AQSh: "Islomiy davlat" lideri qo'rquvdan o'zini o'ldirdi

  • Amerika Ovozi

AQSh kuchlari nishonga olgan hovli, Atma qishlog'i, Idlib viloyati, Suriya, 3-fevral, 2022

Amir Muhammad Said Abdul Rahmon al-Movla halok bo'lgani "Islomiy davlat" faolyatiga qanchalik zarba beradi? AQSh rasmiylari ta'biricha, guruh jar yoqasiga. "Islomiy davlat"da yetakchilar qolmadi, deydi ular.

AQSh razvedkasi oylardan beri kuzatib kelgan "Islomiy davlat" lideri Amir Muhammad Said Abdul Rahmon al-Movla maxsus operatsiya orqali nishonga olinar ekan, Suriyaning Idlib viloyatidagi Atma qishlog'idagi uyda o'zi va oilasini portlatib yuborgan.

Turkiya bilan chegaraga yaqin hududda yuz bergan bu voqea tafsilotlarini AQSh rasmiylari bir necha soat o'tib, 3-fevral kuni bayon qildi.

Amerika maxsus amaliyoti ketayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy manbalar yoza boshladi. Bayonotga ko'ra, AQSh zobitlari uch qavatli imoratdan fuqarolarning chiqib ketishini so'ragan. Aks holda ular o'qlar ostida qolishi haqida ogohlantirilgan.

Al-Movla esa bu vaqtda o'z joniga qasd qilishga va yaqinlarini o'ldirishga ulgurgan. Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurashiy va Hoji Abdulla sifatida ham tanilgan bu shaxs mazkur uyda o'rinbosari va uning oilasi bilan yashagan.

Amir Muhammad Said Abdul Rahmon al-Movla va u qatori o'lganlarning jasadi olib chiqilmoqda, Atma qishlog'i, Idlib viloyati, Suriya, 3-fevral, 2022

"Portlash shu qadar kuchli bo'lganki, jasadlar binodan otilib chiqib, qo'shni hovlilarga tushgan", - deya tasvirlanadi rasmiy izohda.

Al-Movlarning o'rinbosari oilasini olib qochishga harakat qilgan, ammo Amerika nishonidan hammasi nobud bo'lgan.

Operatsiyada aynan qancha odam o'lgani aniq emas. Al-Movla o'z xavfsizligini aholi orasida yashab ta'minlab kelgan, deydi mahalliy manbalar. Ayollar va bolalar bilan bo'lgani uchun uni o'ldirish qiyin bo'ladi deb hisoblagan.

Maxsus operatsiyadan oldin va keyingi manzara, 3-fevral, 2022

Suriya Inson huquqlari observatoriyasi degan tashkilotga ko'ra, kamida 13 kishi halok bo'lgan, jumladan uch ayol va to'rt bola.

AQSh zobitlariga ko'ra, bir oila, xususan ota-ona va ularning go'daklari qochishga ulgurgan.

Al-Movlaning o'rinbosari o'ldirilganidan keyin yana to'rt bola binodan chiqarilgan.

Amerika kuchlari uydan boshqalarni ham olib chiqishga uringan, ammo "Islomiy davlat" rahbari va o'rinbosari bunga yo'l qo'ymagan, deydi rasmiylar.

"Islomiy davlat" azaldan shunday. Insonlar hayoti asrab qolinishi mumkin bo'lgan paytda ataylab halokatga yetaklaydi", - deyiladi harbiy bayonotda.

Prezident Jo Bayden operasiyani muvaffaqiyatli deya baholab, AQSh maxsus kuchlarini maqtagan.

"Amaliyotdan barcha amerikaliklar omon qaytdi", - deydi Bayden.

Uning aytishicha, al-Movla taqdiri boshqa terroristlar uchun kuchli saboq va signaldir.

"Bu operatsiya Amerika qudratini aks ettiradi. Terrorchilar qayerda yashinmasin, ularni yo'q qilamiz. Bilingki, sizni topamiz".

