Jahongir Otajonov rejimga qarshi kurashayotgan qahramonmi yoki siyosiy populist? Atoqli qo’shiqchi san’atni tark etib siyosiy maydonga kirishi, muxolifat safiga qo‘shilishi ortidan o’zbek jamoatchiligida bu savol munozarasi tinmaydi.
“Amerika Ovozi”ning bugungi suhbatdoshi Jahongir Otajonov. Otajonov bilan suhbatimizga so’nggi paytda unga nisbatan bosimlar tiklangani, ichki ishlar tomonidan so‘roqqa chaqirilayotganiga doir xabarlar turtki berdi.
Bu xabarlar asossiz emas. Avvalroq yaqinlarining bosimi ostida siyosiy faoliyatini vaqtincha to’xtatib turishga, prezidentlikka o’z nomzodini qo’ymaslikka majbur bo’lgan Otajonov ijtimoiy tarmoqlarda prezidentlik saylovlariga doir mulohazalarini bildirar ekan, tahdidlar o’zini kuttirib qo’ymagan.
Kuch ishlatar idoralar Otajonovni “chegarani” buzishda ayblashmoqda. Gap davlat chegarasi haqida emas, balki Otajonovning siyosiy faoliyatiga qo‘yilgan chegara, tortilgan qizil chiziqlar haqida bormoqda.
Bu chegara qanday sharoitda, qanday shartlar asosida tortilganini Otajonovning o’zi ham ochiqlamaydi, chunki ichki ishlar boshqarmasida o’tgan suhbat tafsilotlarini jamoatchilikka oshkor qilmaslik va’dasini bergan.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashar ekan, Jahongir Otajonov va’dasiga sodiq qolishini, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasida o’tkazilgan suhbat tafsilotlarini ochiqlamasligini bildirdi. Ammo uning ta’kidlashicha, u kuch ishlatar idoralarga siyosatga aralashmaslik va’dasini bermagan.