Samoviy turizm va AQSh Fazo agentligining Oyga qaytish bo’yicha loyihalari sharofati bilan Floridada raketalar osmonga ko’tarilishi yana muntazam tus olmoqda.
“Floridada tug’ilmaganman, lekin shu yerda o’sib ulg’ayganman”, - deydi Deyl Ketcham.
U Floridaning aerokosmik sanoatini rivojlantirish agentligida ishlaydi. AQSh Fazo agentligi, NASA dasturlarining mahalliy iqtisodiyotga ta’sirini 1950-yillardan buyon kuzatib keladi.
“50 yil davomida raketalar shu yerdan uchgan”, - deydi Brayan Baluta, iqtisodiy taraqqiyot komissiyasi vitse-prezidenti.
Uchgan, lekin ishlab chiqarilmagan. Kosmik dasturlarda ishlatilgan uskunalarning katta qismi yig’ish uchun Floridaga jo’natilgan.
Buni ham ko'ring Fazo yangiliklari: Vebb teleskopi, galaktikalar, kosmik stansiya2011-yilda “Atlantis” fazo kemasi parvozdan qaytib, AQShning 30 yillik kosmik dasturi nihoyasiga yetgan edi. Parvozlar kamaygani mahalliy iqtisodiyotga zarba bo’ldi.
“2011-yilda ishsizlik 12 foizni tashkil etgan, iqtisodiy ko’rsatkichlar yaxshi emas edi”, - deydi Baluta.
Kosmik dastur tugagach, deydi u, bu yerdagi shaharlar iqtisodiyotini ko’tarish uchun, ishchilar ravnaqi uchun bir taklif bilan chiqdik.
“Hammasi keyingi kosmik dasturda ishtirok etishi mumkin bo’lgan kompaniyalar bilan bog’lanishdan boshlandi. Tadqiqot kemasini yaratish bo’yicha loyiha tayyor bo’lsa-da, o’sha paytda hali kontraktlar e’lon qilinmagan edi. Biz Lokxid Martin, Nortrop-Gramman, Boing singari kompaniyalarga murojaat qildik. Agar tenderda yutib chiqishsa, raketani nafaqat Floridadan uchirishni, balki uni shu yerda qurishni tavsiya etdik”, - deydi Baluta.
Taklif ish berdi.
“Mahsulotingiz bilan hududni diversifikatsiya qilsangiz, iqtisodiy qiyinchilikdan o’tib olasiz”, - deydi Kelli Defazio, Lokxid Martin kompaniyasi vakili.
Korporatsiya Oyga qaytish uchun NASAning keyingi avlod kosmik kemasini yaratish bo’yicha shartnomani qo’lga kiritgan.
Ayni paytda 2025-yilda Oyga qaytish uchun “Artemida” dasturi ishlab chiqilgan, “Orion” nomini olgan kapsulalar qurilmoqda. Uning ayrim komponentlari Lokxid Martinning Florida shtatidagi yangi markazida yig’ilyapti.
Buni ham ko'ring Oyga va keyinchalik Marsga uchishga tayyorgarlik“Insoniyat har qachongidan olisroqqa uchib boradi”, - deydi Deazio.
“Men katta bo’lgan 1950-yillarda bu joylar odamlar tez-tez ko’chadigan, ko’pga qolmaydigan hudud edi”, - deydi Ketcham.
Floridada NASA 33 ming odamni ish bilan ta’minlaydi, bu yerdagi shaharlar iqtisodiyotiga ta’siri esa 5,9 milliard dollarga teng.
Uning aytishicha, kosmik markaz atrofidagi shaharlarda bugun hayot qaynaydi. Pudratchi shirkatlar, “SpaceX” va “Blue Origin” singari kompaniyalar ko’chmas mulk va uchish maydonlari ustida raqobatlashyapti.
“Sun’iy yo’ldoshlarni uchirish uchun kichik raketalar quradigan “Astra” kompaniyasi yaqin orada kelishini e’lon qildi. Bundan tashqari, “Firefly Aerospace” va “Relativity” kosmik kompaniyalari shtatimizda inshootlar qurishni rejalayapti”, - deydi Ketcham.
Qancha ko’p bo’lsa shuncha yaxshi, deydi u. Bu nafaqat mahalliy iqtisodiyotga foyda, balki kosmik poygada AQShni raqobatbardosh qiladi.