Hisobot: Pekin uyg'urlarni nazorat qilishning mukammal tizimini qurgan

  • Amerika Ovozi

Shinjon viloyatining Xotan shahrida xitoy tilida yozilgan propaganda shiorlari, 2021-yil, 22-mart

Shu hafta e’lon qilingan yangi hisobotga ko’ra, 2014-yildan beri Shinjonda uyg’urlar va boshqa mahalliy etnik guruhlarni tazyiqda ushlab turuvchi repressiv tizimni qurishda Xitoyning 170 dan ortiq hukumat, harbiy, yarim harbiy va gibrid ma’muriy tashkilotlari ishtirok etgan.

Avstraliya va AQSh tomonidan moliyalanuvchi Avstraliya Strategik siyosat instituti xitoy tilidagi minglab manbalarni, xususan, sizib chiqarilgan politsiya va hukumat moliyaviy hujjatlarini o’rganish natijasida shunday xulosaga kelgan. Ilgari hech qayerda chop etilmagan hujjatlar asosida tayyorlangan hisobotda Shinjonda uyg’urlar va boshqa mahalliy xalqlarga jabr-zulm o’tkazish bo’yicha Xitoy Kommunistik partiyasi qo’llagan uslublar fosh etilgan.

82 betli tadqiqot natijalariga ko’ra, Prezident Si Zipin boshchiligidagi markaziy hukumatdan tortib Shinjondagi mahalla komitetlarigacha bo’lgan ma’muriy tuzilmalar uyg’urlarga qarshi olib borilgan siyosat ijrosida faol ishtirok etgan.

“Uyg’urlarga qarshi kampaniya Mao davridagi siyosiy harakatga juda o’xshash. Ommaviy lagerlarga tashlash va majburiy mehnatdan tashqari, Shinjon fuqarolari ommaviy sudlar, oshkora rad etish yig’inlari, vafodorlik ahdi, propaganda ma’ruzalari, Si Zinpinga yaxshi sog’lik tilash marosimlari kabi siyosiy teatr sahnalarida ham rol o’ynashga majburlanadi”, - deyiladi hisobotda.

Buni ham ko'ring Xitoy: Uyg'ur darsliklarida "ekstremistik g'oyalar" bor

Shu yo’l bilan ular go’yoki odamlar orasida yashirinib yurgan ichki dushmanlar – “ikki yuzlamachi odamlar” va “uch yovuz kuchlar”ga qarshi kurash olib boradi, deya qo’shimcha qiladi hisobot.

Pekinga ko’ra, uyg’urlar va boshqa etnik xalqlar orasidagi terrorchilar, ayirmachilar va diniy ekstremistlar “uch yovuz kuchlar”ni tashkil etadi. “Ikki yuzlamachi odamlar” esa Xitoy Kommunistik partiyasiga sodiq bo’lmagan rasmiylardir.

Hisobotning qayd etishicha, “Shinjonni va uning mahalliy aholisini transformatsiya qilishga qaratilgan tizimli harakat hamda uyg’ur jamiyatidagi radikalizmga qarshi Pekin siyosati” 2014 – 2021-yillarda Shinjonda olib borilgan aksil-terror va qayta tarbiyalash kampaniyalarida o’z aksini topgan.

“Mahalliy darajada cheksiz nazorat”

Uyg’urlarga qarshi Pekin joriy etgan siyosat Shinjondagi mahalliy rasmiylarga fuqarolarning harakatini va hatto hissiyotlarini kuzatish bo’yicha juda keng vakolatlar bergan. Hayotdan tushkunlik haqida ijtimoiy tarmoqlarga qo’yilgan ba’zi postlar politsiya tomonidan barqarorlik uchun tahdid sifatida topilgan.

“Shinjonni jamiyatlarga tayanib nazorat qilish mexanizmi ommani safarbar etish orqali norozilik va beqarorlikni yo’q qilish hamda jamiyatning eng quyi qatlamlarida ham partiya ustunligini ta’minlashga qaratilgan milliy harakatning bir qismidir”, - deyiladi hisobotda.

“Hisobot uydirma”

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Avstraliya Strategik siyosat instituti chiqargan hisobotni “uydirma” va “tuhmat” deb atadi.

“O’z obro’sini yo’qotgan bu tashkilot faktlarga asoslanmagan va akademik tadqiqot olib borishning professional etikasiga rioya qilmagan. U to’qib chiqargan uydirmalar, xususan, majburiy mehnat haqidagi yolg’onlar hech qanday asosga ega bo’lmagan tuhmat ritorikasidan boshqa narsa emas” – dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.

Buni ham ko'ring 40 dan ortiq davlat Xitoyning uyg'urlar siyosatini qoraladi

O’tgan hafta BMTga qilingan rasmiy yozma murojaatda 40 dan ortiq davlat Xitoyning Shinjon yarim muxtor viloyatida uyg’urlar va boshqa turkiy musulmon elatlarga nisbatan yuritilayotgan tazyiq siyosatidan jiddiy xavotir bildirgan edi.

“Inson huquqlarining umumiy va tizimli tarzda poymol qilinishi, qiynoq, majburiy bichish, jinsiy zo’ravonlik hamda bolalarni majburan ota-onasidan ajratish holatlari bor. Din, harakat, ifoda erkinligi hamda uyg’ur madaniyati keskin cheklovlarga uchragan”, - deyiladi 43 mamlakat imzo chekkan ushbu hujjatda.

Xitoyning BMTdagi elchisi guruh ayblovlarini “mutlaqo asossiz” deya rad etdi.

“BMT va boshqa ba’zi davlatlarga aytib qo’yay: sizning bir pulga qimmat yolg’onlaringizda hech qanday asos mavjud emas. Shinjonda barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik hukmron va Xitoy xalqlarining hayoti kundan kunga yaxshilanib bormoqda”, - dedi Xitoy elchisi Tsan Jun.