Qo’shma Shtatlar boshpana so’rab janubiy chegaraga kelayotganlar ishini qisqaroq muddatda hal qilish maqsadida amaldagi tartibga o’zgartirishlar kiritmoqda.
Boshpana arizalari bilan shug’ullanuvchi xodimlarga qaror qabul qilish vakolati beriladi. Hozirda bunday vakolatga faqatgina immigratsiya sudlari ega, xodimlar esa chegaraga kelganlarni dastlabki tekshiruvdan o’tkazadi xolos.
Kelasi hafta e’lon qilinishi kutilayotgan yangi qoidalar astalik bilan, qo’shimcha resurslarsiz tatbiq etiladi, deya qayd etadi rasmiylar.
O’tgan yilgi hisob-kitoblarga qaraganda, yiliga 75 000 ta ishni ko’rib chiqish uchun Bayden ma’muriyati qo’shimcha 800 nafar xodim yollashi lozim. Busiz yangi qoidalar dastlabki bosqichda qanchalik samarali bo’lishi noaniq.
BMT qochqinlar agentligiga ko’ra, 2017-yildan buyon AQSh boshpana izlayotganlar uchun asosiy manzilga aylangan. Immigratsiya sudlarida ko’rib chiqilmagan ishlar 1,7 millionni tashkil etadi.
“Chegaralarimizda boshpana da’volarini ko’rib chiqish tizimi anchadan buyon o’zgarishga muhtoj edi”, - deydi Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas.
Adliya vaziri Merrik Garlendning aytishicha, yangi tartib immigratsiya sudlari ishini biroz yengillashtiradi. Hozirda hibsga olinmagan odamlarning boshpana da’vosini ko’rish chiqish uchun o’rtacha to’rt yil vaqt ketmoqda.
Yangi qoidalarga ko’ra, Fuqarolik va immigratsiya xizmati xodimlari har bir ishni 3 oyda ko’rib chiqadi. Rad etilgan anketalar immigratsiya sudlariga oshiriladi. Sud ham 90 kun ichida o’z qarorini berishi lozim.
Immigratsiya tizimini isloh qilishga chaqirib kelayotgan ayrim faollar o’zgarishlarni olqishlamoqda. Ta’qiblargan qochgan insonlar AQShda boshpana olish uchun yillab kutmasligi kerak, deydi ular. Boshqalar nazarida esa AQShning murakkab immigratsion tizimida ishlar sun’iy ravishda tezlashtirilyapti xolos.
“Tezkorlik bahonasida to’g’ri qarorlar qabul qilishni qurbon qilyapmiz. Noreal muhlatlar noto’g’ri qarorlarga yetaklaydi, ularni tuzatish yana vaqt oladi, boshpanaga loyiq odamlarning ishi cho’zilib ketadi”, - deydi “Human Rights First” tashkiloti direktori Eleanor Eyser.
Immigratsiyani cheklash tarafdorlari Fuqarolik va immigratsiya xizmati xodimlari soxta da’volarni sudyalar kabi puxta tekshira olishiga, aniqlay olishiga ishonmaydi. Buning ustiga, ularga qo’shimcha resurslar ajratilmayapti.
Yangi tartib 2021-yilning avgustida muhokamaga qo’yilgan edi. Mavzu yuzasidan jamoatchilikdan 5000 dan ziyod izohlar kelib tushgan. Tramp va Bayden prezidentligi davrida immigratsiya tizimiga kiritilgan ko’pgina o’zgartirishlar sud orqali kechiktirilgan yoki bekor qilingan.