Tolibon Qatarda AQSh bilan o’tkazilgan ikki kunlik "samimiy" muzokaralar "yaxshi kechgan"i haqida xabar bermoqda. Bu avgust oxirida islomiy guruh mamlakatni nazorat ostiga olganidan beri amerikaliklar bilan yuqori darajada o’tkazilgan birinchi to'g'ridan-to'g'ri muloqotdir.
"Uchrashuv davomida barcha tegishli masalalar bo'yicha batafsil gaplashildi va diplomatik aloqalarni yaxshilash uchun harakat davom etadi", - dedi Tolibon matbuot kotibi Suhail Shahin uchrashuvdan keyingi bayonotida.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays yakshanba kuni kechqurun tarqatgan bayonotida Tolibon bilan muzokaralar "ochiq va professional" ruhda o’tganini tasdiqlab, "Tolibon nafaqat so'zlariga, balki harakatlariga qarab baholanadi", deya qo'shimcha qildi.
"AQSh fuqarolari, boshqa chet el fuqarolari va afg'on sheriklarimizning xavfsizligi va xatarsiz harakatlanishi, shuningdek, inson huquqlari, jumladan, afg'on jamiyatining barcha jabhalarida ayollar va qizlarning mazmunli ishtiroki" muhokama qilindi, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Uchrashuv shanba kuni Qatar poytaxti Doxada boshlangan edi.
Prays bayonotida aytilishicha, AQSh va Tolibon Vashingtonning to'g'ridan -to'g'ri afg'on xalqiga gumanitar yordam ko'rsatishi masalasini muhokama qilgan.
Doxada joylashgan Tolibon vakili va guruhning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi vakili Shaxinning aytishicha, "AQSh vakillari afg'onlarga gumanitar yordam ko’rsatishga, boshqa gumanitar tashkilotlar ham yordam yetkazishi uchun sharoit yaratib berishga so’z bergan.
Buni ham ko'ring AQSh bosh inspektori: Afg'onistonda trillionlab dollar ko'kka sovurildiUning qo'shimcha qilishicha, Tolibon rahbarlari AQShning qarorini olqishlagan va yordamga muhtoj afg'onlarga gumanitar yordamni "oshkora" yetkazishda xayriya guruhlari bilan hamkorlik qilishga va'da bergan. Shahinning so'zlariga ko'ra, tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi Tolibon guruhi gumanitar yordam "siyosiy masalalarga bog’lanmasligi" kerakligini ta'kidlagan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti avvalroq Afg'onistonda qariyb bir million bola ochlikdan o'lish xavfi ostida, 18 milliondan ortiq bola esa shoshilinch gumanitar yordamga muhtoj ahvolda yashayotgani; qurg'oqchilik va yaqinlashib kelayotgan qattiq qish vaziyatni yanada yomonlashtirishi haqida ogohlantirgan edi.
Uchrashuv arafasida Vashingtondagi rasmiylar AQShning yuqori martabali delegatsiyasi Amerika va boshqa xorijiy fuqarolar hamda afg’on hamkorlar uchun Afg'onistondan xavfsiz chiqish imkoniyatini ta'minlash uchun Tolibonga bosim o'tkazishlarini aytgan. Ular, shuningdek, islomiy guruhni inklyuziv hukumat tuzish majburiyatlarini bajarishga, afg'on ayollari va ozchiliklarning huquqlarini hurmat qilishga, terrorizmga qarshi kurashga hamda afg'onlarga gumanitar yordam olish imkoniyatini yengillashtirishga undamoqda.
Shahinning aytishicha, Tolibon chet el fuqarolarining erkin harakatiga to’siq qo’ymaydi.
AQSh rasmiylari, shuningdek, Doxadagi uchrashuv Tolibonni diplomatik e'tirof etish haqida emasligini ta’kidladi. Ularning so'zlariga ko'ra, bu narsa guruh o'z majburiyatlarini qanchalik bajarishiga bog'liq.
Amerika delegatsiyasi tarkibida AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligi, Davlat departamenti va razvedka idoralari vakillari ishtirok etgan.
Amerika va ittifoqchi qo'shinlar 30-avgustda Afg'onistondan chiqib, 20 yillik harbiy ishg'olga yakun yasagan edi.
Shanba kuni muloqotning ochilish sessiyasidan keyin gapirgan Muttaqiy AQShni Afg'oniston Markaziy bankining muzlatilgan zaxiralarini qayta ochishga undagan.
Vashington Tolibon mamlakatni egallab olganidan beri asosan AQSh federal zaxirasida saqlanayotgan 10 milliard dollarga yaqin Afg'oniston aktivlarini muzlatib qo'ygan edi. Jahon banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi ham Tolibon hukmronligi davrida inson huquqlari bilan bog'liq muammolardan xavotir bildirib, Kobulga moliyaviy yordam va kredit berish dasturlarini to'xtatdi.
Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, AQSh boshchiligidagi kuchlar va ko'plab xalqaro donorlar Afg'onistonda davlat xarajatlarining 75 foizini moliyalashtirib kelgan grant dasturlarini to’xtatgan. Bu millionlab afg'onlarni daromadsiz qoldirdi; hukumat xodimlari ham maoshlarini vaqtida ololmayapti.
Moliyaviy cheklovlar Afg'onistondagi iqtisodiy inqiroz yuzasidan xavotirlarni kuchaytirdi. Tanqidchilar nazarida, iqitisodiy yetishmovchilik gumanitar inqirozni yanada yomonlashtirishi mumkin.
"Biz ularga [amerikaliklarga] beqaror Afg'onistondan hech kim foyda ko'rmasligini aniq aytdik. Shuning uchun hech kim Afg'onistonning hozirgi hukumatini kuchsizlantirishga yoki iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan afg'on xalqiga muammo tug'dirishga urinmasligi kerak", - dedi Muttaqiy.
Uning ta’kidlashicha, Tolibon jamoasi AQSh rasmiylariga afg'on tuprog'i boshqa mamlakatlarga tahdid qilish uchun ishlatilmasligini aytgan. Uchrashuvda Muttaqiyga boshqa yuqori martabali amaldorlar, jumladan, Tolibon razvedka direktori vazifasini bajaruvchi Abdulhaq Vosiq hamrohlik qilgan.
Amerika Qo'shma Shtatlari Afg'onistonda IShIDning mintaqadagi tarmog’i faoliyati jonlanib, terrorizm xavfi kuchayib borayotganidan xavotirda. Terror guruhi avgust oyining o'rtalarida Tolibon Kobulni egallab olganidan buyon bir necha viloyatlarda 40 ga yaqin portlash va boshqa hujumlarni uyushtirib, yuzlab odamlarni o'ldirdi va yaraladi.
So’nggi yirik xuruj juma kuni Qunduz viloyatining shimoli-sharqida sodir bo'lgan. IShID terrorchi guruhining xudkushchi vakili shia musulmonlari to'plangan masjid ichida o’zini portlatib yuborgan. Natijada 50 dan ortiq namozxon halok bo'lgan, 150 kishi jarohatlangan.
Vashington kelajakda Afg’onistonda terrorizmga qarshi operatsiyalarni o'tkazish uchun mavjud imkoniyatlarni ko’rib chiqayotganini bildirdi. Biroq Tolibon AQSh bilan IShIDga qarshi kurashda hamkorlik qilmasligini ta’kidladi. Guruhga ko’ra, ularning kuchlari tahdidni bostirishga qodir va oxirgi operatsiyalarda IShIDning ba'zi bazalari va jangarilari zararsizlantirilgan.