Rossiya jurnalistlari: Haqiqat baribir oshkor bo’laveradi

  • Amerika Ovozi

Muharrir Marina Ovsyannikova “Vremya” dasturi jonli uzatilayotgan paytda urushga qarshi plakat bilan kamera qarshisiga chiqdi. Moskva, 14-mart, 2022.

AQSh qonunchilari Rossiya rahbari Vladimir Putinning erkin matbuotni yo’qotish maqsadida qo’llayotgan choralarini qoralamoqda. Prezident mamlakatda Ukraina bosqiniga doir haqiqatning yoritilishiga nuqta qo’yish payida.

Urush boshlangan fevral oyidan buyon Moskva Rossiyaning qator yangilik saytlarini blokladi. Mustaqil media faoliyatini to’xtatdi. Harbiy operatsiyalarga doir “yolg’on” axborot tarqatganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosini belgilashga doir qonunni qabul qildi.

AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi Kremlning ommaviy axborot vositalariga qo’llayotgan zulmini keskin tanqid qildi.

“Putin Rossiyadagi erkin matbuot va so’z erkinligining so’nggi zarralarini yo’q qilish uchun oshkora kurashga kirishgan”, -deyiladi qo’mita bayonotida.

Ko’plab nashrlar qatorida Rossiya “Exo Moskvi” radiosi va “Dojd” telekanallarini yopdi. Maqsad Rossiya xalqidan Ukrainaga qarshi ochilgan asossiz va noqonuniy urush haqiqatlarini yashirish ekaniga urg’u beriladi senatorlar bayonotida.

16-mart kuni so’zlar ekan, Putin ijtimoiy tarmoqlar va G’arb mediasida Rossiyaga qarshi qaratilgan ayovsiz kampaniyaga start berilganini ta’kidladi.

Uning nazdida, G’arb Rossiyani vayron qilish maqsadida “sotqinlardan” beshinchi kolonna sifatida foydalanishga urinmoqda.

“Uyushgan G’arb harbiy yo’qotishlar, sanksiyalarning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga doir soxta xabarlari bilan bizning jamiyatimizni bo’lib tashlashga, fuqarolar isyonini uyg’otishga urinmoqda”, - dedi prezident.

“Exo Moskvi” bosh muharriri Aleksey Venediktovning izohlashicha, Kreml erkin OAV ni urushga doir mavzularni oshkora tahlil qilmasligi uchun atay yopdi.

“Mamlakatda total propaganda tayyorlangan. Ular uchun nufuzga ega an’anaviy mediadan voz kechish o’ta muhim edi”, - deydi Venediktov.

Shu paytga qadar “Exo Moskvi” efirlari uzatilgan radio to’lqinlarini endilikda “Sputnik” davlat radiosi egalladi. AQSh Davlat departamenti yanvar oyida “Sputnik” ni Rossiya propagandasi va yolg’onlarining muhim vositachisi sifatida baholagan edi.

Biroq davlat ommaviy axborot vositalari xodimlari ham mamlakat rahbariyatiga o’z e’tirozlarini bildirmoqda.

Xususan, 14-mart kuni muharrir Marina Ovsyannikova “Vremya” dasturi jonli uzatilayotgan paytda urushga qarshi plakat bilan kamera qarshisiga chiqdi. 14 soat so’roq qilingan Ovsyannikova jarima evaziga qo’yib yuborildi.

“Dojd” telekanali bosh muharriri Tixon Dzyadkoning bildirishicha, uning jamoasi oldida ikki tanlov turibdi: Yo Mudofaa vazirligi nima desa, shuni takrorlash yo’lidan borish, yoki 12 yildan beri qanday ishlagan bo’lsa, shu usulda ishlab, “soxta xabar” tarqatganlik to’g’risidagi qonun nishoniga aylanish.

Bosimlar ostida Dzyadko Gruziyaga chiqib ketganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, “Dojd”ga qo’llangan bosimni tushunish qiyin emas. Bu haqiqatni yashirish yo’lidagi chora.

“Rossiya Federatsiyasi ayni damda ikki frontda urush olib bormoqda: Biri Ukrainada, ikkinchisi mamlakat ichida”, - deydi u.

Biroq Dzyadko Kreml senzura o’rnatishda qisman maqsadiga erishgan bo’lsa-da, raqamli texnologiyalar davrida to’liq muvaffaqiyatga erishib bo’lmasligini aytadi.

“Texnologiya hukumatning repressiv choralaridan hamisha bir qadam oldinda yuradi. Axborot uzatishning hamisha muqobil yo’llari bo’ladi”, - deydi Dzyadko.