Nochor afg’onistonliklar Tolibon boshqaruvi davrida bepul non uchun navbat kutmoqda. G’arb mamlakatlari Afg’oniston aktivlarini muzlatib, xalqaro yordamni to’xtatib qo’ygan.
“Bir-ikki yildan beri ahvol og’ir. Avval non-choyga pulimiz bor edi”, - deydi afg’onistonlik ayol Muhojira Omonulloh.
AQSh Prezidenti Jo Bayden Afg’oniston Markaziy bankining muzlatilgan 7 milliard dollarlik aktivlarining yarmini Afg’onistonga gumanitar yordam ko’rsatadigan fondga o’tkazishga doir farmonni imzoladi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh sudlari 11-sentabr terakti qurbonlari oilalarining moliyaviy kompensatsiya da’vosini ko’rib chiqar ekan, qolgan 3,5 milliard dollarni ushlab turadi. 2001-yilda mamlakatni boshqargan Tolibon terakt boshchisi Usama bin Ladenni AQShga topshirmagan edi.
Bayden ma’muriyati rasmiysiga ko’ra, sudya kompensatsiya ishi ko’rib chiqilgunga qadar aktivlarni muzlatib turishga doir hukm chiqargan.
“Bu pullar afg’on xalqiniki. Aslo Tolibonniki emas. Aktivlarni muzlatib, so’ng ichki hisob-kitobiga ko’ra taqsimlash gumanitar, to’g’rirog’i, iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashib turgan Afg’oniston xalqida AQSh haqida noto’g’ri tasavvur uyg’otadi deb o’ylayman”, - deydi ekspert Jeykob Kyortzer.
Tolibon qarordan norozi. Guruh vakili Muhammad Naim “Afg’on xalqining AQSh muzlatgan pullarini o’marish ma’naviy va insoniy nuqtai nazardan mamlakatning eng tuban ishi bo’ladi” deb yozdi “Twitter”da.
Hokimiyatni kuch ishlatib, qon to’kib egallab olgan Tolibonning ma’naviy meyorlardan so’z ochishga aslo haqqi yo’q, deydi mintaqa bo’yicha ekspert Husayn Haqqoniy.
“Tolibon haqqi bo’lmagan pulga da’vogarlik qilmoqda. Bu pul Tolibon qurol bilan kurashgan sobiq Afg’oniston Respublikasi davrida to’plangan. Toliblar Afg’onistonga xalqaro yordam kirishiga keskin qarshi bo’lgan. Endi bu pullar afg’on xalqiniki deyishga ma’anaviy haqqi yo’q”, - deydi u.
11-sentabr qurbonlarining ko’plab yaqinlari muzlatilgan aktivlarni afg’on xalqiga taqsimlab berish qarorini yoqlaydi, deydi teraktda otasini yo’qotgan Brett Iglson. Biroq kompensatsiya masalasini sud ixtiyorida qoldirish oilalar o’rtasida nifoqqa aylanishi mumkin, deydi u.
Vashington 3,5 milliard dollarni Afg’oniston xalqining gumanitar ehtiyojlariga aynan qanday taqsimlashi hozircha ma’lum emas.