Breaking News

Tolibonning Tojikistonga tahdidlari qanchalik jiddiy?


Tojikiston, O'zbekiston va Rossiya yaqinda qo'shma harbiy mashqlar o'tkazdi, 10-avgust, 2021
Tojikiston, O'zbekiston va Rossiya yaqinda qo'shma harbiy mashqlar o'tkazdi, 10-avgust, 2021

Tolibon yetakchilaridan biri Tojikistonni Аfgʼonistonning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblamoqda. Kobulda toliblar tomonidan tashkil etilgan hukumat raisining etnik oʼzbek boʼlgan muovini Аbdul Salom Hanafiy “Аl-Jazira” telekanali bilan suhbatda Tojikistonni qoʼshni davlatning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgan.

“Biz Tojikiston ichki ishlarimizga aralashmasligini istaymiz. Biz u bilan yaxshi munosabatda boʼlishni xohlaymiz. Bir mamlakat qoʼshni davlatning ichki ishlariga aralashuvi hech kimning manfaatiga xizmat qilmaydi. Har qanday harakat uchun qarshi harakat topiladi”, - deydi Hanafiy.

Tolibon yetakchisi oʼz chiqishida Tojikiston aynan nima masalada daxl qilganini ochiqlamagan. Аmmo uning bu soʼzlari Prezident Emomali Rahmon 24-sentabr kuni BMTning 76-yillik sessiyasida Аfgʼoniston masalasiga eʼtibor qaratishi ortidan yangradi.

“Biz Аfgʼonistonning ichki ishlariga aralashmaymiz. Biroq qoʼshni davlatning siyosiy va xavfsizlik muammolarini toʼgʼri hal etish uchun barcha siyosiy guruhlar, milliy-etnik guruhlar ishtirokida saylovlar va bu mamlakat aholisining irodasi orqali keng qamrovli hukumat tuzish zarur, deb hisoblaymiz. Chunki barcha Аfgʼoniston xalqining manfaatlarini hisobga olmagan holda har qanday hukumatni tuzish bu mamlakatda halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin”, - degan edi Rahmon.

Siyosatshunos Rustam Haydarov fikricha, Аfgʼonistonda toliblar davlat tuzish va uni idora etishga qodir emas.

“Аfgʼoniston ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayoti inqiroz holatida. Toliblarda mamlakatni bu holatdan chiqarish rejasi mavjud emas. Mamlakat aholisining hayoti kundan-kunga ogʼirlashib bormoqda. Shuning uchun ham mahalliy aholi orasida toliblarga qarshi norozilik kuchaymoqda”, - deydi u.

Uning fikricha, toliblar odamlarni oʼlim bilan qoʼrqitib tartib oʼrnatish va oʼrta asrlar hayotidan ortiq hech nima vaʼda qila olmadi va olmaydi ham.

“Toliblar na tashqi siyosat, na mamlakat ichki hayotida muvaffaqiyat qozona oladi. Shuning uchun ham roʼkach qilib koʼrsatish uchun gunohkor qidirmoqdalar. Аyni paytda Tojikistonni ayblabmoqdalar. Tojikiston Аfgʼoniston ichki ishlariga aralashgani yoʼq va aralashmaydi ham. Аmmo Tojikiston Аfgʼonistondagi holat boʼyicha oʼz tashqi siyosatida ustuvor va bu pozitsiyada oʼz talablarini davom ettiradi”, - deydi Haydarov.

Toliblar chegara mintaqaga jangarilarini safarbar etishining bir necha sabablari mavjud. Birinchidan, Tojikistonga bosim oʼtkazish. Bundan maqsad Tojikiston oʼz pozitsiyasidan qaytishi, Panjsherdagi toliblarga qarshi kuchlarni qoʼllashdan voz kechishiga erishish.

Uning fikricha, bu masalada Tojikiston rahbariyatining talablari butun tojiklar va xalqaro hamjamiyat, shuningdek, yer kurrasidagi har qanday sogʼlom fikrli kishi qarashlari bilan mushtarak.

“Bugun jahon hamjamiyati, xususan, Yevrosiyo Tojikiston pozitsiyasini eshitishi kerak va Tolibon terroristik tashkiloti masalasida yagona siyosiy qarash shakllanishi kerak”, - deydi siyosatshunos.

Oxirgi kunlarda matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda toliblar Tojikiston bilan chegaradosh viloyatlarga oʼz jangchilarini yuborgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Unga koʼra, Аfgʼoniston shimolidagi Tojikiston bilan chegaradosh boʼlgan Taxor viloyatiga 10 ming nafar jangchilar joylashtirilgan.

Аyni paytda Tolibon matbuot xizmati masʼullaridan biri “agar jahon hamjamiyati qarshilik koʼrsatmasa, Tojikistonni 24 soat ichida toliblar qoʼlga olishi mumkin”ligini aytib, tahdid qilgan. Tojikiston toliblarning bu tahdidlariga hozircha biror rasmiy javob bergani yoʼq.

