Ekspertlar Baydenning tashqi siyosatiga qanday baho bermoqda?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Bayden ma’muriyatining tashqi siyosatini himoya qilmoqda. Janubiy chegarada gaitilik muhojirlarga qanday muomala qilingani, Afg’oniston urushi qanday tugatilgani va Fransiyani g’azablantirgan suvosti kemasi kelishuvi kabi mavzular tanqid va bahslarga sabab bo’ldi.

Prezident Bayden BMT Bosh Assambleyasi yig’inida qilgan nutqida dunyo burilish nuqtasida ekanini ta’kidladi. Tinimsiz urushlar davridan tinimsiz diplomatiyaga o’tamiz, Qo’shma Shtatlar BMT kabi ko’p tomonlama tuzilmalarga sodiq qoladi, deydi Bayden.

Ammo AQSh kuchlarining Afg’onistondan shoshilinch tarzda chiqib ketishi, mamlakatda askarlarga yordam bergan minglab afg’onlar qolib ketgani tashqi siyosatda Oq uy yuzlashayotgan muammolardan bittasi xolos.

BMTda jurnalistlar Davlat kotibi Entoni Blinkenni qator mavzular yuzasidan savolga tutdi. Afg’onistondan chiqish strategiyasi, Fransiyani g’azablantirgan AQSh-Avstraliya-Britaniya xavfsizlik kelishuvi, chegaradagi vaziyat va hokazo.

Blinkenga ko’ra, BMTda u bilan muloqotda bo’lgan ittifoqchilar AQSh tashqi siyosatini olqishlagan.

“AQSh boshqa davlatlar bilan ishlashga bel bog’lagan. Tushunamizki, biz yuzlashayotgan, xalqimiz yuzlashayotgan katta muammolarning hech birini yakka o’zimiz hal qila olmaymiz. Yangi texnologiyalar ta’siridan tortib, koronavirus va iqlim o’zgarishigacha”, - deydi bosh diplomat.

Ammo aksar ekspertlar Bayden tashqi siyosatidagi ba’zi muvaffaqiyatsizliklar to’g’risida hamfikr. Masalan, Avstraliya va Britaniya bilan kelishuv yuzasidan Fransiya bilan kelishmovchilik.

Hukumatning asosiy e’tibori ichki muammolarda: pandemiyani qanday tugatish, aholini emlash va iqtisodiyot. BMTning yillik majlislari o’tganidan keyin prezident vaqtini asosan Kongress bilan muzokaralarga sarflaydi, infrastruktura bo’yicha va ijtimoiy loyihalarni ovozdan o’tkazishga harakat qiladi”, - deydi siyosatshunos Brayn Katulis.

Boshqa ekspertlarga ko’ra Baydenning butun e’tibori ichki muammolarda ekani ba’zida tashqi siyosiy qarorlar ijrosiga putur yetkazadi.

“Birinchidan, bu uni chalg’itadi, o’jarlikka majburlaydi. Uning maqsadi tashqi emas, ichki siyosatda iz qoldiradigan prezident bo’lish”, - deydi tahlilchi Aron Deyvid Miller.

Katulisga ko’ra, Davlat departamentidagi azaliy muammolar ham rol o’ynaydi.

“Davlat departamentida, xususan diplomatiyani amalga oshirishda intitutsional muammolar borligini ham yodda tutaylik. Bu yangilik emas va Bayden ma’muriyati bilan ham bog’liq emas. 11-sentabr xurujlaridan so’nggi davrda departamentga Pentagon va razvedka agentliklarining ta’siri oshgan”, - deydi suhbatdosh.

Atlantika Kengashidan Kristofer Skaluba qisman Kongressni ayblaydi.

“Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi, ochig’ini aytsam, Tramp davridagi qarorlar asoratidan haliyam o’ziga kelgani yo’q. Shuningdek, qandaydir sababga ko’ra ko’pgina yuqori lavozimlarga odamlarni tayinlash sekin kechyapti. Nomzodlarni ko’rsatish sekin kechdi, endi Kongress ham ularni sekin tasdiqlayapti. Masalan, translatlantik xavfsizlik haqida gap ketganda, NATO tashkilotida elchimiz yo’q”, - deydi Skaluba.

Parijda o’sib ulg’aygan Blinken Fransiya bilan aloqalarni tiklashga va’da bermoqda, ammo vaqt kerak, deydi diplomat.