Prezident Jo Biden, Oq uy, Vashington, 3-fevral, 2022

Bayden AQSh razvedkasi salohiyatini qayd etar ekan, bu tizimning Suriyadagi hamkorlar bilan qanday ishlayotganidan mamnun ekanini aytadi.

Al-Movla, deydi Bayden, yaqinda Suriyaning Hasaka shahridagi katta qamoqxonaga xuruj rejalagan. Kurdlar boshqaradigan bu koloniyadan "Islomiy davlat" minglab a'zolarini ozod etishga uringan.

Bayden va Vitse-prezident Kamala Harris amaliyotni Oq uyda boshqa rasmiylar bilan birga tomosha qilgan.

Mutasaddilar deydiki, amaliyot o'tkazish qarori o'tgan yili qilingan. Dekabr oyida prezidentga uning qanday olib borilishi qadamma-qadam tushuntirilgan.

AQSh al-Movla o'zini o'ldirishi mumkinligini oldindan taxmin qilib, bunga hozirlangan, deydi rasmiylar.

Ta'kidlanishicha, operatsiya maqsadga erishgan, ammo vaziyat murakkablashgan.

AQSh maxsus operatsiyasida ishlatilgan vertolyot, Idlib viloyati, Suriya, 3-fevral, 2022

AQSh zobitlarini Atma qishlog'idagi uy yaqiniga yetkazgan vertolyotda texnik muammo chiqqan. Harbiylar uni joyida parchalab, tashlab ketishga majbur bo'lgan.

Zobitlarga al-Qoida guruhi bilan aloqador Hayat Tahrir al-Shom to'dasi hujum qilgan. Amerika kuchlari ikki jangarini o'ldirgan.

Al-Movla "Islomiy davlat" nazoratini 2019-yilda uning lideri Abu Bakr al-Bag'dodiy o'ldirilganidan keyin qo'lga olgan. U ham Suriya shimoli-g'arbida yo'q qilingan edi.

Al-Movla suratlar va videolarda deyarli ko'rinmas edi. Uni bilganlarga ko'ra, al-Movla hatto tarafdorlari bilan ham gaplashmas va ko'rishmas edi.

AQSh razvedkasi uni aynan shimoli-g'arbiy Suriyadan topganidan ajablanmagan, vaholanki, bu hududda "Islomiy davlat"ning g'animi al-Qoida ham azaldan faol.

Buni ham ko'ring "Islomiy davlat" o'tgan bir yilda eng ko'p odamni Afg'onistonda o'ldirgan

G'arb maxfiy xizmatlari nazarida terrorizmga qarshi kurashda Idlib shu bois bag'oyat muhim hudud. Terrorchilar u yerdan Turkiyaga ham chiqib kelishi mumkin.

Pentagon bu borada anchadan beri ogohlantirib, terror xurujlari o'chogi Idlibda deya urg'u beradi.

Al-Movla halok bo'lgani "Islomiy davlat" faolyatiga qanchalik zarba?

Amerika rasmiylari ta'biricha, guruh jar yoqasida. "Islomiy davlat"da yetakchilar qolmadi, deydi ular, al-Movla o'limi a'zolarni yanada tarqoqlashtiradi.

Al-Movla rahbarlikka kelganidan beri "Islomiy davlat"ning dunyo bo'ylab harakatlariga rahnamolik qilgan. U ayniqsa guruh qo'li yeta olgan joylarda musulmon bo'lmaganlarni qirishga bel bog'lab, xususan yazidiylarni yoppasiga qatl ettirganlikda ayblanadi.

"Islomiy davlat" o'tgan yili Iroqda o'qqa tutilgach, chekinishga majbur bo'lgan.

O'tgan oktabr oyida Iroqda guruhning liderlaridan biri Sami Jasim Muhammad al-Jaburiy ushlangan. Ikkinchisi ismi Hoji Hamid bo'lgan bu odamni Pentagon "yetakchi terrorist" deb bilar edi.

AQSh razvedkasiga ko'ra, al-Jaburiy "Islomiy davlat"ning al-Movladan keyingi ikkinchi eng ko'zga ko'ringan odami bo'lib kelgan.