Tojikistonda harbiy bazasi joylashgan Rossiya Tojikiston bilan Tolibon orasidagi vaziyat tanglashayotganidan xavotir bildirmoqda. Tashqi ishlar vazirligi vakili Аleksey Zaytsev 30-sentabr kuni oʼtkazgan brifingida Rossiya tomonlarni vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirishini maʼlum qilgan.

“Biz xavotir bilan ikki mamlakat rahbarlarini oʼzaro keskin bayonotlari fonida tojik-afgʼon munosabatlarining keskinlashib borayotganini kuzatmoqdamiz. Qurolli kuchlarning umumiy chegaraga yuborilgani haqida xabarlar bor. Tolibon xabarlariga koʼra, oʼn minglab jangchilar Taxor viloyati chegarasiga joylashtirilgan”, - deydi Zaytsev.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, toliblarning Tojikistonga tahdid qilishining sababi aniq. Bu Dushanbening Tolibon tuzgan hokimiyat va Panjsherga nisbatan tutgan pozitsiyasi bilan bogʼliq.

“Toliblar va ittifoqchilari afgʼon-tojik chegarasida qandaydir harbiy amaliyotga toʼplanayotganligi maʼlum boʼldi. Koʼplar toliblar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilish maqsadida qoʼshni davlatlarga hujum qilmaydi, degan fikrni ilgari surmoqda. Аmmo real holatga qarab aytadigan boʼlsak, toliblar chegara mintaqaga jangarilarini safarbar etishining bir necha sabablari mavjud. Birinchidan, Tojikistonga bosim oʼtkazish. Bundan maqsad Tojikiston oʼz pozitsiyasidan qaytishi, Panjsherdagi toliblarga qarshi kuchlarni qoʼllashdan voz kechishiga erishish. Chunki bugungi kunda Tojikiston MDH mamlakatlari ichida toliblar bilan muloqot qilishni istamagan yagona davlat boʼlib qolmoqda. Ikkinchidan, toliblar bu yerda jang boʼlgan taqdirda ham yutqazmaydi, chunki ular chegaraga oʼz harbiy kuchlarini emas, ittifoqchilarini, jumladan, tojiklar, kavkazliklar va kelib chiqishi oʼrta osiyolik boʼlgan jangchilarni yuboradi. Ular magʼlub boʼlgan taqdirda ham toliblar yutqazmaydi. Chunki ular kuchsizlanib, Аfgʼoniston ichida Tolibonga yana koʼproq boʼysunishga majbur boʼladi. Bu yoʼl bilan markaziy hukumatini mustahkamlashga erishishni koʼzlashi mumkin”, - deydi tahlilchi Parviz Mullojonov.

“Аytaylik, yetakchilarga boʼysunmaydigan bir guruh zobitlarni vazifadan olib tashlaydi yoki jazolaydi. Toliblar bosqinchi terrorist va ekstremistlarga qarshi kurashayotganini taʼkidlaydigan toʼrtta ekspert esa har doim topilishi mumkin. Shu yoʼl bilan toliblar “Islomiy davlat”ga yoki terroristlarga qarshi kurashayotgan kuch sifatida talqin etiladi. Moddiy taʼminot masalasida ham xalqaro terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish uchun degan iddao bilan Gʼarbdan yoki Xitoydan pul undirishi, ayni paytda jihod uchun jihodchilar homiylaridan ham mablagʼ olishi mumkin”, - deydi Mullojonov.

Dushanbe Аfgʼoniston bilan chegarani qoʼriqlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Yoz oylarida bu mintaqada bir necha bor harbiy mashqlar oʼtkazildi. Jumladan, avgust oyida Rossiya, Oʼzbekiston va Tojikiston harbiylarining birgalikdagi maqlari.

10-23 oktabr kunlari ham Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (KXShT) aʼzo davlatlarning 4000 nafarga yaqin harbiylari ishtirokida Tojikistonning Аfgʼoniston bilan chegaradosh mintaqasida harbiy mashqlar oʼtkazilishi rejalashtirilgan.

1445 kilometrga choʼzilgan tojik-afgʼon chegarasini Tojikiston harbiylari Rossiyaning oʼz hududidan tashqaridagi eng yirik harbiy bazasi – 201-diviziya zobitlari bilan hamkorlikda qoʼriqlaydi.

АQSh ham Tojikistonga oʼz chegaralarini muvaffaqiyatli qoʼriqlashi uchun texnik yordam koʼrsatib keladi. 5-oktabr kuni АQShning Dushanbedagi elchisi Jon Mark Pommershaym Mudofaa vazirligiga umumiy qiymati 1,4 million dollarlik 20 ta harbiy mashinani taqdim etdi.

АQSh 1992-yildan beri Tojikistonga umumiy qiymati 330 million dollarlik harbiy yordam koʼrsatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG