Davlat departamenti va Mudofaa vazirligining evakuatsiya haqidagi va’dalariga qaramasdan AQSh Global Media Agentligining (AGMA) 100 dan ziyod xodimlari va kontraktorlar oilalari bilan birga hanuz Afg’onistonda qolmoqda.
“Amerika Ovozi”ning muvaqqat direktori Yolanda Lopezga ko’ra, mamlakatni tark etishni istagan xodimlarni olib chiqish va ularga yordam berish sa’y-harakatlari davom etmoqda.
“O’tgan bir necha hafta mobaynida hamkasblarimizni Afg’onistondan xavfsiz joyga ko’chirish harakatlarimiz natija bermaganidan hafsalamiz pir. Har kuni turli xil variantlarni ko’rib chiqqan bo’lsak-da, sanoqsiz to’siq va muammolarga duch keldik”, - deyiladi “Amerika Ovozi” bayonotida.
“Bu erkak va ayollar “Amerika Ovozi” jamoasining bir qismi va bu to’siqlar bizni to’xtatmaydi”.
AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning ta’kidlashicha, jurnalistlarni avvaliga harbiy samolyotda, so’ngra charter reyslar bilan Afg’onistondan olib chiqish prioritet deb belgilangan edi, biroq Kobul aeroportidagi portlashdan keyin rejalar o’zgargan.
“Ularni evakuatsiya qilish ustida ish ketayotgan payt aeroportga hujum qilindi. Afsuski, shundan keyin operatsion muhit o’zgardi. 31-avgustgacha bu shaxslarni xavfsiz joyga ko’chirishga shu voqea halaqit berdi”, - deydi Prays.
Uning aytishicha, jurnalistlar evakuatsiyasi departament e’tiborida, biroq Prays mamlakatni hamon tark etishga umid qilayotganlarga qanday ko’rsatmalar berilayotganiga to’xtalmadi.
Tolibon omma oldidagi chiqishlarida mamlakatdan ketmoqchi bo’layotgan va tegishli hujjati bor afg’onlar keta oladi, deya va’da bergan. Ammo guruh ilgari jurnalistlarni nishonga olgani sir emas.
Jurnalistlarga “Islomiy davlat” kabi guruhlar ham xavf soladi. O’tgan uch yilda AGMAning kamida to’rt muxbiri Afg’onistonda o’ldirilgan.
“Mamlakatni tark etishni istagan jurnalistlarimiz va ularning oilalariga yordam berishga, ularni olib chiqish uchun harakatni davom ettirishga bel bog’laganmiz”, - deydi “Amerika Ovozi” rahbari.
AQSh hukumati va boshqa tashkilotlar bilan bu masala yuzasidan hamkorlik qilayotgan AGMA rasmiylari jurnalistlarni xavf ostiga qo’ymaslik uchun bundan ortiq ma’lumot bermaydi.
Professional jurnalistlar uyushmasi bilan intervyuda Yolanda Lopez jurnalistlar xavf ostida ekanini aytdi.
“Tolibon rahbarlari bergan va’dalarga ishonishni istaymiz. Lekin so’nggi kunlarda toliblar yashiringan jurnalistlarimizning bir nechasini qo’lga olishga uringani tasdiqlandi. Ularning oila a’zolariga nisbatan bir necha zo’ravonlik hollari bo’lgan”, - deydi Lopez.
AGMA mustaqil federal agentlik bo’lib, “Amerika Ovozi” qatorida yana bir necha OAVni boshqaradi, jumladan “Ozodlik” radiosini.
“Amerika Ovozi” Afg’on xizmati 1980-yildan buyon mamlakatga yangilik va axborot uzatib keladi. 2001-yilda AQSh Afg’onistonni bosib olishi arafasida xizmat Tolibon sobiq rahbari Mulla Umardan intervyu olgan edi.
Facebook Forum