AQSh-O'zbekiston aloqalari qay nuqtada?

AQSh-O'zbekiston strategik hamkorlik dialogi, Toshkent, 13-dekabr, 2021

AQSh elchisi Daniel Rozenblum Kun.uz bilan intervyuda qayd etishicha, uning davlati O’zbekistondan harbiy qo’nalg’a izlayotgani yo'q va bu borada hukumatga murojaat qilmagan. Bunday tasdiqni "Amerika Ovozi" ham bir necha bor yoritgan.

Ammo Afg’onistondagi vaziyat, terrorizmga qarshi kurash bo’yicha hamkorlik Vashington uchun prioritet ekanini elchi yana bir bor ta'kidlagan.

Yaqinda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Donald Lu Toshkentga safar qilib, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muloqot qilgan edi.

Buni ham ko'ring O'zbekiston, AQSh Toshkentda strategik hamkorlikni muhokama qildi


Stratetik sheriklik dialogi deb atalgan bu muzokaralar ortidan AQSh O'zbekistonda islohotlar, inson huquqlari va erkinlikni quvvatlashini qayd etib, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va boshqa sohalarda ko'maklashishga bel bog'laganini bildirgan.

Ammo bu munosabatlardan qanoatlanmayotgan doiralar ham bor, xususan O’zbekiston hukumati tomonidan siyosiy maydondan chetlatilgan muxolifatchilar va tazyiqlardan shikoyat qilayotgan huquq himoyachilari.

Bir yildan oshibdiki, O’zbekistonda mustaqil siyosiy partiya tuzishga urinib kelayotgan siyosatchi Xidirnazar Olloqulovga ko’ra, AQSh senatorlari O’zbekistonda inson huquqlariga diqqat qaratayotgani - jiddiy signal.

“Senatorlar Davlat kotibiga murojaat qilib, undan O’zbekistondagi inson huquqlariga doir vaziyat yaxshilanishiga ta’sir ko’rsatishni so’rashmoqda. Bu O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat tobora og’irlashib borayotganini ko’rsatuvchi muhim ishora. Xalqaro jamoatchilik hukumat demokratik qadriyatlardan uzoqligini tushunyapti. Bu o’tgan saylovlar misolida ham ko’rindi. Xalqaro tashkilotlar, jumladan YXHT missiyasi ham prezidentlik saylovi nodemokratik, raqobatsiz o’tkazilganiga doir xulosalarini e’lon qildi, dunyo jamoatchiligi bunga guvoh bo’ldi. Shuni aniq aytish mumkin, prezident Mirziyoyevdan islohotlar kutayotgan xalqaro jamoatchilik hukumat haqiqiy islohotlarga qo’l urmasligiga, mamlakatda rejim o’zgarmasligiga ishonch hosil qilmoqda”, - deydi Olloqulov.

Buni ham ko'ring AQSh senatorlari Bayden ma'muriyatini O'zbekistonda huquqqa jiddiy e'tibor berishga undamoqda


AQSh Afg’onistonni tark etishi ortidan bu yo’nalishdagi hamkorlik qaysi nuqtalarda davom etayotgani ancha mavhum.

Elchi Rozenblumga ko'ra, Afg’onistonda terrorchi tashkilotlar kuchaymasligi uchun hamkorlik qilishdan ikki davlat manfaatdor, ayniqsa Afg’onistonda ISHIDning Xuroson qanoti jonlanayotgani haqidagi xabarlar soyasida.

Toshkentagi ayrim sharhlovchilar nazarida AQSh va Rossiya o’rtasida kechayotgan global ziddiyat soyasida Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston tashqi siyosati ham tobora cheklanib bormoqda.

“Ozod vatan” mustaqil partiyasini tashkil etish tashabbusida yurgan faollardan biri Aleksey Garshinning aytishicha, Ukraina va Belarusda kuzatilgan hodisalar ortidan mintaqa davlatlari tashqi siyosatda Kreml izmiga tushgan.

Buni ham ko'ring AQSh komissiyasi O'zbekistonda diniy mahkumlar taqdiriga e'tibor qaratmoqda


“Bizda mustaqil tashqi siyosatning o’zi yo’q. Ukrainadagi, Belorusdagi hodisalar yuzasidan Moskvani, Putinni chetlab hech kim, O’zbekiston prezidenti ham hech narsa deya olmaydi. Toshkentni tashqi siyosatdagi yo’nalishlari, kim bilan qanday faoliyat yuritish Moskva tomonidan belgilanayotganiga ancha bo’ldi" - deydi Garshin.

"Putinning ishtahasi ochilgan, vaziyat shunday davom etsa mintaqa, O’zbekiston ham, ko’p vektorli tashqi siyosat haqidagi bayonotlarga qaramasdan Moskva changalida bo’lishadi. To’g’risi, men hozirgi hukumat Putining ruxsatisiz biror jiddiy burilishga borishiga ishonmayman, tashqi siyosat ham shu ruxsat atrofida ushlab turiladi”, - deydi bloger.

Mahalliy faollarning bu fikrlaridan qat’i nazar, O'zbekiston va Amerika rasmiylariga ko'ra, ayni paytda aloqalar so’nggi 30 yildagi eng yuqori darajada.