Pokiston hukumatining ma’lum qilishicha, Afg’onistonga qo’shni olti davlatning tashqi ishlar vazirlari mart oyida Xitoyda yig’iladi. Kun tartibiga uzoq yillik urush ortidan Tolibon boshqaruvidagi Afg’onistonda yuzaga kelgan gumanitar va iqtisodiy inqirozni bartaraf qilish masalasi qo’yilgan.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiyning bildirishicha, 30-mart sanasiga belgilangan ikki kunlik Pekin sammitida Rossiya Bosh diplomati Sergey Lavrov ham ishtirok etadi. Uning ta’kidlashicha, tomonlar afg’on xalqini gumanitar inqirozdan himoya qilish hamda iqtisodiy tanazzulning oldini olishga doir masalalarni muhokama qiladi.
“Agar, xudo ko’rsatmasin, Afg’onistonda iqtisodiy tanazzul yuz bersa, uning oqibatlari nafaqat Pokiston, balki boshqa qo’shni mamlakatlar va umuman butun mintaqaga salbiy ta’sir ko’rsatadi”, - dedi Qurayshiy.
Ushbu Pekin sammiti o’tgan yil avgust oyida Tolibon hokimiyatni egallaganidan buyon Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston ishtirokida ayni maqsad bilan o’tajak uchinchi yig’in bo’ladi.
AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg’onistonni tark etib, G’arb quvvatloviga ega hokimiyat qulashi ortidan Islomobod shunday tashabbus bilan chiqib, sentabr oyida qo’shni mamlakatlarning ilk uchrashuviga mezbonlik qilgan edi.
Tomonlar ikkinchi bor oktabr oyida Tehronda yig’ilgan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi yuqori martabali mulozimining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, Xitoy uchrashuviga Tolibon delegatsiyasi ham taklif etilgan. Harakat liderlari Afg’onistondagi joriy holat yuzasidan atroflicha ma’lumot berishi kutilmoqda.
Ommaviy axborot vositalariga bayonot berish vakolatiga ega bo’lmagani uchun anonim tarzda ma’lumot bergan rasmiyning ta’kidlashicha, uchrashuv doirasida Afg’oniston-Pokiston-Xitoy o’rtasida uch tomonlama muzokara ham bo’lib o’tadi.
Uning bildirishicha, Tolibonga Xitoy Pokistonda moliyalayotgan mega infrastrukturaviy taraqqiyot dasturi doirasida yangi loyihalar taklif etilishi kutilmoqda.