Tolibon hukumatida Tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi delegatsiya 14-oktabr, payshanba kuni Anqarada Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho‘g‘li bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida bayonot bilan chiqqan Chovusho‘g‘li Tolibonga bir qator tavsiyalar berilganini aytdi.
“Biz g‘arbliklar singari baland ohangda, xuddi dars berganga o‘xshab, oldindan shartlar qo‘yib emas, ahamiyatini tushuntirgan holda tavsiyalar berdik”, – dedi vazir.
Turk tomoni afg‘on hukumatida turli millatlar vakillari bo‘lishi, qizlar ta’lim olish va ayollar ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini aytgan. Tolibon delegatsiyasi esa sog‘liqni saqlash sohasida ayollar yana ishlay boshlaganini ma’lum qilgan.
Mevlut Chovusho‘g‘li Afg‘oniston iqtisodiyoti tanazzulga uchramasligi zarurligini ta’kidladi va Ag‘onistonning xorijiy mamlakatlarda muzlatib qo‘yilgan pullari haqida Tolibon delegatsiyasi ma’lumot berganini bildirdi. Uchrashuvda Afg‘onistonga muntazam aviareyslarni qaytadan boshlash, terrorchilikka, xususan, IShIDga qarshi kurash va afg‘onistonlik qochqinlar masalasi ham muhokama etildi.
“Bizda va boshqa davlatlarda juda ko‘plab afg‘onistonlik qochqinlar bor, – dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri. – Ulardan ba’zilari Afg‘onistonga qaytishni istaydi. Tolibon tomoni bu odamlar o‘z yurtiga qaytishi uchun yordam berishini aytyapti. Qo‘shimcha qochqinlar oqimi bo‘lmasligi uchun nimalar qilish kerakligini bugun gaplashib oldik”.
Buni ham ko'ring Turkiya Tolibon bilan til topisha oladimi?Chovusho‘g‘liga ko‘ra, Tolibon delegatsiyasi Anqaradan gumanitar yordam va Afg‘onistonga investitsiyalarni davom ettirishni so‘ragan. Turkiyalik vazir yaqinda Afg‘onistonga 33 tonna gumanitar yordam yuborilganini va yana yuborilishini aytdi.
Tolibon delegatsiyasining juma kuni Turkiya Qizil yarimoy jamiyatidagi uchrashuvining asosiy mavzusi ham gumanitar yordam bo‘ldi.
“Afg‘onistonda yana urush boshlanadi…”
Asli Afg‘onistonning Faryobidan bo‘lgan, hozir Istanbulda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Umid Yurtdosh Turkiyaning Afg‘oniston taqdiriga befarq emasligidan mamnunligini aytadi.
“Lekin toliblarni tanib bo‘lmay qoldi, – deydi u. – Hozir ular xalqaro maydonda tan olinish uchun sipo ko‘rinishyapti, menimcha, bu narsalar xo‘jako‘rsinga. Chunki 1996-2001-yillarda Tolibon nima ishlar qilganini hamma yaxshi biladi, 2001-yildan keyin nimalar bilan shug‘ullanganini ham bilamiz. Oxirgi bir-ikki oy ichida qilgan ishlari esa insonni taajjubga soladi: qanday qilib bunchalik o‘zgarish mumkin?.. Bu ularning shunchaki rejasimi? Yoki yaxshi ko‘rinishga majbur bo‘lishyaptimi?.. Chunki ular hokimiyatni birinchi marta egallaganida butunlay boshqa narsalarni qilgan. Hozirgi ko‘rinishini ular qanchalik uzoq vaqt saqlab qoladi? Yoki hozirgi davr shartlariga moslashishlariga to‘g‘ri kelyaptimi?.. Buni, albatta, vaqt ko‘rsatadi”.
Yurtdoshga ko‘ra, toliblar Anqaraga safardan birinchi navbatda xalqning emas, o‘zlarining manfaatini ko‘zlagan.
“Chunki ular tan olinishni istayapti. Ularning safari bilan, masalan, afg‘onistonlik o‘zbeklarning hayoti yaxshi tomonga o‘zgarib qolmaydi. Qaytanga vaziyat yomonlashdi, o‘zbek tilining rasmiy maqomi olib tashlandi. Oldingi davrdagidek hozir ham millatchilik bor, “pashtunizm” degan g‘oya bor. To‘g‘ri, Tolibon safida ham o‘zbek jangchilar borligi ma’lum, biroq o‘zbeklar boshqaruvga yaqinlashtirilmaydi”, – deya tushuntiradi u.
Shibirg‘onlik 24 yashar Gul Ahmad Inon esa Tolibon hokimiyati nari borsa ikki-uch yil davom etadi degan fikrda. Unga ko‘ra, ayni paytda toliblarda davlatni boshqarish uchun yetarli malaka ham, resurs ham yo‘q.
“Iqtisodiyot butkul izdan chiqib, xalq yanada qashshoqlashib, turmush tarzi yanada yomonlashsa, odamlar g‘alayon ko‘taradi, qarabsizki, yana fuqarolar urushi boshlanadi”, – deydi u.
Gul Ahmad ayni paytda Turkiyaning Ushak universitetida davlat boshqaruvi yo‘nalishida 4-kurs talabasi. U o‘qishni tugatgach, Afg‘onistonga qaytmoqchi, o‘z sohasida ishlamoqchi edi. Hozir esa nima qilishni bilmayotganini aytad. Chunki Afg‘onistonda davlat degan narsaning o‘zi qolmadi, deydi u.
Gul Ahmadning akasi Afg‘onistondagi litseyda dars beradi, biroq to‘rt-besh oydan beri maosh olgani yo‘q. Opasi Juzjon universitetida ishlar edi, lekin toliblar uni ishdan bo‘shatgan, hozir chet elga ketishga harakat qilyapti.
“Bizning kelajagimiz yo‘q, Afg‘onistonga borsam, qo‘limda diplom, oldi-sotdi bilan shug‘ullansam kerak, toliblar baribir meni ishga olishmaydi, chunki o‘zlarining odamlarini olishadi, – deya umidsizlikka beriladi afg‘onistonlik yigit. – Hozir boshqa davlatlar ham, xalqaro hamjamiyat ham o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda harakat qilyapti. Kuni kecha Tolibonning kattalarini terrorchi deb e’lon qilishgan edi, bugun esa ular bilan uchrashib yurishibdi. O‘zi davlatlarning orasida do‘stlik bo‘lmaydi, faqat manfaat bo‘ladi. Hamma o‘zini o‘ylaydi-da”.