Prezident Jo Bayden mezbonlik qilgan Demokratiya uchun sammit yakunida AQSh, Avstraliya, Daniya va Norvegiya inson huquqlarini toptash uchun qo’llanilayotgan texnologiyalar eksportini monitoring qilish va cheklash dasturini e’lon qildi.
“Huquq himoyachilariga kuch berishga, texnologiyalar xalqni ezish uchun emas uning hayotini yaxshilash uchun ishlatilishini ta’minlashga e’tibor qaratdik”, - dedi Bayden yakuniy nutqida.
Eksport Nazorati va Inson Huquqlari Tashabbusi avtoritar hukumatlarning siyosiy muxolifat, jurnalistlar, faollar va ozchilikdagi jamoalarning kommunikatsiyalarini kuzatish, aloqa tizimlariga buzib kirish uchun texnologiyani suiiste’mol qilishi muammosini yechishni ko’zlaydi.
Buni ham ko'ring Bayden: AQSh demokratiyasi ham zaiflashdiOq uyga ko’ra, bu hujjatni imzolagan davlatlar eksportni litsenziyalash amaliyotida inson huquqlari mezonlaridan foydalanishga mo’ljallangan ixtiyoriy, yozma kodeks ishlab chiqadi.
Maqsad - inson huquqlarini toptash uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan texnologiyalar uchun litsenziyalarni yaxshiroq nazorat qilish, kelishuvga ko’proq hukumatlarni jalb qilish, dedi rasmiylardan biri jurnalistlar bilan brifingda.
“Ushnbu texnologiyalar yaxshilik uchun ishlatilishi kerak, yovuzlik uchun emas”, - deydi u.
“Global Situation Room” konsalting firmasi rahbari Brett Bruenga ko’ra, cheklovlarga ehtiyoj bor.
“Agar haqiqatan demokratik ideallarni yoki inson huquqlari normalarining kamroq buzilishini dunyo davlatlaridan talab qilayotgan yoki kutayotgan bo’lsak, unda qandaydir oqibatlar bo’lishi kerak”, - deydi Bruen.
Yaqinda AQSh “Pegasus” kuzatuv dasturini yaratgan Isroil kompaniyasi “NSO Group”ni qora ro’yxatga kiritdi. Bu dasturdan jurnalistlar, faollar va davlat yetakchilarining smartfonlariga buzib kirish, ularning yozishma va fayllarini ko’rish, qayerdaligini kuzatish va hatto telefon kameralarini yoqish uchun foydalanilgan.
Demokratik yangilanish
Demokratiya uchun sammitda yetakchilar demokratiya va inson huquqlarini mustahkamlash majburiyatini olishga da’vat etildi.
O’z navbatida, AQSh 2022-yil uchun “Demokratik Yangilanish” nomi ostidagi 424 million dollarlik xorijiy yordam tashabbusini e’lon qildi. Mablag’ mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo’llab-quvvatlash, korrupsiyaga qarshi sa’y-harakatlarni kuchaytirish, islohotchilar va kasaba uyushmalarini dastaklash, erkin va adolatli saylovlarga yordam beruvchi texnologiyalarni olg’a surishga sarflanadi.
Buni ham ko'ring Vashington choyxonasi: Demokratiya sammiti“Transparency International” tashkiloti sammitning dastlabki natijalarini olqishlamoqda.
“Lekin boshqa davlatlar AQSh kabi konkret majburiyatlarni o’z zimmasiga olmadi. Amalda nima ishlar qilinadi? AQSh hukumati ularga o’z rejasini taqdim etish uchun yanvargacha muhlat berdi”, - deydi tashkilotning AQShdagi idorasi rahbari Gari Kalman.
Brett Bruenning aytishicha, 424 million dollar dunyo bo’ylab demokratiyani mustahkamlash ehtiyojlarini qondira olmaydi.
“Bu demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlari uchun allaqachon ajratilgan pullar. Bayden ma’muriyati ularni yangi maqsadga yo'naltiryapti xolos. Tashabbusga katta mablag’ tikilayotganini ko’rmadik”, - deydi u.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga ko’ra, demokratiyaga, shuningdek, populizm, ekstremizm va oq tanlilar ustunligini targ’ib qiluvchi guruhlar tahdid solmoqda.
“Polyarizatsiya demokratik institutlarga putur yetkazmoqda. Fan va mantiq qamal ostida. Bularning barchasi odamlar orasidagi, demokratik rahbarlar va institutlar orasidagi ishonchni yemiryapti”, - deydi Guterrish.