AQSh Xitoyni Rossiyaga yordam bermaslik haqida ogohlantirdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden Xitoy rahbari Si Zinpin bilan muloqot qilib, uni Ukrainadagi urushda Rossiyaga moddiy yordam bermaslik haqida ogohlantirgan. AQSh razvedkasiga ko’ra, Moskva Pekindan allaqachon harbiy va iqtisodiy ko’mak so’ragan.

Oq uyning bildirishicha, ikki soatlik suhbatda Bayden Xitoy uchun potensial oqibatlarni tasvirlab bergan. Taxminlarga ko’ra, sanksiyalar haqida gap ketmoqda.

Davlat kotibi Entoni Blinkenning qayd etishicha, Xitoy Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega ekan, bu Prezident Vladimir Putinni urushni bas qilishga ko’ndirish uchun Pekinga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Buni ham ko'ring Shinjondan Polshagacha: Xitoydan qochgan ikki inson hikoyasi

“Ukrainada foydalanish uchun Rossiyaga harbiy texnika bilan yordam berish masalasini ko’rib chiqishayotganidan xavotirdamiz”, - deydi u. Diplomat tafsilotlarga to’xtalmadi. Moskva va Pekin da’volarni rad etmoqda.

Pekin bayonotiga ko’ra, Si Zinpin uning mamlakati Ukrainada urush bo’lishini istamagan. “Barcha tomonlar Rossiya va Ukraina o’rtasida dialog bo’lishini qo’llab-quvvatlashi kerak”, deyiladi unda.

“Xitoy bu urush haqida oldindan bilgani, rozi bo’lgani yoki zimdan qo’llab-quvvatlagani haqidagi da’volar hammasi yolg’on”, deydi Xitoyning AQShdagi elchisi Shin Gang “Vashington Post” gazetasida chop etilgan maqolasida.

Xitoy hukumati urushni keskin tanqid qilgani ham, uni ochiqchasiga qo’llab-quvvatlagani ham yo’q. Pekin Ukraina suverenitetini tan olishini aytib, shu bilan birga NATOning kengayishi asosli ravishda Rossiya xavotirlariga sabab bo’lganini qayd etadi.

AQSh Pekinni Rossiyaga yordam bermaslikka undash uchun qanday qadamlar tashlayapti? Masalan, Tramp prezidentligi davrida Xitoy mahsulotlariga qo’yilgan tariflarni pasaytiradimi? Oq uy bu savollarga javob bermagan.

Sanksiyalar va raqobat

Kuzatuvchilar fikriga ko’ra, Rossiyaga harbiy va iqtisodiy yordam berishdan tashqari Xitoy Moskvaga qo’yilgan sanksiyalarni chetlab o’tish uchun “orqa eshik” vazifasini bajarishi, kontrabanda kanaliga aylanishi mumkin.

Buni ham ko'ring Tahlilchi: Toshkent urush tahdidini anglab yetmoqda

Shunday bo’lgan taqdirda, Vashington Pekinni jazolashi ehtimoli bor. Rasmiylar Xitoy ikkilamchi sanksiyalarga duchor bo’lishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Masalan, Xitoyning yarimo’tkazishlar ishlab chiqaruvchi biror kompaniyasi Rossiyaga chiplar sotayotgani aniqlansa, uning AQSh texnologiyalaridan foydalanishiga taqiq qo’yilishi mumkin.

Biroq Xitoyga nisbatan salmoqli sanksiyalar shundoq ham global ta’minot tizimida muammolar bilan yuzlashayotgan G’arbning iqtisodiy manfaatlariga ham zarba bo’ladi.

“Xitoyni Rossiyaga yordam bermaslikka ko’ndirish afzalroq, toki Putin sanksiyalar zarbasidan qochib qutula olmasin”, - deydi siyosiy tahlilchi Steysi Goddard.

Xitoy AQSh, Yevropa va boshqa davlatlar Moskvaga qo’ygan sanksiyalarni tanqid qilgan. Pekin nazarida, bunday jazo choralari yangi muammolar keltirib chiqaradi, mojarolarni siyosiy yo’l bilan hal qilishga xalaqit beradi.

Ekspertlarga ko’ra, AQSh ham, Xitoy ham Ukraina inqiroziga turli darajada global raqobat nuqtai nazaridan qarayotgani ayon. Ikki qudratli davlat orasida tarqanglik saqlanib qolar ekan, Ukraina masalasida kelishib ishlashi amri mahol, deydi ular.

Vashington va Pekin boshqa xalqaro masalalar, jumladan, kovid, iqlim o’zgarishi va global ta’minot zanjiridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan ham hamkorlik qila olgani yo’q.

“Faqatgina inqiroz yuz berganda gaplashadigan bo’lsak, AQSh-Xitoy munosabatlari izga tushmaydi”, - deydi siyosatshunos Robert Deyli.