Bayden: Putin Ukrainaga hujum qilishga qaror qilib bo’lgan

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden Rossiya keyingi bir necha kunda Ukrainaga hujum qilishi muqarrar ekanini, poytaxt Kiyev asosiy nishon bo’lishini ta’kidlamoqda.

“U [Vladimir Putin] bir qarorga kelganiga aminman, bunday deyishga asos bor”, - dedi Bayden Oq uydan qilgan nutqida.

Buni ham ko'ring Bayden: Rossiya hujumining ehtimoli o'ta yuqori

AQSh rahbari bugun Rossiya-Ukraina bilan bog’liq vaziyat haqida Yevropa va Kanada rahbarlari bilan gaplashib olgan. 19-fevral kuni Vitse-prezident Kamala Harris Germaniyada o’tayotgan xavfsizlik anjumanida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi.

“Rossiyaning rejalari xususida takror va takror bayonotlar berayotganimiz mojaro istaganimiz uchun emas. Maqsad - Rossiyaning Ukrainani bosib olishni oqlash uchun izlayotgan har qanday bahonasini yo’qqa chiqarmoqchimiz”, - deydi Bayden.

Oq uyga ko’ra, Rossiya rejalayotgan bosqinini asoslash uchun Ukraina sharqidagi bo’lginchi hududlarda soxta inqiroz yaratishga urinmoqda. Donetsk va Lugansk rahbarlari Ukraina armiyasi hujum qilayotganini da’vo qilib, aholini Rossiyaga evakuatsiya qilishga ko’rsatma bergan.

Kremlning bildirishicha, Putin chegara hududlarda qochqinlar lageri tashkillashtirishni, separatist hududlardan kelayotgan odamlarga favqulodda yordam berishni buyurgan.

AQSh rahbarining aytishicha esa Rossiya chegarada 150 ming qo’shin to’plagan bir paytda, Ukraina sharqiy hududlarga hujum qilish uchun shu fursatni tanlagani hech qanday mantiqqa to’g’ri kelmaydi.

Prezident Baydenning vaziyat yuzasidan so'nggi bayonoti (ingliz tilida):

“Bular hammasi Rossiyaning Ukrainaga kirishni asoslash uchun urush qo’llanmasidagi usullarga mos. Ushbu ssenariylar haqida biz va ittifoqchilarimiz bir necha haftadan beri ogohlantirib kelmoqdamiz”, - dedi Bayden.

Prezident nutqida urush boshlangan taqdirda AQSh Ukrainaga qo’shin kiritmasligini yana bor eslatdi. Lekin, deydi u, Ukraina xalqini qo'llab-quvvatlaymiz.

Rossiyaga ko’ra, Ukraina bilan chegara hududlardagi askarlar va harbiy texnika bazalariga qaytmoqda. Bu ham yolg’on, deyd AQSh rasmiylari, o’tgan kunlar ichida askarlar soni, aksincha, bir necha mingga oshgan.

Jo Bayden diplomatiya uchun hali ham imkoniyat borligini aytmoqda.

Bugungi Ukraina: Kiyev va Lugansk