Xalqaro bosim ostida Tolibon ikki jurnalistni ozod etdi

  • Amerika Ovozi

Kobul, 28-dekabr, 2021

Tolibon ikki kun oldin hibsga olingan ikki mahalliy jurnalistni ozod etgan. Ularning panjara ortiga tashlanishi xalqaro maydonda keskin norozilik uyg'otgan edi. Inson huquqlari tashkilotlari Afg'onistonning bugungi rahbarlarini matbuotni ezmaslikka undab keladi.

"Ariana" telekanali rahbari Sharif Hassanyor muxbirlari Voris Hasrat va Aslam Hijob qo'yib yuborilganini tvit orqali tasdiqladi.

Bu jurnalistlar 31-yanvar kuni Kobulda tushlikka chiqqanida xavfsizlik xodimlari tomonidan olib ketilgan. Ular nimada gumon qilinib, qanday ayblovlar haqida gap ketgani oshkor etilmagan. Tolibon ularni hech qanday izohsiz qo'yib yuborgan.

BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar muxbirlarning hibsga olinishini qoralab, ularga darhol erkinlik berilishini talab qilgan edi.

BMTning Afg'onistondagi idorasi ham ularning ozod etilganini aniqlagan. Vakolatxona Tolibonni media xodimlar va faollarga tazyiqlarni to'xtatib, inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirmoqda.

Buni ham ko'ring BMT: Tolibon ayollarni odam deb hisoblamayapti

Bedarak ketgan ayollar, xususan nohukumat tashkilotlarning vakillari qayerda ekanini Tolibon biladi, deydi ularning yaqinlari. BMTga ko'ra, bu insonlarni topish va qaytarish hukumat zimmasida. Yo'qolgan juvonlar orasida yaqinda Kobulda norozilik namoyishi qilgan fuqarolar ham bor.

2021-yilning 15-avgustida hokimiyatga kelganida Tolibon aholini ezmaslikka so'z bergan edi. Ammo uning kuchlari huquqbuzarlikka berilib, harakatni tanqid qilganlarni, siyosatni savolga tutganlarni qiynoqqa solayotgani, jumladan jurnalistlarni azoblayotgani haqida tinimsiz axborot tushadi.

Yaqinda Tolibon Kobulda matbuot anjumani o'tkazishga yo'l qo'ymagan. Har qanday media tadbir eng yuqoridan ma'qullanishi shart.

O'tgan 20 yilda mamlakatda erishilgan ulkan yutuqlardan biri mustaqil matbuot rivojlanganidir, deyilar edi.

Tolibon boshqaruvni qo'lga olishi bilan aynan ommaviy axborot vositalarini o'ziga bo'ysundira boshladi. Uning nazoratiga o'tishdan bosh tortganlarga esa zulm o'tkazilmoqda, deydi jurnalistlar.

O'tgan olti oyda Afg'onistonda axborot vositalari 40 foizga kamaygan. 6500 nafarga yaqin jurnalist haydalgan. Ayol jurnalistlarning 80 foizi ishidan ayrilgan.