O’tgan bir necha hafta ichida AQSh Afg’onistondan 80 mingdan ortiq odamni evakuatsiya qildi. AQShga kelganlarning joylashishiga ko’maklashish uchun Fotima Popal o’z restoranida xayriya yig’ishni boshladi.
Vashingtonda joylashgan “Lapis” restorani egalari so’nggi haftalarda afg’onistonlik qochoqlarga xayriya yig’ish bilan band.
Tokchalar kiyim-kechakdan tortib idish-tovoq, shaxsiy gigiyena va tozalash vositalarigacha bo’lgan turli ehtiyoj mollari bilan to’la.
Bu xayriya aksiyasi ortida Vashingtonda bir necha restorani bor Fotima Popal turibdi. Uning aytishicha, yordam berish istagi, avvalo, o’zining shaxsiy taqdiri bilan bog’liq.
“Biz ham Afg’onistondagi urushning boshqa bir davrida qochoqlar bo’lganmiz. Bu muhojirlar hozir nimalarni his qilayotganini tushunamiz. Bizning davrimiz sal boshqacha bo’lgan, u payt Tolibon rejimi yo’q edi”, - deydi Fotima.
1980-yillarda Fotima olti oyligida Popal oilasi Afg’onistonni tark etgan. Ular 1987-yildan beri Amerikada yashaydi. Poytaxt Vashingtonda uchta restoran ochishgan. Fotima afg’onistonliklarga yordam berish niyatini ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilgach, ko’pchilik o’z hissasini qo’shishga shoshildi.
Buni ham ko'ring AQSh afg'onistonlik qochoqlarni qabul qilishni boshladi“Ko’plab odamlar yordamga, nafaqat ehson qilish, balki o’z vaqtini ajratib ko’ngilli sifatida yordam berishga oshiqqanini ko’rdik. Odamlar shu maqsad yo’lida birlashganini, hamma yordam va ehson qilishni xohlayotganini ko’rish qanday go’zal”, - deydi u.
Shundan beri Popal va ko’ngillilar guruhi ehson qilingan turli buyumlarni yig’ib, saralab, yuk mashinalarida muhojirlar joylashgan hududlarga jo’natmoqda.
Afg’onistonlik qochoqlar uchun yordam qo’lini cho’zayotgan kompaniyalar oz emas. Ular orasida kichik bizneslardan tortib, dunyo bo’ylab 20 ming afg’on qochog’ini bepul turar-joy bilan ta’minlashga so’z bergan “Airbnb” kabi gigant kompaniyalar ham bor.
AQShda xayriya tashkilotlari ham yordamga shoshilmoqda. Virjiniyada joylashgan “Katolik xayriyasi” ulardan biri.
“Bu yerdagi narsalar faqat bir kunlik ehsonlar. “Amazon” haydovchilari mashinalarda tinimsiz yuklarni tashlab ketmoqda”, - deydi xayriya tashkiloti vakili Emili Vud.
Tashkilot rahbari Stiven Karattinining aytishicha, afg’on qochoqlari soni ortib bormoqda.
Buni ham ko'ring Turkiyada afg'onistonlik qochoqlar soni oshadimi?“Kelasi oylarda va hatto yillarda ular soni oshishda davom etadi. Ular, odatda, birinchi bo’lib bizni ko’rishadi. Aeroportga chiqib kutib olamiz. Shundan so’ng ishimiz ko’payadi. Asosiy vazifa – ularni turar-joy bilan ta’minlash, imkon qadar tezroq doimiy yashash joyini topib, keyin ish qidirish jarayonini boshlash”, - deydi u.
Ko’ngillilar nafaqat jismoniy, balki ruhiy tomondan ham ko’mak ko’rsatmoqda. Ular muhojirlar holidan muntazam xabar olib, turli maslahat va ruhiy dalda beryapti.
Hech kim o’z vatanini bu tarzda tark etishni istamaydi, deydi Fotima. Agar shunga majbur bo’lishsa, biz ularga AQShda ikkinchi vatanlarini topishda yordam berishimiz kerak, deya qo’shimcha qiladi u.