Qochqinlikdan mamlakatga qaytgan jurnalist, bloger Ro’ziboy Azimiy O’zbekistonga kiritilmagan. Tazyiqlar tufayli mamlakatni tark etgan jurnalist ikki yillik muhojirlikdan so’ng O’zbekistonga qaytishga qaror qilgan.
Qozog’iston orqali O’zbekistonga kirmoqchi bo’lgan Azimiy 23-avgust kuni “G’ishtkop’rik” nazorat punktidan o’tkazilmagan. U so’nggi 30 yil davomida fuqaroligi yo’q shaxs maqomida O’zbekistonda yashab kelayotgan edi.
O’zbek chegarachilari jurnalistga uning O’zbekistonga kirishiga taqiq qo’yilganini, biroq taqiq sabablari haqida hech narsa bilmasliklarini aytishgan.
Ro’ziboy Azimiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, unda fuqarolik pasporti yo’q, ammo O’zbekiston ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan “xorijga chiqish hujjati” bor va mamlakatga kirish, chiqish uchun barcha qonuniy asoslarga ega.
Azimiy O’zbekistonga kirishiga qo’yilgan taqiq sababini ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari, hukumatga, jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyevga qaratilgan tanqidlarida ko’radi.
Ro’ziboy Azimiy bir muddat o’zbek muxolifati safida ham faoliyat yuritgan, ammo muxolifat bilan hamkorligi uzoqqa cho’zilmagan. So’nggi paytda u mustaqil bloger sifatida mamlakatdagi vaziyat haqida o’z mulohazalarini bildirib kelayotgan edi.
30 yil O’zbekistonda yashagan jurnalist bir necha yildirki fuqarolik pasportini olishga urinib keladi. Uning fuqarolik olish yuzasidan yozgan avvalgi arizalari biror izohsiz rad qilingan.
Mamlakat qonunchiligidagi so’nggi o’zgarishlarga ko’ra, 15 yilga yaqin mamlakatda yashayotgan fuqaroligi yo’q shaxslarga fuqarolik berilishi shart qilib qo’yildi.
Toshkentdagi mutasaddilar Azimiyning Toshkentdagi yaqinlariga fuqarolik berilishi aniq ekanligini aytishlari ortidan jurnalist mamlakatga qaytishga qaror qiladi.
Ro’ziboy Azimiyga ko’ra, unga fuqarolik berilmay kelingani ham, bugunga kelib endi mamlakatga kiritilmagani ham siyosiy pozitsiyasi, tanqidiy chiqishlari, blogerlik faoliyati bilan bog’liq.
Jurnalistning taqiq sababini bilish maqsadida chegarachilar bilan uch soat davomidagi muzokarasi biror natija bermagan, uni Qozog’istonga qaytarishgan.
Buni ham ko'ring Islohotlardan hafsalasi pir bo'lgan jurnalist O'zbekistonni tark etdi“Prezidentning xom-xatala siyosiy faoliyatini doimiy ravishda tanqid qilishlarim Mirziyoyevga yoqmasligi aniq edi. Lekin haqiqat achchiq bo‘ladi. Mirziyoyevning faoliyatiga nisbatan pozitsiyamni bojxona postidagi suhbat davomida ham ochiq bildirdim. Bu DXXning matbuot kotibi tomonidan videoga ham olindi. Mirziyoyev real hayotda mamlakatdagi korrupsionerlar homiysi, monopolistlar himoyachisi bo‘lib qolayotgani, xalqni aldashdan zarracha or qilmayotganini aytdim. Men ulardan DXX rahbariyati bilan uchrashishni jiddiy iltimos qildim. Biroq, afsuski, 3,5 soat davomida hech kim qabul qilmadi. Qo‘lida hukumat, avtomat, armiya, qurolli kuchlar va boshqa jami kuch ishlatar organlari jamlangan holda bunday harakatlarga yo‘l qo‘yilishi davlatning otbozorga aylanganidan, Mirziyoyev O‘zbekistonni shaxsiy tomorqasiga aylantirib olganidan dalolat. Buni hukumatning tanqid yozuvchi jurnalistlar oldidagi qo’rquvi bilan izohlayman xolos”, - deydi Azimiy.
Ro’ziboy Azimiy tanqidiy chiqishlari, muxolifatdagi faoliyati ortidan bir muddat hibsda ushlanishi, qiynoqlarga tutilishi ortidan 2019-yilda O’zbekistondan chiqib ketgan edi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat ichkarisidan berilgan va’dalarga ishonib qaytishga qaror qilgan.
O’zbekistonda, ayniqsa saylov arafasidagi so’nggi yilda siyosiy muxolifat faollari, mustaqil jurnalist va blogerlarga nisbatan ta’qiblar qayta tiklanayotgani kuzatiladi.
Avvalroq, muxolifatdagi “Erk” partiyasini faoli, shoir Rahmiddin Abrayev Qashqadaryoda hibsga olingan edi. Abrayev partiyaning Toshkentdagi qurultoyida qatnashishidan so’ng unga nisbatan avval mavjud bo’lgan shartli jazo ikki yillik qamoqqa o’zgartirilgani xabar qilinadi.