“Yangi Qozog’iston” islohotlar yo’lidan borishiga ishonch past

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog’istondagi noroziliklar xalqaro tergov qilinishini rad etgan Prezident Qosim-Jo’mart To’qayev qozoqlarga o’zbek oligarxlarini ibrat sifatida keltirdi. Kuni kecha esa To’qayev Qozog’iston Davlat xavfsizlik qo’mitasini qayta tashkil etishga buyruq berdi.

Hokimiyatga kelishi ortidan “Yangi O’zbekiston” shiorini e’lon qilgan Shavkat Mirziyoyev ham dastlabki jiddiy islohotini Milliy xavfsizlik xizmatini Davlat xavfsizlik xizmatiga almashtirishdan boshlagan edi.

To’qayevning mamlakatda kuzatilgan noroziliklar ortidan O’zbekiston tomonga berayotgan ishoralari faqat shu emas. Avvalroq u Qozog’iston boylari mamlakatni o’marish bilan band bo’lgan bir paytda qo’shni davlatda, O’zbekistonda bir nechta neft va gaz zavodlari qurilganiga ham diqqat qaratgan edi.

Buni ham ko'ring AQSh sobiq elchisi Jorj Krol: To'qayev Qozog'istonni qanchalik o'zgartira oladi?

Yanvar qo’zg’oloni ortidan ilk bor matbuotga interyu bergan Prezident To’qayev mamlakatni talagan qozoq boylarining tashqaridan turib siyosatga aralashishini qoralar ekan, xorijdagi o’zbekistonlik boylarning hokimiyatga sadoqatini o’rnak sifatida misol keltirdi.

Noroziliklar ortidan o’z hokimiyatini mustahkamlashga kirishgan To’qayev ham “Yangi Qozog’iston” shiorini e’lon qilgan. Bu shior, tabiiyki, “Yangi O’zbekiston”ni yodga soladi, ayniqsa To’qayev ham dastlabki jiddiy islohotini xavfsizlik xizmati tuzilmasini tarqatish va qayta tashkil etishdan boshlayotgani inobatga olinsa.

Tahlilchilarning “Yangi Qozog’iston” liberal islohotlar yo’lidan borishiga ishonchi past. Nari borsa xuddi “Yangi O’zbekiston”dagi kabi avtoritar boshqaruv mustahkamlanishi, To’qayevga so’zsiz bo’ysunuvchi kuch ishlatar tizimlar qayta shakllantirilishini kutishmoqda.

Qozog’istondagi vaziyatni kuzatib kelayotgan o’zbek sharhlovchilaridan biri Yusuf Ro’zimurodovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, To’qayevning yangi Qozog’istonidan demokratik, liberal islohotlar kutmaslik kerak.