Prezident Mirziyoyevga Tolibonni rasman tan olish tavsiya etilmoqda

Your browser doesn’t support HTML5

O’zbekiston Tolibonni tan olishga yaqinmi?

Afg’oniston masalasi yaqinda Markaziy Osiyo davlatlarining Xitoy bilan, buning ortidan Hindiston bilan o’tkazilgan sammitlari doirasida muhokama qilindi. Har ikki uchrashuvda Afg’onistonda yangi inklyuziv hukumat shakllanishiga umid bildirildi.

Afg’onistonni toliblardan iborat vaqtincha hukumat boshqarmoqda. Mamlakatdagi vaziyat esa kun sayin og’irlashyapti. BMTga ko’ra, vaziyat qil ustida turibdi, Tolibon uni o’nglashiga ishonch past.

Buni ham ko'ring Afg’oniston harbiy texnikasi O’zbekiston mulkiga aylanishi mumkinmi?

Markaziy Osiyo davlatlaridan hech beri O’zbekistonchalik Afg’oniston masalasiga diqqat qarayotgani yo’q. Tabiiyki, Toshkentning o’z manfaati bor. Afg’oniston orqali yangi yo’l, loyihalar ko’zlanmoqda, buning uchun Afg’onistonda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumat bo’lishi o’ta muhim.

So’nggi paytda yuz ko’rsatgan ma’lumotlarga tayanilsa, Toshkent bu borada xalqaro hamjamiyat munosabatini kutish niyatida emasdek. Prezident Shavkat Mirziyoyevga Afg’oniston Islom Amirligini, Tolibon hukumatini rasman tan olish, toliblar bilan munosabatni strategik darajaga ko’tarish tavsiya etilmoqda.

Bu tavsiyalar ekspertlar va siyosatshunoslar emas, balki Xavfsizlik kengashi, manfaatdor vazirliklar tomonidan tayyorlangani inobatga olinsa, O’zbekiston yaqin orada Tolibon hukumatini rasman tan olgan davlatga aylanishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi rahbari Viktor Mahmudov tomonidan imzolangan hujjat nusxasi tarqalgan.

Afg’oniston tomoni talablari O’zbekiston tomoni manfaati bilan muvofiqlashtirilishi asosida ishlab chiqilgan bu hujjatdagi tavsiyalar ko’rib chiqish uchun Mirziyoyevga jo’natilgan.

Buni ham ko'ring O'zbekiston rasmiylari Kobulda Tolibon bilan savdo va tranzitni muhokama qildi

Maxfiylik tamg’asi ostidagi bu xat o’tgan yilning dekabr oyida imzolangan. Nusxasi bir necha kundirki ijtimoiy tarmoqlarda mavjudligiga qaramasdan hukumat bu maxfiy xat jamoatchilikka ochiqlanishiga biror munosabat bildirmadi.

“Amerika Ovozi”da bu maxfiy xatning haqiqiy yoki haqiqiy emasligi yuzasidan tasdiq yo’q, ammo bu hujjatni jamoatchilikka ochiqlagan manba, xorijda yashayotgan o’zbek muxoliflaridan biri Safar Bekjon bilan bog’landik.

Uning ta’kidlashicha, xat unga hukumatdagi maslakdoshlari tomonidan yetkazilgan. Maqsad - Tolibon hukumatini rasman tan olish bo’yicha borayotgan harakatga qarshilik.

“Amerika Ovozi” tanishib chiqqan hujjatlarda Toshkent Tolibon hukumatini rasman tan olishga tayyorligini anglatuvchi biror qaror yo’q. Ammo Xavfsizlik kengashining Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi savdo va investitsiya vazirligi, Transport va Energetika vazirligi bilan hamkorlikdagi bu hujjatidagi tavsiyalarni Tolibon hukumatini rasman tan olmasdan turib amalga oshirish o’ta qiyin ko’rinadi.

Hujjatlarni jamoatchilikka ochiqlagan faol Safar Bekjonga ko’ra, Toshkent Tolibon hukumatini rasman tan olishga juda yaqin turibdi.