Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Qozog'istonga yordam berishga tayyor

  • Amerika Ovozi

Zbignev Rau, Polsha Tashqi ishlar vaziri, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisi va Polsha Tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau Qozog'istondagi vaziyatdan xavotirda. Norozilik namoyishlaridan ko'z uzmayotganini aytib, u Qozog'iston hukumati va undan g'azabdagi ommani masalalarni tinch yo'l bilan hal etishga undamoqda.

Rau urg'uni demokratik jarayonlarga berib, inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishga chaqirmoqda.

Barqarorlikni ta'minlashda muloqot muhim, deydi u, va bu butun Markaziy Osiyo uchun chuqur ahamiyatga ega.

Buni ham ko'ring Oq uy: Qozog'istondagi namoyishlar, Rossiya iddaolari

Rauga ko'ra, u yetakchilik qilayotgan tashkilot Qozog'istonda siyosiy islohotlarni amalga oshirish, bu davlat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi majburiyatlarni bajarishi uchun yordam berishga tayyor.

Qo'shni O'zbekiston ham Qozog'istondagi vaziyatdan tashvishda. Respublika Tashqi ishlar vazirligi bu boradagi bayonotda "namoyish" degan so'zni ishlatmasa-da, beqarorlik tinch yo'l bilan tugaydi va zo'ravonliklarning oldi olinadi degan umidda.

Norozilik chiqishlari avj olar ekan, Qozog'istonda hukumat yangilanishini e'lon qildi. Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog'iston xavfsizlik kengashi raisligidan ketgan. Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev endi bu lavozimni egallagan.