Qiruvchi samolyotlar bizga va hududdagi aholi uylariga zarba berish uchun bu aeroportdan foydalanayotgan edi. Kecha Hilmanddagi kasalxonani ham portlatishdi”.

Lashkargohdagi xususiy shifoxona egasi doktor Muhammad Din Narival Afg’oniston havo kuchlari binoga bomba tashlaganini tasdiqlamoqda. Bir kishi o’lgan, yana uch nafari yaralangan.

Narivalning aytishicha, xavfsizlik kuchlari kasalxonada toliblar davolanyapti deb xato qilishgan.

Hozirda Hilmandning aksar tumanlari Tolibon nazorati ostida. So’nggi kunlarda ular Qandahor, Lashkargoh va Hirotga yirik hujumlar uyushtirgan.

Jangarilar Lashkargoh va Hirot shaharlarini qariyb bosib olishgani xabar qilinmoqda, ammo rasmiylarga ko’ra, bu hududlarga qo’shimcha kuchlar safarbar etilib hujumlar qaytarilgan.

30-iyul kuni Tolibon BMTning Hirotdagi idorasiga ham raketa hujumi uyushtirgan, bir qo’riqchi halok bo’lgan, uch nafari yaralangan. BMT hujumni qoralab, Tolibonni “to’liq tergov o’tkazishga, savollarga javob berishga” chaqirmoqda.

“Mahalliy soqchining o’limiga olib kelgan hujumni sodir etganlar javob berishi lozim”, - deyiladi missiya bayonotida.

Mahalliy “Tolo” telekanaliga ko’ra, Hirot viloyatining 17 tumanidan faqat bittasi hamda viloyat poytaxti hukumat nazoratida qolmoqda. Qolgan tumanlar boy berilgan.

Aholi vakillari Lashkargoh va Hirot atrofida to’qnashuvlar bugun ham davom etayotgani, armiya samolyotlari Tolibon pozitsiyalariga zarba berayotganini aytadi.

Harbiylar va Hilmand politsiyasinining “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, Lashkargohda tungi havo hujumlarida 50 dan ziyod toliblar halok bo’lgan, shaharning turli qismlarida harbiy amaliyotlar o’tayapti.

Aytish joiz, urushda har ikkala tomon odatda jang maydonidagi yutuqlarini oshirib ko’rsatadi.

Afg’onistonda xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat 1-maydan keyin, AQSh va NATO qo’shinlari 20 yillik urushdan so’ng mamlakatdan chiqa boshlashi ketidan yomonlasha boshladi.

Xorijiy kuchlarning chiqishidan ruhlangan Tolibon mamlakatdagi 420 tumandan deyarli yarmini egallab olgan. ammo hozircha viloyat markazlarini bosib olishga muvaffaq bo’lmagan

Toliblar ilgari ham yirik shaharlarni, jumladan Lashkargohni, bosib olishga uringan, biroq AQSh havo hujumlari sabab chekingan. Afg’oniston armiyasiga endi bunday yordam berilmayapti. Lekin o’tgan kunlar ichida AQSh uchuvchilari Hirotda Tolibon pozitsiyalariga bir necha zarbalar bergani ma’lum.

O’tgan yili boshlangan tinchlik muzokaralarini davom ettirish da’vatlarini urushda qatnashayotgan tomonlar e’tiborsiz qoldirmoqda. So’nggi voqealar islomiy guruh hokimiyatga qaytishi ehtimolini oshiryapti.

31-iyul kuni toliblar ikki odamni bolalarni o’g’irlashda ayblab, shaharlardan birining darvozasida osgan. Jurnalistlarga yo’llangan bayonotda ular Tolibon sudi tomonidan aybdor topilgani aytiladi. Voqea afg’onlarga 1996-2001 yillarda Tolibon hukmronlik qilgan davrni eslatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG