Tojikistonda norozilik namoyishi davom etmoqda

Tog'li Badaxshonda halok bo'lgan shaxs jasadini namoyishchilar viloyat markaziga olib keldi. 26-noyabr, 2021.

Tojikistonda norozilik namoyishi ishtirokchilari soni ortib bormoqda. Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining ma’muriy markazi Xorug‘ shahrida 27-noyabr - namoyishlarning uchinchi kuniga kelib ishtirokchilar soni 5 ming nafardan oshgan.

Namoyishchilarning asosiy talabiga ko’ra, “mahalliy fuqarolarning harbiylar tomonidan otib o‘ldirilishi hodisasi ustidan zudlik bilan adolatli tekshiruv olib borilishi va gunohkorlar o‘z qonuniy jazosini olishi” kerak.

Namoyishchilar viloyat ma’muriyati binosi oldiga ikki nafar halok bo‘lganlar murdasini ham kelgan. 26-noyabr kuni namoyish paytida yana bir kishi harbiylar o‘qidan halok bo‘lgan. Yaralanganlar 15 nafardan oshganligi aytilmoqda.

Xorug' tumani

27-noyabr kuni Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati raisi general Mirzanabotov namoyishchilar bilan muloqot qildi. Ammo bu muzokara otishma bilan yakun topdi.

25-noyabr kuni Tog‘li Badaxshonning Roshtqal’a tumaniga qarashli Tavdem qishlog‘ida yashaydigan ikki nafar mahalliy fuqaro Gulbiddin Ziyobekov va Gulnazar Murodbekov harbiylar tomonidan otib o‘ldirilishi ortidan boshlangan norozilik namoyishi tarafdorlari ko‘payib bormoqda.

26-noyabr kuni Xorug‘ shahar markazidagi viloyat ma’muriyati binosi oldida namoyishga chiqqanlar va harbiylar o’rtasida qurolli to‘qnashuv bo‘lgan. Natijada, bir nafar fuqaro To‘tisho Amirshoyev halok bo‘lgan. Besh nafar harbiy yaralangan.

Mahalliy fuqarolar orasidan jarohat olganlar soni 15 nafardan oshgan. Namoyishlarning uchinchi kuni viloyat raisi general-mayor Alisher Mirzanabotov namoyishchilar oldiga chiqib muloqot qildi. U Gulbiddin Ziyobekov va Gulnazar Murodbekovlarning o‘ldirilishi tekshirilishiga va’da bergan. Ammo namoyishchilar uning so‘zidan qoniqmay, general-mayorning iste’fosini talab qilgan.

Muzokara qo‘riqchilar mahalliy fuqarolarni o‘qqa tutishi bilan yakun topgani xabar qilindi. Hukumat Tog‘li Badaxshonga qo‘shimcha harbiy kuchlar yuborgan. Xorug‘ shahar markazi uch kundan beri namoyishchilar va harbiylar bilan gavjum.

Tog'li Badaxshon ma'muriy binosi qarshisida namoyish. 26-noyabr, 2021.

26-noyabr kuni Moskvadagi Tojikiston elchixonasi va Nyu-York shahridagi BMT Bosh assambleyasi binosi, Yevropaning bir qator davlatlarida ham tojikistonliklar pomirliklarga qarshi qurolli bosimni to‘xtatishni talab qilib namoyishga chiqdi.

Guvohlarning aytishicha, 27-noyabr kuni Dushanbe shahrida ham norozilik namoyishi o’tgan. Kelib chiqishi Tog‘li Badaxshondan bo‘lgan fuqarolar rasmiy namoyish o‘tkazish uchun ruxsat so‘rab, hukumatga murojaat qilgan. Ammo rozilik berilmagan.

Tojikiston qonunlariga asosan, namoyish tashkil qilish uchun rasman ruxsat olish talab qilinadi. Faollarning aytishicha, Xorug‘ shahridagi namoyishchilar ham keyinchalik taqibga uchramaslik uchun namoyishga ruxsat so‘rab, davlat organlariga murojaat qilgan. Ammo hozircha javob ololmagan.

25-noyabr kuni yuz bergan voqealar haqida Tog‘li Badaxshon prokuraturasi ma’lumotlariga tayanib “Xovar” davlat axborot agentligida e’lon qilingan materialda marhum Ziyobekov Gulbiddin Ziyobekovich “jinoyatchi” deb ataladi va unga nisbatan “Tojikiston Jinoyat kodeksining ikki moddasi bilan jinoiy ish ochilib, qidiruvda” bo‘lganligi aytiladi.

Shu kuni “qo‘lga olinishi uchun uyushtirilgan amaliyot paytida organ xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatib, noqonuniy saqlangan “Makarov” rusumli to‘pponchasidan o‘q uzganligi va javob o‘qidan yaralangani” aytiladi. Xabarda Ziyobekovning qachon va qayerda halok bo‘lgani oshkor qilinmagan.

Jamoatchilik tomonidan Gulbiddin Ziyobekov va prokuratura o’rtasidagi ziddiyat tarixi 2020-yilning boshlarida yuz bergan voqea ekani aniqlangan. Unga ko‘ra, prokuratura xodimi mahalliy qizlardan biriga tegajog’liq qilishi ortidan qishloq erkaklari uni aybiga iqror bo‘lishga va ommaviy uzr so‘rashga majbur qilgan. Uzr murojaatini videoga olib tarqatib yuborgan.

Mojarolar Tog‘li Badaxshonning o‘sha paytdagi viloyat raisi Yodgor Fayzov aralashuvi bilan hal bo‘lgan. Ammo joriy yilning 5-noyabr kuni Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon farmoni bilan Yodgor Fayzov viloyat raisligidan olinib, uning o‘rniga ilgari Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari vazifasida ishlagan va oxirgi paytlar Xorug‘ shahar raisi bo‘lgan general-mayor Alisher Mirzanabotov tayinlangandan so‘ng mojaro qayta qo‘zg‘algan.

Alisher Mirzanabotov 25-noyabr kuni viloyatning Murg‘ob tumanida bo‘lganligi va voqeadan xabari yo‘qligini aytgan. Ammo tahlilchilar fikricha, mahalliy fuqarolar va Pomirning norasmiy yetakchilari orasida yangi tayinlangan raisga hurmat kuchli emas. Bu holat hokimiyat va xalq orasida inqirozni qayta kuchaytirishi mumkin.

Bundan oldin ham bir-necha bor viloyat rahbariyati va yetakchilar orasida ziddiyat kuchayishi holatlari kuzatilgan edi. Inqirozlar ortidan uch yil oldin mamlakat prezidenti Tog‘li Badaxshon viloyatiga Og‘oxon Fondining Tojikistondagi rahbari Yodgor Fayzovni rais etib tayinlagandi. Ammo joriy yilning 5-noyabr kuni Prezident Emomali Rahmon Fayzovni vazifadan olish haqida farmonni imzoladi.

Odatda, viloyat, shahar va tuman raislari besh yil ishlashi an’anaga aylangan. Ammo Fayzovning to‘satdan ishdan olinishi sababi ochiqlanmadi. Uning o‘zi ham jurnalistlar bilan suhbatda sababini bilmasligini aytdi. Tahlilchilar xalq orasida katta hurmatga ega bo‘lgan Yodgor Fayzov hukumat uchun o‘tish davrini o‘tab beradigan vositachi sifatida kerak bo‘lganini aytmoqda.

Jurnalist va siyosiy sharhlovchi Olim Sherzamonovning fikricha, Yodgor Fayzov qisqa ishlagan bo‘lsa ham, xalq ishonchini qozondi. Hukumat va xalq orasidagi inqirozni bartaraf eta oldi. Ammo u diktator tizimga xizmat qilishni istamaydigan odam bo‘lgani uchun markaz undan tezroq qutilishni istadi.

“Rahmon 2018-yili faollar bilan uchrashuvida Xorug‘da xavfsizlik holati yaxshi emasligini ta’kidlab, kuch bilan tartib o‘rnatishni talab qildi. Ammo markaz Pomirni kuch bilan tartibga solish fursati kelmaganini tushunib yetdi va xalq ishonchini qozonishga urindi. Hozir esa, markaz kuch bilan o‘z hukmronligini o‘rnatish kerak, degan xulosaga kelgan ko‘rinadi”, - deydi Sherzamonov.

Ba’zi tahlilchilar Tog‘li Badaxshonga milliy xavfsizlik xodimi bo‘lgan generalning rais etib tayinlanishini Afg‘onistonda vaziyat murakkablashgani bilan izohlamoqda. Ularning fikricha, Afg‘oniston va Xitoy bilan uzundan-uzoq chegaraga ega bo‘lgan viloyatga harbiy mutaxassisning rais etib tayinlanishi to‘g‘ri qaror. Ammo xorug‘lik jurnalist va jamoat faoli Ulfatxonum Mamadshoyevaning fikricha, Yodgor Fayzovning o‘rniga xavfsizlik generalining tayinlanishi Dushanbening kadrlar siyosatidagi xatosi bo‘ldi.

“Alisher Mirzonabotov Fayzovning tajribasiga ega emas. Masalan, o‘tgan yili Ro‘shon tumanida kuzatilgan notinchliklarda Mirzonabotov o‘zi shu mintaqadan bo‘lishiga va xavfsizlik xizmatining yuqori darajali zobiti bo‘lishiga qaramay, muammoni hal eta olmadi. Fayzov masalaga aralashib tinchitdi. Markaziy Hukumat Fayzovga ko‘proq imkoniyat berganida edi, u rahbar sifatida Badaxshon xalqi foydasi uchun ko‘plab ishlarni amalga oshirar edi”, - deydi suhbatdoshimiz.

Jamoatchilik faoli Odil Madbekovning aytishicha, Tog‘li Badaxshon inqirozi Tojikiston tinchligi va mamlakatda erishilgan milliy birlik uchun xatarli bo‘lishi mumkin.

“Tog‘li Badaxshon o‘ziga xos mintaqa. Odamlari juda mag‘rur. Iqlim jihatidan Tojikistonning eng sovuq va tog‘li o‘lkasi. Yashash sharoiti qiyin va aholining ijtimoiy ahvoli og‘ir. Shuning uchun ham mamlakatning boshqa mintaqalarida yaxshi natija bergan boshqaruv shakli bu yerda ish bermasligi mumkin. Xalq erkinlik tarafdori”, - deydi Madbekov.

Tahlilchi Ilhom Yusupovning aytishicha, Tog‘li Badaxshonda bunday inqirozlar bo‘lib turishi kuzatiladigan holat. Ammo bugungi kunda uning davom etishi xatarli.

“Agar inqiroz tez orada hal etilmasa, u mamlakatning boshqa mintaqalariga ham ko‘chishi mumkin. Buning uchun bir necha sabablar mavjud. Masalan, pomirliklar mamlakatning barcha mintaqalarida mavjud. Sug‘dliklar Pomirga borib yashamaydi, lekin pomirliklar Sug‘dda ham ko‘p va ular o‘zaro ahil. Butun mamlakat bo‘ylab pomirliklar oyoqqa turishi va ularga boshqa amaldagi hokimiyat yoki huquq-tartibot organlaridan norozi bo‘lganlar ham qo‘shilishi mumkin. Shuning uchun namoyishchilar talabini qondirish va ularni tarqatib yuborish, ya’ni xalq va hukumat orasida yuzaga kelgan inqirozni zudlik bilan hal etish markaziy hukumat uchun foydali. Ammo rasmiylar qanday yo‘l tanlashi hozircha ma’lum emas”, - deydi Yusupov.