Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va xususiy gumanitar guruhlarning ma’lum qilishicha, Afg’onistonni Tolibon egallab olganidan beri inson huquqlarining poymol etilishi holatlari keskin oshgan.
Afg’oniston xavfli nuqtada, deydi ular. Huquq borasida shundoq ham oqsayotgan mamlakatda ahvol nihoyatda og’ir.
Osiyo-Tinch okeani qochqinlar tarmog’i nomli tashkilot rahbari Najiba Vazifado’stning aytishicha, AQSh va NATO missiyalarini tugatgach ko’pchilik Tolibon qaytishidan xavotirda edi. Ammo jangarilar mamlakatni bu darajada tezlikda qo’lga olishini deyarli hech kim kutmagan.
Buni ham ko'ring Afg'oniston iqtisodiy inqiroz yoqasidaTolibon hukmronligi ostida, deydi u, odamlarning azob-uqubatlari tez sur’atda oshishinini ko’rish dahshatli.
“Xususan, o’tgan bir haftada ishonch telefonimizga odamlar qatl etilayotgani, kaltaklanayotgani, media tashkilotlar va radiostansiyalar bosimga uchrayotgani haqida ko’plab qo’ng’iroqlar bo’ldi. Ularning hikoya qilishicha, toliblar xonadonlarni tintuv qilgan, ba’zilar o’ldirilgan, poytaxtda talon-taroj bo’lgan. Maktablar, kasalxonalar, minglab uylar hujumga uchragan”, - deydi Vazifado’st.
Osiyo-Tinch okeani qochqinlar tarmog’i xususan xotin-qizlar taqdiridan xavotirda. Shunchaki ayol bo’lgani uchun o’ldirishadi degan qo’rquv bor, deydi tashkilot rahbari. Shuningdek, COVID-19 pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklovlar ayollar va qizlarning zo’ravonlikdan, ta’qiblardan qochishiga to’sqinlik qiladi deb qo’rqaman, deydi u.
Najiba Vazifado’st G’ab davlatlariga murojaat qilib, afg’on xotin-qizlarini o’z holiga, umidsiz tashlab qo’ymaslikka undamoqda. Yangi sharoitga moslashishi uchun ularga ko’mak zarur, deydi u.
BMTga ko’ra, o’nlab yillik mojaro, oxirgi to’rt yilda ro’y bergan ikkinchi qurg’oqchilik va pandemiyaning halokatli ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri tufayli Afg’oniston xalqaro yordamsiz o’zini boqa olmaydi.
BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish idorasi qayd etadiki, Afg’oniston aholisining qariyb yarmi, 18 million kishi gumanitar yordamga muhtoj. Idora vakili Vafo Said Abdulatif so’zlariga ko’ra, aholining kamida 30 foizi ochlikdan aziyat chekmoqda.
“Hisobimizcha, besh yoshgacha bo’lgan bolalarning yarmi to’yib ovqatlanmaydi. Shu bilan bir qatorida, ular tibbiy xizmatlar, suv, gigiyena va sanitariya vositalaridan ham mahrum. To’yib ovqatlanmaslik bolalarga tuzatib bo’lmas ta’sir ko’rsatadi. Bu shunday davom etishiga yo’l qo’ya olmaymiz”, - deydi Abdulatif.
BMT 2021-yilda Afg’oniston uchun donor davlatlardan 1,3 milliard dollar so’ramoqda. Hozirgacha 500 million dollar kelib tushgan xolos.