Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining payshanba kuni e'lon qilgan hisobotida qayd etilishicha, dunyo bo’ylab jurnalistlarning qotillari ko’pincha jazosiz qolmoqda.
So'nggi o'n yil ichida qo’mita 278 jurnalistning o’ldirilganini aniqlagan. Ushbu holatlarning 81 foizida hech kim jinoyatga aloqadorlikda ayblanmagan.
"Bu jurnalistika uchun dahshatli xabar, chunki jurnalistning ovozini o'chirmoqchi bo'lgan har qanday hukumat, jinoiy to'da bir necha ming dollar evaziga qotilni yollashi mumkin", - deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ijrochi direktori o'rinbosari Robert Mahoni.
Bu yilgi indeksda, odatdagidek, Somali, Suriya va Iroq jurnalistlarning qotillarini javobgarlikka tortish ehtimoli eng kam bo'lgan davlatlar ro'yxatida peshqadam. Vaziyat eng yomon besh davlatning barchasi urushdan keyingi siyosiy beqarorlikni boshdan kechirayotgan hududlar.
Hisobotga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida urushdan vayron bo‘lgan Somalida turli sabablarga ko‘ra zo‘ravonlik bilan halok bo‘lgan 70 ga yaqin jurnalistdan 25 nafarining o‘limi sabablari va qotillari aniqlanmagan.
Afg'onistonda xavf kuchaymoqda
Afg‘oniston bu ro‘yxatda beshinchi o‘rinni egalladi: bu yerda so‘nggi o‘n yil ichida kamida 17 nafar jurnalist, jumladan, “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosida ishlagan kamida to‘rt nafar jurnalist o‘limiga oid jinoyat ishi yakuniga yetmagan.
So'nggi bir yilda mamlakat yanada xavfli tus oldi, deydi qo’mita.
Tolibon mamlakatda nazoratni qo'lga kiritgach, ko’plab jurnalistlar xorijga qochgan.
Qo’mitaga ma’lum xabarlarga ko’ra, Afg’onistonda jurnalistlardan kamida ikkitasi oʻlimidan oldin Tolibondan tahdid olgan. Afg'oniston jurnalistlari xavfsizlik qo'mitasining aytishicha, Tolibon kamida 27 ta qotillikda gumon qilinadi.
Afg'oniston jurnalistlar o’limi bo’yicha aybdorlar topilmagan mamlakatlar indeksida doimiy ravishda beshinchi o'rinni egallab keladi. Tashkilotning ta’kidlashicha, avgust va sentabr oylarida yuzlab jurnalistlar mamlakatni tark etgan.
“Mamlakatning indeksdagi oʻrni oʻzgarmagan boʻlsa-da, jurnalistlar uchun vaziyat 2021-yilda keskin yomonlashdi, chunki avgust oyi oʻrtalarida AQSh va koalitsiya kuchlari olib chiqib ketilishi va prezident Ashraf Gʻanining qochib ketishi fonida Tolibon nazoratni qoʻlga kiritdi”, deyiladi hisobotda.
"Tergov qilish va jazoga tortish uchun adliya tuzilmalari sezilarli darajada zaiflashgan, agar butunlay boy berilmagan bo'lsa. Hal qilinmagan ishlarning birortasi adolatli yakun topishi dargumon", - deydi Mahoni.
So‘nggi oylarda Afg‘onistondagi jurnalistlar va mamlakatni tark etganlar ko‘plab hamkasblari bedarak yo‘qolganini aytmoqda.
"200 dan ortiq jurnalist va fuqarolik jamiyati faollarining qayerda ekani ma'lum emas", - deydi “Pajhwok Afghan News” nashrining Pokistonga qochgan muxbiri Sitorai Karimi sentabr oyida "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
“Bu jurnalistlarning xavfsiz emasligini ko’rsatadi”, - deya qo’shimcha qiladi u.
Afg‘on jurnalistlarini himoya qilish markazining xavfsizlik yuzasidan Kanadaga qochgan direktori Farida Nekzod shu oy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Tolibon kuchlari Afg’onistonda jurnalistlarning idoralari va uylariga bostirib kirgan.
Buni ham ko'ring Afg’onistonda matbuot bosim ostida, muxbirlar mamlakatdan qochmoqda"Hech kim bu masalalarni ko'tarmaydi, chunki qo'rqishadi", - deydi u.
"Hech qanday kafolat yo'qligi sababli, ular kechagi voqea haqida gapirishsa, "bugun kechqurun kelib bizni olib ketishadi va biz yo'q bo'lib ketamiz" deb o'ylashadi", - deya qo’shimcha qildi Nekzod.
Afg'onistondan qochgan yoki ketishga urinayotganlar orasida AQSh Global media agentligi tarmoqlari jurnalistlari, jumladan, "Amerika Ovozi" muxbirlari ham bor.
"Jurnalistika uchun saraton"
Jurnalistlarga tahdid qilgan va o‘ldirganlar kamdan-kam hollarda javobgarlikka tortilgani bois jurnalistlar orasida qo‘rquv va o‘z-o‘zini senzura qilish kuchaygan, deydi Mahoni.
"Jazosizlik - bu jurnalistika saratoni. Bu jurnalistlarning o'zlarini senzura qilishiga olib keladi, chunki ular qorong'u joylarga nur sochib qo'ysalar, o'z hayotlaridan qo'rqib yashaydilar, - deydi u. - Jurnalistning qotili ozodlikda ekan, bu mamlakatda jurnalistika xavf ostida".
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi o'n yil oldin o'zining birinchi yillik jazosizlik indeksini e'lon qilganidan beri yuqori o'rinlarni egallagan ko'plab mamlakatlarda vaziyat yaxshilangani yo'q. Ammo matbuot erkinligi himoyachilarining aytishicha, qotillarni javobgarlikka tortmaydigan davlatlarga nisbatan bosim va monitoringni davom ettirish zarur.
"Menimcha, bu narsalarni qanday bo'lsa, shunday nomlash va ularni ko'proq jamoatchilik orasiga olib chiqish foydalidir", - deydi xalqaro huquqshunos va Gernika xalqaro adolat markazi direktori Almudena Bernabeu "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalq tribunali
Bernabeu Gaagada jurnalistlarning o'ldirilishini tergov qiladigan yangi Xalq tribunalining bosh prokurori etib tayinlangan. Birinchi sud majlisi 2-noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuniga belgilangan.
Tribunal hech kimni jazolash yoki hukm qilish vakolatiga ega bo'lmaydi, biroq ishtirokchilarning ta'kidlashicha, vaziyat va gumondorlarni o'rganish jarayoni, hatto hukumat rahbarlarining o'zlari sudga kelmasa ham, butun dunyo bo'ylab matbuot erkinligining yaxshilanishiga foyda keltiradi.
"Bu sharmanda qilish masalasi. Ochiq ovozda mas'uliyatsiz mamlakat yoki tergovga e'tibor bermagan muayyan rasmiylar nomini fosh qilsangiz, bunda katta kuch bor", - deydi Bernabeu.
Mas’ullarni sharmanda qilish va jamoatchilik e'tiborini oshirish jazosizlik indeksini chiqarishning asosiy maqsadlari hisoblanadi.
"Jazosizlik indeksi halok bo'lgan hamkasblarimizni unutmasligimiz haqida xabar beradi", - deydi Mahoni.
“Biz o‘z kasbini ado etish chog‘ida o‘ldirilgan jurnalistlar uchun adolat izlashga bel bog‘laganmiz”, — deya qo’shimcha qiladi u.