Pandemiya an’anaviy o’qish tartibini izdan chiqarishda davom etar ekan, ba’zi o’qituvchilar talabalarni jalb qilish uchun innovatsion usullarga qo’l urmoqda. Masalan, Konnektikut universitetida virtual voqelik texnologiyalaridan foydalanilmoqda.
Chinedu Unkva Konnektikut universitetida olgan tadbirkorlik darsida virtual voqelik orqali qanday yurishni o’rgandi.
“O’rganish biroz vaqt oldi. Bu yoqqa bursam, butun sinfni aylanib chiqarkanman yoki boshqa yo’l bilan bir qadam tashlashim mumkin”, - deydi talaba.
Unkva kursdoshlari bilan birga “Oculus” shlemi orqali virtual darsda qatnashdi.
O’qituvchi Tara Vatrusning aytishicha, bunday texnologiyadan foydalanish fikri pandemiya davrida tug’ildi.
“Talabalar “Zoom”da o’tilgan darsda mikrofonni o’chirib qo’yishlari juda oson edi. Dars payti talabalarimiz bilan bog’lanish qiyin kechayotganini aniqladik”, - deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
“Virtual voqelikda chalg’ish deyarli imkonsiz, chunki shlemni boshdan olishingiz bilan sinfdan chiqib ketasiz”, - deydi talaba Kripa Marvadi.
Virtual shlemlarda “masofaviy audio” deb nomlangan imkoniyat bor. Foydalanuvchilarni xonada turgan o’rniga qarab oldidan, yonidan yoki orqasidan eshitish mumkin. Bu esa haqiqiy sinfxona ruhini beradi.
Talabalarning aytishicha, virtual sinfxona ularni yaxshi jalb qila oladi, ammo u bilim olishga qanchalik yordam berishi hozircha noaniq.
“Talabalar, odatda, mavjud bo’lmagan imkoniyatlardan foydalanib ko’rishi juda muhim. Ular turli madaniyat, muhit va muammolar bilan tanishadi”, - deydi Vatrus.
Virtual texnologiyalar yangi g’oyalarning paydo bo’lishiga ham turtki beradi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Talabalar hayotida yangi paydo bo’layotgan texnologiyalarning ishlatilishi ularni shu texnologiyalar yordamida turli yechimlar o’ylab topishga undaydi”, - deydi Konnektikut universiteti eksperti Deyvid Nobl.
“Ilk bor virtual voqelik bilan ishlashim. Hozir Stemford startap studiyasida shu texnologiyadan foydalanyapman. Virtual voqelik yordamida savdo maydonini yaratyapmiz”, - deydi talaba Sabrina Uva.
Talabalar uchun hozir virtual bo’lgan bu dunyo tez orada real voqelikka aylanishi mumkin.