O'zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida AQSh rasmiylari, jumladan Toshkentdagi elchi Daniel Rozenblum, shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi (CDC) vakillari bilan uchrashgan. Hamkorlikni kengaytirish xususida gap ketgan.
Toshkent Amerika COVID-19ga qarshi 5 million dozadan ziyod “Moderna” va “Pfizer” vaksinasi taqdim etganidan minnatdor. O'zbekiston shu yilning kuzigacha Qo'shma Shtatlardan yana 5 million doza kutmoqda.
Pandemiya boshlanganidan beri USAID tomonidan qariyb 2 million dollarlik koronavirusdan himoya vositalari, 3,7 million dollarlik tibbiy jihozlar ham yetkazilgan.
COVID-19ga qarshi emlash dasturi doirasida CDC O'zbekistonning 800 nafar umumiy amaliyot shifokori, epidemiolog va pediatrlari malakasini oshirgan.
Uchrashuvda mobil shoshilinch tibbiy yordam tizimini shakllantirish ham muhokama qilingan.