AQSh Davlat departamenti O'zbekistonda o'tgan prezidentlik saylovi yuzasidan bayonot chiqardi. Unda Qo'shma Shtatlar O'zbekiston xalqining prezidentlik saylovida ovoz berish huquqidan foydalanishini qo'llab-quvvatlashi, saylov jarayoni bo'yicha Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) kuzatuv missiyasi xulosalariga qo'shilishi qayd etilgan. Ushbu xulosalarda saylov tinch va fuqarolarning faol ishtiroki bilan, lekin cheklangan siyosiy muhitda o'tgani aytiladi.
"AQSh O'zbekiston hukumatining Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi (YXHT DIIHB) kuzatuv missiyasi bilan yaxshilangan hamkorlikka ega ekanini olqishlaydi hamda hukumatni saylovlar, fuqarolik va siyosiy huquqlar bo'yicha YXHT tavsiyalarini amalga oshirishga chaqiradi", - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
"O'zbekiston hukumati bilan shu va boshqa ko'plab o'zaro hamda mintaqaviy ahamiyatga ega bo'lgan masalalarda muntazam aloqada bo'lishni davom ettiramiz", deya xulosa qilinadi bayonotda.
Markaziy saylov komissiyasining tasdiqlashicha, 24-oktabr kuni o'tgan saylovda Liberal demokratik partiyadan nomzod, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz bilan g'olib chiqqan.
Buni ham ko'ring YXHT: Islohotlarga qaramay O'zbekistonda saylov demokratik deb topilmadiXalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova 6,6 foiz; "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi vakili Alisher Qodirov 5,5 foiz; Ekologik partiyadan Narzullo Oblomurodov 4,1 foiz va "Adolat" sotsial demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov 3,4 foiz ovoz olgan.
YXHT kuzatuv missiyasida uzoq muddatli va qisqa muddatli 255 kuzatuvchi, YXHT Parlament Assambleyasidan 99 ekspert, Yevropa Parlamentidan 12 vakil – jami 44 mamlakatdan 366 kuzatuvchi qatnashgan.
Kuzatuvchilar xulosasiga ko'ra, mamlakatda saylov jarayoni tinch va fuqarolarning yuqori darajadagi ishtiroki bilan o'tgan, ammo haqiqiy erkin siyosiy muhit va raqobat mavjud emas. Shuningdek, ovoz berish jarayonida bir qator saylov uchastkalarida qoidabuzarliklar qayd etilgan.