Rossiya Kiyev atrofida joylashgan 700 ga yaqin harbiy texnikasini Belarus tomonga chiqara boshlagan. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari 31-mart holatiga ko’ra ma’lum qilmoqda.
Kiyev atrofidan rus qo’shinlarining ayrim qismlari chiqarilayotganligini qayd etayotgan Ukraina armiyasi bu qanday maqsadda amalga oshirilayotgani yuzasidan aniq bir xulosaga ega emas.
Ukraina piyoda qo’shinlari qo’mondonligi shtabi boshlig’i Aleksandr Gruzovichning Kiyevdagi brifingda ma’lum qilishicha, bundan maqsad Rossiya ayrim harbiy qismlarni qayta shakllantirayotgani yoki harbiy texnikani Donbassdagi frontga jo’natish qaroriga bog’liq bo’lishi mumkin.
So’nggi, xususan, Istanbuldagi muzokaralar ortidan kuzatilayotgan vaziyatga ko’ra, Rossiya Ukraina urushida jiddiy to’qnashuv oldidan bir qadar tin olishi kuzatilayotgandek taassurot uyg’otadi.
Biroq janglar to’xtamagan. Hatto Rossiya bir qism qo’shinlarini olib chiqayotgan Kiyev va Chernigov yo’nalishida ham to’qnashuvlar davom etmoqda.
Diqqatlisi shundaki, Rossiya bu yo’nalishlardagi ayrim qo’shinlarini ko’chirishga qaror berishi ortidan urush yangi, qaqshatqich bosqichga chiqishiga doir mulohazalar kuchaymoqda.
Asosiy taxmin rus armiyasining Donbass ishg’oliga keskin kirishishidir. Shu bilan bir qatorda, Kiyevni egallashga urinish qayta tiklanishiga doir xavotirlar ham e’tibordan chetda emas.
AQSh va Britaniya harbiy doiralari tomonidan bildirilayotgan mulohazalarga ko’ra ham rus armiyasi Ukraina sharqini ishg’ol qilish uchun qo’shimcha kuchga muhtoj. Kiyev va Chernigovdan chiqarilayotgan harbiy qismlar aynan shu hududga yo’naltirilishi kutilmoqda.
Urushdagi keskin burulish aynan shu reja bilan bog’liq holat sifatida baholanmoqda. Rus armiyasi nafaqat Lugansk va Donetsk viloyatlari, balki Ukraina janubini ham poytaxtdan kesib qo’yish, ayni paytda Ukraina armiyasining eng yirik, asosiy kuchlari joylashgan katta bir hududni qurshovga olishga urinishi taxmin qilinmoqda.
Ammo Ukraina mudofaasi bunga tayyor. Har holda, mahalliy harbiy tahlilchilar shunday fikrda. Qurshov harakati ish bermasligi, bir necha yuz kilometrga cho’zilgan hududlar bo’ylab qamal uyushtirish rus qo’shinlarining hozirgi holatida imkonsiz ekanligi, buning uchun ularning soni, harbiy texnikasi, ta’minoti ham yetarli emasligi aytilmoqda.
Rossiya Kiyev va Chernigov yo’nalishidagi harbiylari sonini qisqartirishi tomonlarning Istanbuldagi muzokaralari ortidan e’lon qilingan edi. Moskva buni Donbassdagi hujumlarni kuchaytirish maqsadi bilan emas, tomonlar o’rtasida ketayotgan muzokara sabablari bilan izohlagan.
Hozirda nafaqat Kiyev yo’nalishida, balki Chernigov, xususan, Rossiya urushning dastlabki kunlarida egallagan Chernobil atom stansiyasidan ham harbiylar chiqarilayotgani qayd etilmoqda.
Ayrim xabarlarga ko’ra, bu muqaddam halokatga uchragan Chernobil atom stansiyasi atrofidagi radiatsiya va nurlanish darajasining oshishi bilan bog’liq. Chernobil atom stansiyasi, unga tutash hududlar 30 yillar avval yuz bergan halokat ortidan ham hamon inson salomatligi uchun o’ta xavfli hisoblanadi.
Chernobil AES hududida joylashgan, kuchli radiatsiyadan jabrlangan rus askarlari Belarusdagi shifoxonalarda davolanayotganiga doir xabarlar ham mavjud. Rossiya tomoni bu xabarlarga biror izoh bermagan.
Ukraina-Rossiya o’rtasidagi muzokaralar, xususan, undagi siljish, muzokaralarning 1-apreldan videomuloqot shaklida davom etishi ham urush yaqin vaqtda to’xtashiga doir biror aniq ishoralar berayotganicha yo’q.
Aksincha, tomonlar bu muzokaralarda, jumladan, shu yaqin haftalarda Istanbulda Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari ishtirokida kutilayotgan navbatdagi uchrashuvda ustunlikka erishish uchun jangavor harakatlarga zo’r berishiga doir qarashlar mavjud.
Rossiya 24-fevraldan Ukrainaga qarshi urush boshladi. Ukraina 36 kundirki, Rossiya hujumlaridan himoyalanishda davom etmoqda.