Hisobot: Dunyoda korrupsiya bo'yicha vaziyat yomonlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Korrupsiyaga qarshi surishtiruvlari bilan tanilgan qirg'izistonlik jurnalist Bolot Temirovning hibsga olinishiga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishi, Bishkek, Qirg'iziston, 2022-yil, 23-yanvar

“Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021-yil uchun chiqargan Korrupsiya indeksidan ma’lum bo’lishicha, dunyo mamlakatlarining 86 foizi oxirgi 10 yilda korrupsiyaga qarshi kurashda biror ijobiy siljishga erishmagan.

Korrupsiya chuqur ildiz otgan mamlakatlar ayni paytda inson huquqlarini poymol etishda ham yetakchi ekani qayd etilgan. Huquqlar poymol etilishi natijasida demokratiya zaiflashar ekan, mamlakatlarda avtoritarizm kuchayadi; bu esa korrupsiyaning yanada chuqur ildiz otishiga sabab bo’ladi, deyiladi xalqaro hisobotda.

Korrupsiyaning global o’rtacha ko’rsatkichi 100 balli tizimda 43 ballni tashkil etgan. Jami davlatlarning uchdan ikki qismida bu raqam 50 dan past. Raqam qancha past bo’lsa, korrupsiya yanada keng tomir yozganini anglatadi.

Korrupsiya eng kam deb topilgan davlatlar ro’yxatini Daniya (88), Finlyandiya (88) va Yangi Zelandiya boshqarmoqda. Ular, shuningdek, inson huquqlari eng ko’p e’zozlanadigan davlatlar ro’yxatida yetakchi.

Ro’yxatning eng quyi qismida, ya’ni korrupsiyaga chuqur botgan o’lkalar qatorida Somali (13), Suriya (13) va Janubiy Sudan (11) turibdi. Suriya ayni paytda fuqarolik erkinliklari eng yomon davlat deb topilgan. Bu masalada Somali va Sudanga baho berilmagan.

O’tgan 10 yil ichida 154 davlatda vaziyat yomonlashgan yoki hech qanday ijobiy o’zgarish yuz bermagan.

Buni ham ko'ring "Pandora hujjatlari" ayrim davlat rahbarlari pulni o'zlashtirganiga ishora qiladi

Korrupsiya, inson huquqlari va demokratiya

Korrupsiyaga qarshi kurash sustlashishi barobarida inson huquqlari va demokratiyaga hujumlar ko’lami oshgan. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bahonasida dunyo bo’ylab inson huquqlarini cheklashga urinishlar kuchaygan.

2012-yildan beri korrupsiya bo’yicha vaziyat yomonlashgan 23 davlatning 19 tasida inson erkinliklari cheklanishi ham kuchaygan. 2020-yilda inson huquqlari faollarining o’ldirilishi bilan bog’liq 331 ta holatning 98 foizi korrupsiya indeksidagi ko’rsatkichi 45 dan past bo’lgan mamlakatlarda yuz bergan.

Oxirgi 10 yilda korrupsiyaga qarshi kurashda vaziyat ijobiy tomonga o’zgargan mamlakatlar ham mavjud. Ular orasida Markaziy Osiyodan O’zbekiston bor.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

Markaziy Osiyoda umumiy manzara yaxshi emas. Koronavirusga qarshi kurash nomi ostida mintaqada erkinliklarga nisbatan yangi cheklovlar o’rnatilgan.

Markaziy Osiyodagi eng yomon ko’rsatkich Turkmaniston (19), Tojikiston (25) va Qirg’izistonga (27) tegishli.

Buni ham ko'ring O’zbekistonda davlat mablag’lari qanday o’mariladi?

Bir paytlar mintaqaning “demokratiya oroli” deb atalgan Qirg’izistonda pandemiya cheklovlari bahonasi bilan jurnalistlar va faollarga zug’umlar oshgan. Shaffoflikning yo’qligi hamda hukumat ustidan nazoratning kamaygani tufayli koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilgan mablag’larning qanday va qayerga sarflanayotganini aniqlashning imkoni yo’q.

Hisobotga ko’ra, O’zbekiston (28) oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha o’z reytingini yaxshilab bormoqda. 2012-yildan beri mamlakatning indeksdagi ko’rsatkichi 11 ballga o’sgan. Demokratlashtirish jarayonini jadallashtirib, shuningdek, hukumat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni jonlantirib, O’zbekiston mintaqada boshqalar uchun namuna bo’lmoqda, deyiladi hisobotda.

Ushbu ijobiy o’zgarishlarga qaramay, O’zbekiston hanuz faollar va fuqarolik jamiyati keskin cheklovlar ostida faoliyat yurituvchi avtoritar davlatligicha qolmoqda, deya xulosa qiladi xalqaro tashklot o’z bayonotida.

Hisobotda Qozog’istonda yaqinda yuz bergan zo’ravon namoyishlaga ham e’tibor qaratilgan. Unda yozilishicha, mamlakatda boylikning, asosan, elita guruhlari qo’lida to’planib qolgani bois aholi orasida norozilik yuqori.

2019-yilda e’lon qilingan xalqaro surishtiruvda sobiq prezident Nursulton Nazarboyev qarindoshlariga tegishli ekani aytilgan 785 million dollarlik mol-mulk fosh qilingan edi. Yaqinda chop etilgan Pandora hujjatlarida ham Nazarboyevga yaqin ekani taxmin qilinadigan ayol ikki qozoq oligarxidan 30 million dollarlik shubhali to’lov olgani qayd qilingan.

Bu kabi yashirin mol-mulklar jamoatchilik ko’zi oldida fosh qilinsa ham, hukumat ular ustidan biror tekshiruv o’tkazmadi va natijada aholining hukumatga qarshi noroziligi o’sib bordi, deyiladi “Transparency International” hisobotida.

Qozog’istondagi 5-yanvar voqealari korrupsiyani e’tiborsiz qoldirish qanday fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko’rsatdi va hukumatlar bundan to’g’ri xulosa chiqarishi kerak, deya xulosa qiladi xalqaro tashkilot.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston korrupsiya botqog'idan chiqa oladimi?