Ayni damda AQShning Janubiy Koreyadagi harbiy bazasida 29 ming amerikalik askar xizmat qilmoqda. Seul va Vashington mintaqada Janubiy Koreya kuchlarining rolini oshirish borasida yakdil.
Tomonlar Hind-Tinch okeani mintaqasida Janubiy Koreyaning roli aynan qanday bo’lihi borasidagi rejalarga oydinlik kiritmagan. Biroq Shimoliy Koreya tahdidiga qarshi hamkorlikda kurashish masalasiga alohida urg’u bergan.
“Shimoliy Koreya raketa va qurollanish dasturlarini takomillashtirishda davom etar ekan, mintaqadagi barqarorlikni izdan chiqarmoqda”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Janubiy Koreya mudofaa vaziri bilan Seulda muloqot qilar ekan.
Ostinning ta’kidlashicha, Vashington va Seul Shimoliy Koreya bilan diplomatik murosaga erishish ahdida qat’iy. Shuning bilan birga, tomonlar Pxenyanning ehtimoliy tahdidlariga qarshi hamkorlikda kurashish va harbiy shaylikni saqlab turishga kelishgan.
Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Sux Ukning ta’kidlashicha, AQSh harbiy kuchlarining mamlakatdagi faoliyati joriy holatida qoladi.
Uchrashuvda imzolangan qo’shma bayonotda qayd etilishicha, AQSh Janubiy Koreyada to’liq mudofaa salohiyati, xususan, yadroviy, an’anaviy va raketa qurollaridan foydalanish huquqiga ega.
Tomonlar Shimoliy Koreya tomonidan kutiladigan ehtimoliy hujumlarga qarshi strategik va urush rejalarini muvofiqlashtirish hamda yangilashga kelishib olgan.