Karzay: AQSh afg'on xalqining pulidan qo'lini tortsin

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay

Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay mamlakatning qariyb 7 milliard dollarlik xorijda muzlatib qo’yilgan pulining yarmini 2001-yil 11-sentabr xuurjida qurbon bo’lganlar oila a’zolari uchun ajratish haqidagi qarorini qoraladi. Bu qaror avvalroq Tolibonning ham keskin tanqidiga duchor bo’lgan edi.

"Afg'oniston xalqi 11-sentabr fojiasida halok bo'lganlarning oilalari va yaqinlari dardini baham ko'radi. Biz ularga hamdardmiz", - dedi Karzay Kobuldagi matbuot anjumanida.

“Biroq afg'on xalqining o’zi ham bu qurbon bo'lgan oilalar kabi qurbondir, - deya qo’shimcha qildi u. -Afg'oniston xalqidan bu pulni ushlab qolish yoki pulni shu yo’l bilan tortib olish nohaqlik, adolatsizlik va afg'on xalqiga nisbatan vahshiylikdir".

AQSh Federal zaxira bankining Nyu-Yorkdagi depozitida Tolibon hokimiyatga kelgunga qadar Afg'oniston markaziy banki mablag'lari saqlanar edi. Pul AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Afg‘oniston hukumati qulab, Tolibon mamlakat ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan avgust oyidan beri muzlatib qo‘yilgan.

Buni ham ko'ring Karzay: Tolibonni, avvalo, xalq tan olsin

Tanqidchilarning aytishicha, AQShning Afg’oniston mablag'larini muzlatib qo'ygani mamlakatdagi busiz ham abgor gumanitar vaziyatni yanada yomonlashtirgan. Mamlakatning tashqi yordamga qaram iqtisodiyoti tanazzul yoqasiga kelib qolgan.

Juma kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden muzlatilgan aktivlarning 3,5 milliard dollarini Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan maqsadli jamg‘armaga o’tkazish haqida farmon chiqardi. Mablag’ning qolgani, yana 3,5 milliard dollari AQShda terrorizm qurboni bo'lgan va bu masalada sud ishlari davom etayotgan da'volar to'lovlarini moliyalashtirish uchun Vashington ixtiyorida qoladi.

“Men AQSh sudlaridan buning aksini qilishni, afgʻon pullarini afgʻon xalqiga qaytarishni soʻrayman. Bu pul hech qanday hukumatga tegishli emas. Bu pulning katta qismi men lavozimda ishlagan vaqtimda yig‘ilgan. Bu afg’on xalqining mulkidir”, - dedi Karzay.

Karzay AQSh boshchiligidagi harbiy bosqin natijasida oʻsha paytdagi Tolibon hukumati hokimiyatdan agʻdarilganidan koʻp oʻtmay, 2001-yilning dekabr oyidan boshlab 2014-yilgacha Afg’onistonda 13 yil prezidentlik qilgan.

Jahon hamjamiyatining hech bir a’zosi, xususan, Vashington Afgʻonistonda qayta o’rnatilgan Tolibon hukumatini hali tan olgani yo’q.

AQSh rasmiylarining ta'kidlashicha, Baydenning farmoni "mablag'lar Afg'oniston xalqiga yetib borishi uchun yo'l ko'rsatish hamda ularni Tolibonga mansub g'arazli qo'llardan saqlash uchun mo'ljallangan".

Buni ham ko'ring G’ani Afg’onistondan qop-qop dollar bilan qochgani haqidagi da’volar tekshirilmoqda

Tolibon rasmiylari AQShning bir tomonlama harakatini qoralab, bu “mamlakat va millatning axloqi va insoniyligining eng tuban darajasini ko‘rsatadi”, dedi.

Tolibonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili etib tayinlangan Suhayl Shahin yakshanba kuni oʻz hukumatining Vashingtonni afgʻon mablagʻlarini qaytarishga chaqirig’ini yana bir bor takrorladi va ulardan boshqa maqsadda foydalanish qabul qilib bo’lmas holat ekanini ta’kidladi.

"U faqat pul-kredit siyosatini amalga oshirish, savdo-sotiqni osonlashtirish va mamlakat moliya tizimini rivojlantirish uchun ishlatiladi", - dedi Shahin.

“Bu pul hech qachon boshqa maqsadlarda foydalanish uchun mo'ljallanmagan. Uning muzlatib qo‘yilishi yoki boshqa maqsadda bir tomonlama tarzda ajratilishi adolatsizlikdir va Afg‘oniston xalqi uchun maqbul emas”, - deb yozdi Tolibonning yuqori martabali rasmiysi “Twitter”da.

Ayni paytda Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy yakshanba kuni Yevropa Ittifoqi, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va o‘tgan yoz Kobul islomiy guruh qo‘liga o‘tganidan keyin Qatar poytaxtidan turib faoliyat yuritayotgan Afg‘onistondagi xorijiy diplomatik missiyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun Doxaga bordi. Tolibon manbalarining aytishicha, Muttaqiy yig'ilishlarda Baydenning muzlatilgan afg'on mablag'lari haqidagi bahsli buyrug'ini ham ko'taradi.

Bu orada shanba kuni Afg‘oniston poytaxtida to‘plangan namoyishchilar AQSh boshchiligidagi urush paytida halok bo‘lgan o‘n minglab afg‘onlar uchun moddiy tovon puli talab qilishdi.

O‘tgan yili avgust oyida AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketishi deyarli 20 yillik urushga barham berdi. Ammo Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro yordam guruhlari Afg'oniston qirq yildan ortiq davom etgan mojarolar va tabiiy ofatlardan oqibatida dunyodagi eng yomon gumanitar inqirozlardan biriga duch kelganini aytmoqda.

BMT hisob-kitobiga ko‘ra, qashshoqlikdan aziyat chekayotgan mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi yoki taxminan 24 million afg‘on o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda. Besh yoshgacha bo‘lgan bir millionga yaqin bola shu yil oxirigacha ochlikdan nobud bo‘lishi mumkin.