Afg’onistonlik jurnalist: Toshkent Afg’oniston o’zbeklari ishonchini yo’qotdi

Your browser doesn’t support HTML5

Tolibon harakati Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olganiga yarim yil to’lmoqda. Mamlakatdan chiqayotgan xavotirli xabarlar oqimi esa to’xtamayapti, ayniqsa ayollar, milliy ozchilik, jumladan, mamlakatdagi millionlab o’zbeklarga doir vaziyat masalasida.

20 yildan oshiq Afg’onistondagi o’zbek matbuoti fidoyilaridan biri bo’lib kelgan jurnalist ayol, Frozan Xalilyor xonim Afg’onistondagi o‘zbek ziyolilari zulm iskanjasida qolgani, O’zbekiston va Tolibon o’rtasidagi do’stlik rishtalari vaziyatni yanada og’irlashtirayotganini aytadi.

Buni ham ko'ring Vashington choyxonasi: Afg'oniston o'zbeklari nimadan xavotirda?

Ashraf G’ani davridagi o’zbek matbuotining taniqli jurnalistlaridan bo’lgan Xalilyor xonim ayni paytda ishsiz, Tolibon iqtidorga kelishi ortidan faoliyati taqiqqa tushgan. U Afg’oniston ayollari huquqlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyati uchun toliblarning bevosita tahdidiga, bosimiga ham uchragan.

Xalilyor to’rt farzandning onasi, ayni paytda uyda qamalib qolgan. Toliblar Afg’onistondagi o’zbek matbuoti, madaniyati, ziyolilari taqdirini zulmatga cho’ktirganini, inqirozdagi pushtun, tojik ziyolilari qo’shni davlatlardan ko’mak olayotgan bir paytda faqat Afg’onistondagi o’zbek ziyolilari mutlaqo toliblar zulmiga tashlab qo’yilganini aytadi.

Fronzan Xalilyorning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ta’kidlashicha, u bir necha bor O’zbekistonning Afg’onistondagi elchixonasi bilan o’zbek ziyolilariga ko’mak ko’rsatish masalasini muhokama qilishga uringan, ammo samarasiz.

Toliblar bilan do’stlikka kirishgan, savdo-sotiqni oshirishga, kafolatlarga umid qilayotgan Toshkent Afg’onistondagi eng katta boylik - o’zbek ziyolilari ishonchini yo’qotgan.