Tashqi ishlar vazirligining Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Ismatulla Irgashev Tolibon hukumati o’zbek tili rasmiy maqomini bekor qilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirar ekan, matbuotda tarqagan xabarlarni toliblarning yangi konstitutsiya qabul qilishni rejalayotgani bilan izohlagan.
“Muvaqqat hukumat davrida ular Ashraf G’ani va Hamid Karzay davrida qabul qilingan konstitutsiyadan voz kechishdi. AQSh mamlakatga kirguncha qabul qilingan konstitutsiya vaqtincha amal qiladi. Bu konstitutsiyada esa rasmiy tillar pushtu va dari bo’lgan. Buni shunday izohlash mumkin”, - degan Ismatulla Irgashev muxbirlar bilan suhbatda.
Diplomatning bu javobidan kelib chiqilsa, Tashqi ishlar vazirligi Afg’onistonda o’zbek tili rasmiy maqomdan mahrum qilinganini bilvosita tasdiqlamoqda. Toliblar davlat tili bo’yicha Afg’onistonda amalda bo’lgan qonunchilikni bekor qilgan.
Buni ham ko'ring Afg’oniston o’zbeklarining jihod va hokimiyatdagi o’rniMatbuotdagi tegishli xabarlarda toliblar tomonidan qabul qilingan qarorga ko’ra, Afg’onistonda rasmiy til sifatida pushtun va doriy belgilangani, ta’lim sohasiga esa arab tili kiritilayotgani ta’kidlanadi.
Afg’onistonda o’zbek tili o’z rasmiy maqomini saqlab qolayotgani Tolibon hukumatini qo’llab, olqishlab kelayotgan Toshkent tomonidan shimoldagi millionlab o’zbeklar manfaati unutilmaganining bir ifodasi o’laroq ham taqdim etib kelinayotgan edi.
Har holda, avvalroq Afg’onistonda o’zbek tili o’qitilishiga taqiq qo’yilgani haqidagi xabarlar yuzaga chiqar ekan, O’zbekiston tashqi ishlar vakili raddiya bilan chiqqan edi. Vazirlik Tolibon harakati rasmiy vakili o’zbek tilining Afg’onistondagi rasmiy maqomini bundan keyin ham saqlab qolishga va’da berganini ta’kidlar ekan, bu borada shubhali xabarlar tarqatayotgan jurnalistlar va tahlilchilarni qoralab chiqqan edi.
So’nggi vaziyat Tolibonning rasmiy Toshkentga Afg’onistonda o’zbek tili maqomini saqlab qolish yuzasidan bergan va’dasi uzoqqa, hatto bir oyga ham bormaganini ko’rsatmoqda. Afg’oniston masalasida rasmiy Toshkent siyosatini jiddiy tanqidga tutib kelayotgan sharhlovchi Anvar Nazir o’zbek tili yuzasidan TIV berayotgan qarama-qarshi bayonotlarni sharmandali hisoblaydi.
Buni ham ko'ring O'zbekiston "ShHT-Afg'oniston" sammitini olg'a surmoqda“Toliblar o’zbek tili maqomini rasman bekor qildi. Toshkent hozircha jim, maxsus elchi bu borada ma’lumotga ega emasligini aytayotgani esa o’ta sharmandali. Afg’onistonda bu yog’iga faqat pushtun va doriy tillari davlat tili maqomida bo’lishi bu haqiqat. Afg’onistonda millionlab o’zbeklar biror huquqqa ega bo’lmagan avvalgi davrlarga qaytilmoqda. Toshkent esa buni olqishlab kelmoqda”, - deydi Anvar Nazir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston Afg’onistonda turli etnik va siyosiy guruhlar manfaati hisobga olingan inklyuziv hukumat shakllanishi tarafdori ekanini takrorlab keladi. Buni u yaqinda Dushanbeda o’tgan ShHT sammiti doirasida ham ta’kidladi. Ammo shu bilan bir qatorda, O’zbekiston mutlaq toliblardan shakllangan, inklyuzivlik da’vosidan ancha uzoqda bo’lgan Tolibon hukumatini darhol tan olgan va olqishlab chiqqan kam sonli davlatlardan biri ham hisoblanadi.
Anvar Nazirga ko’ra, Tolibon bilan aloqa o’rnatgan Toshkent uchun inklyuziv hukumat yoki turli etnik siyosiy guruhlar manfaati himoyasi muhim emas.
“O’zbekistonning toliblar bilan munosabatida etnik guruhlar manfaati muzokara qilingan deb o’ylash haqiqatdan yiroq. Toshkentning maqsadi boshqa - tashqi savdoga qaratilgan. O’zbek tili maqomi bilan bog’liq vaziyat ham shu, Toshkent bu masalani ko’targaniga ishonmayman. Umuman, O’zbekiston Tolibon bilan muzokarasida talab qo’yuvchi tomon sifatida ko’rinmaydi, bunday irodaning o’zi yo’q. Har holda, Tolibon zulmidan qochayotgan o’zbek ziyolilarni olib chiqish yuzasidan qilingan murojaatlarning javobsiz qolayotgani ham shundan darak beradi ”, - deydi Anvar Nazir.
Toshkentning qo’shni mamlakat bo’yicha e’lon qilgan rasmiy pozitsiyasi O’zbekiston Afg’onistoning ichki ishiga aralashmasligidan iborat. Ammo bu pozitsiya Afg’onistondagi turli millatlar xalqaro jamoatchilikni toliblar hukumatini tan olmaslikka chaqirib kelayotgan bir manzarada Toshkent tomonidan Tolibon hukumati shoshilinch tan olinishiga to’sqinlik qilmadi.