Dushanba kuni Germaniya Kansleri Olaf Shols bilan Oq uyda uchrashgan AQSh Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, ikki mamlakat Rossiyaga jiddiy sanksiyalar qo’llash masalasida hamfikr, agar Moskva qo’shni davlatga hujum qilsa.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Yevropa xavfsizligini kuchaytirish maqsadida Sharqiy Yevropaga qo’shin va harbiy texnika yuborishda davom etmoqda. Xususan, Polsha va Ruminiyaga.
Bayden Ukraina chegarasidagi taranglikni diplomatik yo’l bilan hal qilishga chaqirmoqda.
“Kansler bilan hamkorligimizni muhokama qildik, qattiq sanksiyalar paketini ishlab chiqdik. Rossiya Ukraina suvereniteti va hududiy daxlsizligiga raxna solsa, zudlik bilan qattiq oqibatlarga duch kelishini bilib qo’ysin, xalqaro qat’iyatni ko’rib qo’ysin. Umumiy harakatlarimiz yo’lida hamkorlik qilgan Germaniya, Sharqiy Yevropa, Yevropa Ittifoqidagi hamkorlarimizga minnatdorchilik bildirmoqchimiz. Rossiya hujumga o’tsa, jim qarab tura olmasligimizga kelishib oldik”, - dedi Bayden.
Schols Bayden bilan hamfikr ekanini bildirsa-da, Rossiyaning Germaniyaga uzatilgan yangi quvurini ishga tushirishdan voz kechishini aytmadi. Boltiq dengizi tubi orqali tushirilgan quvurdan Yevropaga yiliga 55 milliard kubometr gaz yetkazilishi rejalangan.
“Amerikalik do’stlarimizga gapim shuki, bir bo’lamiz, birga harakat qilamiz, barcha zarur choralarni ishga solamiz”, - dedi Shols.
Bayden esa quvur faoliyati to’xtatilishi haqida ogohlantirdi.
“Agar Rossiya Ukrainani bosib olsa, ya’ni qo’shinlari yoki tanklari chegaradan o’tsa, “Shimoliy oqim-2” quvuri ortiq bo’lmaydi. Unga chek qo’yamiz”, - dedi u.
Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel quvur masalasida Baydenga ochiq e’tiroz bildirgan edi, biroq Shols bunday qilmadi. Shunday bo’lsa-da, kuzatuvchilar Shols boshqa masalalarda Merkel yo’lidan borishini bashorat qilmoqda.
“Energetika bobidagi hamkorlik bitta gaz quvuridan ancha chuqurroqdir. Biroq AQSh va Germaniya o’rtasidagi farqlar torayib bormoqda. Germaniya hukumati va Kansler Sholsning o’zi Rossiya Ukrainani bosib olsa, “Shimoliy oqim-2” quvuri masalasi ko’tarilishini tan olgan”, - deydi “Amerikaning zamonaviy Germaniyani o’rganish instituti” prezidenti Jeffri Ratke.
Gumanitar tashkilotlar ixtilofdan barcha birday zarar ko’rishi haqida ogohlantirmoqda.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kecha Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, bugun esa Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qildi.
Putin bilan kechgan salkam 6 soatlik muloqot chog’ida Makron Yevropa umumiy xavfsizligi haqida gapirdi, Putin esa NATOning Rossiyaga tahdidi xususida.
Aprelda qayta saylanishga umid qilayotgan Makron o’zini vositachi qilib ko’rsatishga urinmoqda, Vashington va Londonning Rossiya hujumining muqarrarligi haqidagi da’volariga shubha bilan qaramoqda.
Putin Rossiyaning xavfsizlik bo’yicha AQSh va NATOga yo’llagan takliflari e’tiborsiz qolganidan shikoyat qildi. Xususan, NATOning sharq tomon ortiq kengaymasligi, alyans qo’shinlari va qurollarini 1997-yilgacha holatga qaytarish, Ukrainani tashkilotga qabul qilmaslik kabi talablar haqida gap ketmoqda.
Makronning Zelenskiy bilan uchrashuvidan so’ng aytishicha, Rossiya ham, Ukraina ham Minsk kelishuvlariga amal qilish niyatida qat’iy.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Putin Makronga Belarusdagi harbiy mashqlar yakunlanishi bilan rus qo’shinlari va harbiy texnikasi u yerdan butunlay chiqarilishini, Ukraina chegarasida harbiy mashqlar ortiq o’tkazilmasligini aytgan. Biroq Kreml bunday suhbat bo’lganini inkor etdi.
Bu o’rtada Rossiya Qora dengizda harbiy mashq o’tkazishini bildirgan. Hududga oltita harbiy kema yuboriladi. NATO esa Adriatika dengizida mashg’ulot o’tkazib, ikkita avianosets, 15 ta kema va 90 ta samolyot jalb etgan.