O'zbekistonda o'tgan bir yil ichida internet erkinligi biroz kengayib, global tarmoqqa kirish, umuman olganda, osonlashgan. Ammo hukumat bloklash va muxolif ovozlarni o'chirish siyosatini to'xtatmagan. Vashingtonda asoslangan "Freedom House" (Ozodlik uyi) nohukumat tashkiloti shunday xulosa qilmoqda.
Internet erkinligi bo'yicha global tahlilda O'zbekiston o'tgan yili 100 dan 27 bal olgan bo'lsa, 2021-yilda 28 bal to'plagan.
Prezidentni haqorat qilish, ommani tartibsizlikka undash, shuningdek, onlayn jinoyatlar yuzasidan yangi hujjatlar respublika bo'ylab o'ziga xos qo'rquv muhitini avj oldirgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarning ma'lumotlarini mahalliy ravishda saqlash talabini qo'ygan hukumat "Twitter" va boshqa platformalarni bloklagan.
"Ozodlik uyi" Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida mamlakatda qator o'zgarishlarni e'tirof etib, so'z va fikr erkinligi bobida oldinga siljish bo'lgan, deb hisoblaydi.
Ammo, tashkilot tahlilicha, O'zbekiston hamon avtoritar boshqaruv ostida va demokratiya tomon qadam nihoyatda sust. Ommaviy axborot vositalari hukumat tomonidan qattiq nazorat qilinadi, huquqbuzarlik hollari qamoqxona va hibsxonalardan tortib, oddiy muassasalargacha muntazam ravishda kuzatiladi.
"Ozodlik uyi" internet erkinligini uch talab bo'yicha o'lchaydi. Birinchidan, global tarmoqqa kira olish. O'zbekiston 25 baldan 9 yig'a olgan. Ikkinchidan, internetda istagan sayt yoki platformadan foydalanish. Bunda respublika 35 baldan 12 olgan. Uchinchidan, foydalanuvchilarning huquqlarini hurmat qilish darajasi. O'zbekistonda 40 baldan atigi 7 yig'gan.
Tashkilot erkinlik darajasiga ta'sir qilgan qator holatlarni qayd etadi:
- Internetga kirish O'zbekiston bo'ylab yaxshilangan, mobil ulanish arzonlashgan;
- Prezident Mirziyoyev davlat rahbarini haqorat qilish, ommaviy tartibsizlikka chaqirish va onlayn jinoyatlar to'g'risida hujjatlarga imzo chekdi;
- 2021-yilning may oyida tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bloger Otabek Sattoriy qalloblikda ayblanib, olti yarim yilga qamaldi;
- Shaxsiy ma'lumotlar haqida chiqqan qonunga binoan internet kompaniyalari O'zbekistondagi foydalanuvchilarga tegishli datani mamlakatda saqlashi shart. Mahalliy serverlar ishga solinishi talab qiladi.
- 2021-yilning mart oyida Toshkentda bloger Miraziz Bazarov gomoseksual insonlarning yonini olgani uchun hujumga uchragan, qattiq jarohatlangan.