Afg'oniston bo'yicha AQSh vakili Zalmay Xalilzod vazifasidan ketdi

  • Amerika Ovozi

Zalmay Xalilzod AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili sifatida sobiq prezident Donald Tramp hamda amaldagi rahbar Jo Bayden davrida uch yil faoliyat ko’rsatdi.

AQShning Afg’oniston bo’yicha rasmiy vakili Zalmay Xalilzod AQSh Afg’onistonni tartibsiz tarzda tark etishidan ikki oy o’tib o’z vazifasini topshirmoqda. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.

Xalilzodning o’rnini uning o’rinbosari Tomas Vest egallaydi.

“Amerika xalqiga qilgan o’nlab yillik xizmati uchun unga o’z minnatdorligimni bildiraman”, - dedi Blinken Xalilzod haqida.

Xalilzod AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili sifatida sobiq prezident Donald Tramp hamda amaldagi rahbar Jo Bayden davrida uch yil faoliyat ko’rsatdi.

Bundan avval u sobiq prezident Jorj Bush ma’muriyatida BMT, Iroq va Afg’onistonda AQSh elchisi bo’lib ishlagan.

Afg’onistonda tug’ilib o’sgan Xalilzod 2018-yil afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida boshlangan muzokaralardagi roli yuzasidan turli tanqidlarga uchrab keladi.

Xalilzod hokimiyatni o’zaro bo’lishish bo’yicha tomonlarni murosaga keltira olmadi, ammo 2020-yil fevralda AQSh va Tolibon o’rtasida tinchlik sulhi tuzilishiga erishdi. Ayni shu kelishuv asosida Vashington o’z askarlarini 2021-yil may oxirigacha olib chiqishi belgilangan edi.

Jo Bayden Oq uyga kelishi bilan askarlarni olib chiqish sanasi maydan sentabrga ko’chirildi. Tolibon Kobul tevaragini egallab olishi ortidan esa Vashington kuchlarni mamlakatdan chiqarishni tezlashtirib, avgustning so’nggi kunlarida tartibsiz ravishda amerikaliklarni va AQSh bilan birga ishlagan minglab afg’on hamkorlarini evakuatsiya qildi.

Blinkenga qilgan yozma murojaatida Xalilzod Tolibon va AQSh qo’llovidagi Kobul hukumati o’rtasida o’zaro hokimiyatni bo’lishish bo’yicha kelishuvni amalga oshira olmaganini tan olgan.

“Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasidagi siyosiy kelishuv kutilganidek yuz bermadi”, - deb yozdi Xalilzod.

“Buning sabablari juda murakkab. Kelasi kun va haftalarda bu haqdagi o’ylarimni baham ko’raman”, - deya qo’shimcha qildi u.

Buni ham ko'ring Halilzod: Tolibon kuch bilan hokimiyatga kelsa, Afg'oniston dunyodan uziladi

Xalilzod Tolibon va Vashington o’rtasida tuzilgan bitimni himoya qildi. Uning aytishicha, Tolibonning mamlakatni egallab olishi bitimdagi xatolar tufayli emas, balki Tolibon bitim shartlarini buzishiga qaramay, Tramp va Bayden ma’muriyati askarlarni olib chiqish qarorini o’zgartirmagani natijasida yuz bergan.

Xalilzodning yozishicha, Tolibon Kobul bilan hokimiyatni bo’lishish masalasida to’g’ridan to’g’ri muzokara olib borishga rozi bo’lgan. Shuningdek, Tolibon bitim shartlariga rioya qilganidan keyin AQSh 14 oylik muddat ichida askarlarni olib chiqishga va’da bergan.

Afg’oniston bo’yicha AQSh siyosati yangi bosqichga ko’tarilar ekan, hozir o’z vazifamni topshirishimning ayni vaqti, deya qo’shimcha qildi sobiq elchi.

Kolumbiya universiteti sobiq professori Xalilzod Karter ma’muriyati davrida AQSh hukumati uchun ishlashni boshlagan. O’sha paytda AQSh sovetlar bosqiniga qarshi afg’on mujohidlarini qo’llab-quvvatlashni boshlagan edi.

Xalilzod o’rniga kelayotgan Vest Prezident Baydenning uzoq yillik hamkori hisoblanadi. U Bayden bilan vitse-prezidentik paytida birga ishlagan.