Bir guruh turkmanistonliklar 25-yanvar kuni Nyu-Yorkda BMT bosh qarorgohi oldida bloger va siyosiy faol Jumasapar Dadaboyev ozodligini talab qilib chiqdi.
So’nggi yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida istiqomat qilgan siyosiy faol va bloger Jumasapar Dadaboyev yanvar oyining boshida o’z ixtiyoriga qarshi O’zbekistonga qaytarilgan. Bu haqda “Memorial” xalqaro inson huquqlari markazi, Inson huquqlari bo’yicha Turkmaniston Xelsinki fondi Dadaboyev advokati Abduhalim Yilmazga tayanib xabar bergan.
BMT bosh qarorgohi oldiga bayroq va shiorlar ko’tarib chiqqan, Nyu-Yorkda yashaydigan bir guruh turkmanistonlik faollar xalqaro jamoatchilikni Dadaboyev taqdiriga befarq qolmaslik va uni zudlik bilan O’zbekiston qamoqxonasidan ozod etilishini talab qilishmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Biz turkmanistonlik faollar bu yerda Jumasapar Dadaboyevni qo’llash uchun yig’ildik. U O’zbekiston fuqarosi, asli Qoraqalpog’istondan bo’lgan turkman. So’nggi yillarda u Turkiyada yashab kelardi. Ammo yaqinda O’zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan o’g’irlab ketilgan”,- deydi Ravshan, namoyish tahskilotchisi.
“Jumasapar Dadaboyev 12-yanvarda Turkiyadan o’g’irlab O’zbekistonga olib ketilgan. U [Markaziy Osiyo mintaqadasigi] har bir yurtda osudalik va adolat bo’lishi uchun kurashib kelgan. Biz uni ozod etishlarini talab qilyapmiz”- deydi namoyish qatnashchisi Nurjan Suzer.
“U zulmga qarshi kurashib kelayotgandi. U uyg’urlarni, qozoqlarni, o’zbeklar, qoraqalpoqlar, turkmanlarni, hamda ozorboyjonlarni himoya qilib chiqqan faollardan. 2016- yil uni O’zbekiston maxsus xizmatlari qo’lga olib O’zbekiston maxfiy xizmatlari foydasiga ishlashga majburlamoqchi bo’lgan. Siriyaga jo’natib islomiy davlat tashkiloti - IGIL safiga o’z agentlari sifatida qo’shilishini istashgan. Ammo Jumasapar bunga ko’nmagan. Shundan so’ng uni dastlab Turkiyaga, o’zbek disidentlari to’g’risida ma’lumot yig’ishi maqsadida yubormoqchi bo’lganlar. Lekin oqibatda uni Moskvaga yuborishgan. Moskvadan Dadaboyev Turkiyaga qochib u yerdan zulmga asoslangan hukumatlarga qarshi chiqishlar qilgan”,- deydi Ravshan.
Namoyishchilarga ko’ra asli Qoraqalpog’istonlik bo’lgan Jumasapar Dadaboyev so’nggi ikki yil davomida Turkmaniston va Qoraqalpog’iston demokratik harakatlari safida faol bo’lgan. Bir muddat oldin O’zbekiston tomoni uni terrorizmda ayblab Interpol orqali qidiruvga bergan.
Turkmanistonlik namoyishchilarga ko’ra Markaziy Osiyodagi avtoritar hukumatlar siyosiy faollarni nafaqat mamlakat ichkarisi balki tashqarisida ham ta’qib etish tajribasidan yillar davomida foydalanadi.
Namoyishchilardan biri Irana Aliyeva siyosiy mahkumlar qatori ularning yaqinlari ham bunday tazyiqlardan aziyat chekib kelayotganini aytadi.
“Bugungi norozilik namoyishi eng avvalo Turkmanistondagi oliy rahbarlarga qaratilgan. Ulardan Turkmanistonda tartibni o’rnatishlarini istaymiz. Chunki biz yoshlar mamlakatdan qochib chiqishni emas u yerda o’z o’rnimizni topishini xohlaymiz. Biz Turkmanistonning qo’rqmas yoshlari o’z mamlakatimizda yashashni istaymiz. Ammo sizlar ana shu yangi avlodni qirmoqchi bo’lyapsizlar. Sizlar bizga mamlakatda o’nib-o’sishimizga xalaqit beryapsizlar. Bu to’g’ri emas. Mening akam 20 yilga qamab qo’yilgan. Buning ortidan bizning oilamiz Turkmaniston kuchishlatar tizimlari tazyiqlari ostida qolib ketgan. Oqibatda men Qo’shma Shtatlarga kelib yashayapman”,- deydi namoyish ishtirokchisi, o'zini siyosiy mahkum Mansur Mingelov qarindoshi deb tanishtirgan Irana Aliyeva.
BMT qarshisiga chiqqan namoyishchilar Jumasapar Dadaboyev qatori so’nggi yillarda dunyoning turli mamlakatlaridan ushlab Turkmanistonga qaytarilgan va mahkum etilgan, bedarak ketgan boshqa faollar taqdiriga ham e’tibor qaratdilar.
“Biz BMT oldidagi bugungi norozilik namoyishni Jumasapar Dadabayev, Azat Isakov, Mansur Mingelov, Pegemerdi Allaberdiyev, Nurgeldi Xaliqov, Murad Dushemov kabi o’g’lonlarimizni qo’llash uchun o’tkazyapmiz. Bu o’g’lonlarimiz ozod etilsin”,- deya namoyishga chiqqanligini tushuntiradi turkmanistonlik faol Nurjan Suzer.
“Men Mansur Mingelov himoyasiga ozgina tushuntirish bermoqchiman. Bu inson Turkmaniston hududida kuchishlatar tizimlaridagi qator korrupsiyaga oid jinoiy sxemalarni ochib tashlagan. Buning ortidan uni 20 yilga ozodlikdan mahrum etishgan. 10 yildan beri u aybsiz qamoqda o’tiribti. Kuchishlatar tizimlarining Turkmaniston hududida qilayotgan ana shu boshbodoqlikka chek qo’yish vaqti keldi. Biz oddiy xalq vakillari ana shu qonunsizliklarni tugatishlarini istaymiz”,- deydi u.
Namoyishchilar yanvar oyida O’zbekistonga qaytarilgan Jumasapar Dadaboyev qiynoqlarga uchrashidan xavotirda.
“Biz O’zbekistonda [Jumasafar Dadaboyev ishini ko’radigan] mahkama adolatli o’tishiga ishonmaymiz. O’zbekistonning minglab faollari aybsiz bo’lsada qamalganini biz bilamiz. Va o’ylaymizki uni ham shunday oqibat kutmoqda”, - deydi namoyish tashkilotchisi.
Ishtirokchilar BMTga petitsiya bilan murojaat qilmoqchi.