O’zbekistonda saylovdan keyin faollarga bosim oshdimi?

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

So’nggi haftalarda O’zbekistonning turli viloyatlarida, xususan, poytaxt Toshkentda blogerlarning kaltaklangani va mahkamaga tortilayotgani haqida bir qator xabarlar o’rtaga chiqdi. Bu voqealar saylovdagi g’alabasidan so’ng bloger va jurnalistlarga prezident himoyasini va’da qilgan Shavkat Mirziyoyev bayonotlari ortidan yuz bermoqda.

Bosimga uchrayotgan aksariyat blogerlar prezident va’dalari samimiy ekanligiga, muammo erkin so’z, matbuot dushmani bo’lgan mahalliy rahbarlarga taqalayotganiga ishonadi.

Jizzaxlik bloger Doniyorbek Mavlonov saylov ortidan mamlakat bo’ylab blogerlarga bosimlar kuchayganini bildirar ekan, bu voqealardan bloger va jurnalistlarni o’z himoyasiga olishga va’da bergan Prezident Mirziyoyevning xabari yo’qligini ta’kidlaydi.

“Hukumatdagi ayrim amaldorlar turli bosimlar uyushtirish, mahkamalarga tortish bilan bizni o’z faoliyatimizdan voz kechishga majbur qilishmoqchi. Bu voqealardan, blogerlarga nisbatan bosimlar boshlanganidan prezidentning xabari yo’q deb o’ylayman. Bu prezident atrofidagi, viloyat va tumanlardagi mahalliy amaldorlarning ishi. Aynan ular ijtimoiy muammolarni ko’tarib chiqayotgan blogerlarning ovozini o’chirishmoqchi”, - deydi bloger Doniyorbek Mavlonov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Buni ham ko'ring O’zbekistonda so'z erkinligi uchun yangi to’siqlar paydo bo’lyaptimi?

Mavlonov yaqinda huquqbuzarlikda aybdor topilib, 2,5 million so’m atrofidagi jarimaga tortilgan. Ishni qayta ko’rib chiqqan viloyat sudi tuman sudi qarorini o’z kuchida qoldirdi.

Prezidentning va’dalariga ishonishini aytgan bloger mahkamaga, sudga ishonmaydi; sudlar ham blogerlarga qarshi; mahalliy hokimiyatlar, amaldorlar manfaatini ko’zlab qaror chiqaradi, deydi u.

“Tuman miqyosida ham, viloyat miqyosida ham sud hatto meni eshitmadi ham. Mahkama ochiq deb e’lon qilinganiga qaramasdan, sud majlisidan audio, video yozuvlar qilinishini taqiqlab qo’ydi. Ish bo’yicha mening e’tirozlarim mutlaqo inobatsiz qoldirildi. Sudlar mutlaqo bir yoqlama ish yuritishadi”, - deydi bloger.

Bloger Doniyorbek Mavlonov


Doniyorbek Mavlonov shaxsga doir ma’lumotlarni ochiqlashda aybdor deb topilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi “Jizzaxda jamoatchilik nazorati” guruhi ma’muri bo’lgan Mavlonov Yangiobod tumanidagi bog’chada yosh bolaning o’limi qayd etilgani, mutasaddilar bu holat yuzasidan izoh berishlari lozimligi haqida xabar qoldirgani uchun huquqbuzarlik sodir qilgani qayd etilgan.

Mahkama qarorida aytilishicha, bloger ustidan bog’chada vafot etgan yosh bolaning qarindoshlari ariza bilan murojaat qilishgan.

Blogerning bog’chada yuz bergan o’lim holati yuzasidan qoldirgan xabarida esa marhum yoki uning qarindoshlariga doir biror ism tilga olinmagan.

Mavlonov o’ziga nisbatan bu ishni mamlakatdagi boshqa blogerlarga nisbatan bo’layotgan bosimlar, mahkamalar kabi shunchaki uyushtirilgan deb hisoblaydi. Maqsad u kabi faol blogerlarni shunday tahdid va bosimlar evaziga faoliyatdan chetlanishga majbur qilish, deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Mirziyoyevni olqishlagan faollar bugun taassufda

“Chunki men nafaqat ta’lim sohasi, balki viloyatdagi, tumandagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolarga doir masalalarni yoritib kelganman. Mahalliy hokimiyat korrupsiyada , turli obyektlarga ajratilgan mablag’larni maqsadsiz sarflashda yoki o’zlashtirishda gumonlangan chiqishlar qilganman. Bu muammolar yuzasidan tuman, viloyat hokimliklari miqyosida aholi bilan uchrashuvlar o’tkazish lozimligini ko’tarib chiqqanmiz. Xullas, menga nisbatan ish uyushtirishlari sabablarini aynan shu tanqidiy chiqishlarim bilan bog’layman”, - deydi Mavlonov.

Bloger Doniyorbek Mavlonov bilan bog’liq bu mojaro so’nggi paytda blogerlarga nisbatan kuzatilayotgan bosimlarning navbatdagisi deyish mumkin. Bungacha Andijonda, Qashqadaryoda, Farg’onada blogerlar shunday bosimlarga uchragan edi. Ularning ayrimlari kaltaklab ketilgan, ayrimlari turli huquqbuzarliklarda aybdor topilib mahkama tortilgan; ayrimlari shunchaki ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan postlari uchun ichki ishlar boshqarmasiga so’roqqa chaqirilgan.

Bu jarayonlar oktabr oyida bo’lib o’tgan prezidentlik saylovlari ortidan kuzatilmoqda. Saylovdan keyin faol fuqarolik pozitsiyasi bilan chiqayotgan blogerlarga nisbatan bosim kutilayotgani haqidagi ogohlantirishlar saylov arafasida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan edi.

Doniyor Mavlonov prezidentlik saylovlaridan keyin blogerlarga nisbatan bosimlarni oshirishga doir kampaniya boshlanganini ehtimol qiladi; ammo bundan blogerlarga, jurnalistlarga davlat rahbarining himoyasini va’da qilgan prezident Mirziyoyev xabarsizligiga ishonadi.

Saylovdagi g’alabasi ortidan ma’ruza bilan chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev qonuniy faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar bundan keyin ham prezident himoyasida bo’lishiga va’da bergan edi.