Qo’shma Shtatlar Ukrainaga qurol-yarog’ va o’q-dori yuborishda davom etmoqda, Yevropada qo’shinlari sonini oshirmoqchi. AQSh va Rossiya vakillari bugun BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina masalasida tortishdi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Tahdid va harbiy eskalatsiya muhitida diplomatiya ish bermaydi. Shu sabab masalani Xavfsizlik Kengashiga olib chiqdik. Agar gap haqiqatan Rossiyaning Yevropadagi xavfsizlik xavotirlari haqida bo’lsa, ularga o’z xavotirlarini muzokara stoli atrofida hal qilish imkonini beramiz”, - dedi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.
Unga ko’ra, nafaqat Rossiya bayonotlari, balki harakatlariga ham baho berish kerak.
“Rossiyaning chegarada 100 ming sonli qo’shin to’plagani hujum boshlash niyatini ko’rsatmoqda”, - deydi u.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzyaning aytishicha, AQSh Kiyevda “natsistlar”ni hokimiyat tepasiga keltirib, “Gitler tarafida jang qilgan odamlarni ulug’lab”, endi Ukraina mavzusida vahimani kuchaytirmoqda.
Unga ko’ra, Vashington Moskvani Ukrainaga qarshi urushga tayyorgarlikda yolg’ondan ayblab, vaziyatni taranglashtirmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Rossiya AQSh bilan o’zaro hurmatga asoslangan aloqaga ega bo’lishni istaydi, biroq NATOning sharq tomon kengayishi uning mamlakati xavotiriga sabab harakatdir.
Ukraina mavzusi boshqa masalalarda odatda qutblashgan amerikalik qonunchilarni jipslashtirmoqda.
"Amerika hamisha erkinlikni himoya qiladi. Xalqning erkin irodasini hurmat qilish kerakligiga ishonadigan mamlakatmiz. Suverenitet, Ukraina xalqining qadr-qimmati muhimdir. Ularning hududiy daxlsizligi hozir xavf ostida va ozod dunyo ularga yordam berishi kerak”, - deydi respublikachi senator Rob Portman.
Ukrainaga Britaniya ham qurol uzatmoqda.
“Biz Sovet Ittifoqi, Rossiya imperiyasi yoki Rossiya Federatsiyasiga a’zo bo’lishni istamaymiz. Biz erkin bo’lishni xohlaymiz va mustaqilligimiz uchun kurashyapmiz. Agar Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, Ukraina bilan cheklanib qolmaydi. Shu sabab bizga o’zimizni himoya qilishda yordam berish Yevropa va butun demokratik olam manfaatidadir. Xalqaro huquq ustuvorligi hali ham ishlayotganini ko’rsatish ham muhim”, - deydi Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarova.
NATOga a’zo mamlakatlar Ukrainaga harbiy uskuna va anjomlar yuborarkan, alyans bosh kotibi Ukraina hujumga uchrasa ham bu mamlakatga qo’shin yubormasligini bildirdi.
Bu o’rtada Kiyevdagi hukumat zaxiradagi askarlari sonini 130 mingga yetkazmoqchi. Mariana Jaglo ismli 52 yashar kiyevlik ayol zaxirachi bo’lib, uch farzandning onasi, marketing sohasi mutaxassisi. Vatanini himoya qilishga tayyor.
“Men askarman va albatta buyruqlarni bajarishim kerak. Qanday buyruq bo’lsa ham. Odamlarni o’ldirmayman, ammo uyimni himoya qilaman”, - deydi u.
AQSh va Yevropa mamlakatlari Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, unga yirik sanksiyalar qo’yishi haqida ogohlantirmoqda. Xususan, AQSh Senatida shunday jazo choralarini o’z ichiga olgan qonun loyihasi ko’rilmoqda. Undagi ayrim choralar Rossiyaning shu kunga qadar amalga oshirgani aytilayotgan ishlari uchun qo’llanilishi mumkin. Jumladan, Ukrainaga qarshi kiberhujumlar, Kiyevdagi hukumatni ichkaridan yemirish harakatlari, ayrim maxfiy amaliyotlar tilga olinmoqda. Bu sanksiyalar Rossiya Ukrainaga qo'shin kiritmasa-da, joriy etiladi.
Hujjat mualliflari Rossiya banklari va suveren qarzini nishonga olmoqchi, Ukrainaga qo’shimcha harbiy yordam berishni ko’zlaydi.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson shu hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashmoqchi.
“Unga Ukrainadan chekinishni aytaman”, - deydi u.
Xabarlarga ko’ra, Britaniya jiddiy sanksiyalar hozirlamoqda, jumladan rus oligarxlarining Londondagi mulklari olib qo’yilishi mumkin.
Kreml Britaniyaning Putinga aloqador rus kompaniyalari va tadbirkorlariga qarshi sanksiyalar ehtimolini qoralab, bunday choralar britan kompaniyalariga zarar bo’lishini bidirdi.
“Rossiya tegishli choralar ko’radi”, - dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Rossiya AQSh va NATOdan qo’shinlari va qurollarini Sharqiy Yevropadan chiqarishni va Rossiyaga chegaradosh davlatlar, jumladan Ukraina va Gruziyani, kelajakda aylansga qabul qilmaslikni talab qilib, kafolatlar so’ragan.
AQSh ham, NATO ham Rossiyaga yozma javoblarini bergan. Alyans ochiq eshiklar siyosatiga ishora qilib, har bir mamlakat unga qo’shilishni mustaqil ravishda o’zi hal qilishini, Rossiyaning bu masalada veto huquqi yo’qligini bildirdi.
Rossiya NATOga talablarini bajarishga yana bir imkoniyat bermoqchi.
"Bugun Tashqi ishlar vazirligi orqali NATO va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga rasman murojaat yo'llab, o’z xavfsizligini boshqa mamlakatlar xavfsizligi hisobiga kuchaytirmaslik haqidagi majburiyatlarini qanday amalga oshirishmoqchi ekanini tushuntirib berishni so’radik. Agar majburiyatlarini bajarish niyati bo’lmasa, negaligini izohlab berishlari kerak. Keyingi takliflarimizni ularning mana shu savolga javobiga qarab tayyorlaymiz va Prezident Vladimir Putinga uzatamiz”, - dedi Lavrov.
Unga ko’ra, Rossiyaga og’zaki va’dalar emas, Rossiyaning qonuniy manfaatlarini to’liq hisobga olgan va butun Yevropa qit’asi xavfsizligini ta’minlaydigan yozma huquqiy xavfsizlik kafolatlari kerak.
Bugun Kanada Mudofaa vazirasi Anita Anand Kiyevda bo’ldi. Kanada elchixonasining ayrim xodimlari va oila a’zolarini Ukrainadan chiqarishga qaror qilgan. Shu bilan bir paytda Ukrainaga harbiy uskuna yuborishini, unga razvedka ma'umotlarini to’plashda va kiberhujumlarni qaytarishda yordam berishini ma’lum qildi. Kanada, shuningdek, ukrain harbiylarini tayyorgarlikdan o’tkazishga qaratilgan missiyani ikki baravar oshirishga va yana 3 yilga cho’zishga qaror qildi.
Rossiya esa bu o’rtada Norvegiya dengizida ham harbiy mashqlar o’tkazdi. Shimoliy flot tarkibidagi kreyser va fregata hamda harbiy vertolyot dushman suvosti kemasini topishni mashq qildi.