AQSh O’zbekistonning hududiy yaxlitligini, mamlakatdagi demokratik islohotlarni qo’llab-quvvatlaydi. Bu haqda AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi strategik sheriklik muloqotida alohida ta'kidlangan.
AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu boshchiligidagi delegatsiya O'zbekiston bilan strategik hamkorlik bo'yicha Toshkentda muloqot o'tkazdi.
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, “siyosat va diplomatiya, iqtisodiyot va taraqqiyot, xavfsizlik, inson o‘lchovi, madaniy-gumanitar aloqalar yo‘nalishlaridagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari doirasidagi munosabatlar yuzasidan” fikr almashilgan.
Muloqot ketidan chiqarilgan bayonotda qayd etilishicha, Vashington “O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni faol qo‘llab-quvvatlashga tayyor”.
Buni ham ko'ring O'zbekiston Bayden ma'muriyati bilan tanishdiUchrashuvda investitsiyalarni o’zaro himoya qilish, ikki tomonlama soliqqa tortishdan qochish to’g’risida bitimga kelishish masalasi ham ko’rib chiqilgan.
AQSh va O’zbekiston o’rtasida strategik sheriklikka oid deklaratsiya 2002-yilda imzolangan.
Strategik sheriklikning yangi bosqichi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yildagi AQSh safarida e’lon qilingan.
Tashqi ishlar vazirligi Toshkentda o’tgan majlisni AQSh va O’zbekiston o’rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining birinchi yig’ilishi sifatida taqdim etdi, ya'ni rasmiylarga ko'ra, bunday muzokara ilk bor dialog ruhida kechdi.
Imzolanganiga deyarli 20 yil to’layotgan strategik sheriklikdagi asosiy omillar AQShning O’zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlash, shuningdek, inson huquqlarini targ'ib qilish va demokratik islohotlarga ko’mak ko’rsatishga bel bog'lagani.
Bu muloqot oldidan AQShning olti senatori Davlat kotibi Entoni Blinkenga murojaat qilib, O'zbekistonda demokratik islohotlar va inson huquqlariga oid vaziyatni yaxshilash uchun O’zbekiston hukumatiga ta’sir ko’rsatishga chaqirdi.
Buni ham ko'ring Saylov va O'zbekiston diplomatiyasi: regionalizm?So’ngi paytda, xususan, mamlakatda oktabr oyidagi prezidentlik saylovlari ortidan fuqaro jamiyati ezilayotgani haqida ma'lumotlar ko'payiv, xalqaro hamjamiyat xavotiri kuchaygan.
"Human Rights Watch" va "Forum18" kabi tashkilotlar O’zbekistonda e’tiqod erkinligi cheklanmoqda, deya tanqid qilayotgan bo’lsa, mahalliy faollar nazarida O'zbekistonda siyosiy islohotlar sust.
Sobiq siyosiy mahkum Yusuf Ro’zimurodov fikricha, Prezident Mirziyoyev sistematik islohotlar o'tkazmasa, inson huquqlariga doir vaziyat Karimov davridagi repressiv holatga qaytishi mumkin.
Buni ham ko'ring Saylov, muxolifat va kelajak : Deputat Dilorom Fayziyeva“Prezident Mirziyoyev siyosiy islohotlarni boshlamas ekan, inson huquqlariga doir vaziyatda real o’zgarishlar kutish qiyin. Prezidentlik saylovi muxolifatsiz o’tdi. Muxolif partiyalar faoliyatiga ham, ishlashiga ham ruxsat berilmadi. Prezident ikkinchi muhlati davomida siyosiy islohotlar qilishi haqida hech narsa demadi, va’da ham bermadi. Aksincha, konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritish haqida gapirmoqda. Mamlakatdagi siyosiy maydonda real muxolif partiyalar paydo bo’lmas ekan, islohotlardan biror natija kutmaslik kerak”, - deydi Ro’zimurodov.
Mirziyoyevning birinchi muddatida O’zbekistonda inson huquqlari borasida qator o’zgarishlar kuzatildi.
O'nlab siyosiy mahkumlar ozod etildi. E’tiqod va so’z erkinligi nisbatan kengaydi. Erkinlik darajasi ko'tarilgan deya undayotganlarga ko'ra, mana shu yutuqlarni boy bermagan holda, qonun ustuvorligi tomon dadilroq qadamlar tashlash lozim.
AQSh-O’zbekiston strategik sheriklik muloqoti keyingi safar AQShda o’tishi rejalangan.