Tojikistonda import mahsulotlar narxi 20-30 foizga oshgan

Oxirgi bir oy ichida Tojikistonda oziq-ovqat, kiyim-kechak, neft mahsulotlari, qurilish materiallari kabi mamlakatga import qilinadigan mahsulotlar narxi 20-30 foiz qimmatlashdi.

Bozorlar farovon, mahsulotlar tanqisligi sezilmaydi, ammo narxlar baland. Tahlilchilar fikricha, mamlakat iqtisodiy jihatdan Rossiyaga qattiq bog‘liq bo‘lganligi sababli milliy pul – somoniy og‘ir inflyatsiyaga yuz tutgan va shu sababli narxlar ko’tarilishi kuzatilmoqda.

Aholi un, yog‘, shakar kabi kundalik ro‘zg‘or mahsulotlari narxi qimmatligidan yozg‘iradi. Ularning aytishicha, oxirgi 2-3 yilda oylik maosh va nafaqalar 10-15 foizga ko‘tarildi, mahsulotlar esa uch baravargacha qimmatlashgan, ayniqsa oxirgi bir oyda.

Your browser doesn’t support HTML5

Tojikiston bozorlarida narx-navo ko’tarildi

“Mart oyining boshlarida ham bir qop un (50 kilogramm) 250-260 somoniy (19-20 dollar) edi. Oyning o‘rtalariga kelib, shu bir qop unimiz 320-325 somoniyga (24-25 dollar) chiqib ketdi. Mas’ullardan iltimos qilamizki, un, yog‘, guruch kabi bizga eng kerakli bo‘lgan mahsulotlar narxini arzon qilishsin. Ish yo‘q, pul yo‘q. Birinchi o‘rinda iqtisod turadi, shunga eng zaruriy mahsulotlar narxini arzon qilishsin. Men o‘qituvchiman, olgan oyligim ro‘zg‘orga yetmaydi”, - deydi o‘rta maktab o‘qituvchisi Ra’no Aliyeva.

Tojikistondagi aksariyat oilalar Rossiyada mehnat muhojirligidagi oila a’zolari ishlab topgan pul evaziga kun ko‘radi. Ammo oxirgi bir oy davomida rubl qurbining pasayishi, bank tizimlarida pul o‘tkazish masalalarida kuzatilayotgan muammolar hamda Rossiya va Tojikiston orasidagi aviaqatnovlarning qisqarishi bu oilalarning kundalik hayotiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

“Bir farzandim bor. Volgogradda ishlar edi. Oyliklarini olib, kelmoqchi edi, samolyotlar qatnovi qisqarib kelolmayapti, pulini ham yuborolmayapti. Men o‘zim nafaqaxo‘rman, jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazdim. Olgan nafaqa pulim bir linga (50 kilogramm) unga yetmaydi. Yog‘ qimmat”, – deydi keksa yoshli Malika Sohibova.

Narxlar ko’tarilishi sababini sotuvchilar dollar kursi ko‘tarilgani bilan izohlamoqda.

Buni ham ko'ring Tojikistonlik tahlilchilar: Sovuq urush qaytayapti, rubl qadrsizlanishi bizga ham zarba

“Mahsulotlar narxi qimmat bo‘lganining sababi dollar kursi ko‘tarildi, shuning uchun. Kurs tushsa, xudo xohlasa mahsulotlar ham arzon bo‘ladi. Narxlar 2-3 foizdan boshlab, 10 foizgacha qimmat bo‘ldi”, - deydi Tojikistonning eng yirik bozorlaridan birida quruq choy sotadigan Parviz Karimov.

Uning aytishicha, quruq choy Tojikistonga import qilinadi. Mahsulotni xorijdan dollarga sotib olishlari sababli kursga qarab narxlarni ko‘tarishga majbur bo‘lishadi.

“Narxlar ko‘tarilsa, sotuv hajmi qisqaradi, ammo boshqa ilojimiz yo‘q, majburmiz”, - deydi u.

Tojikiston hukumati qoshidagi Bojxona xizmati mas’uli Anvar Oqilovning “Amerika Ovozi” bilan aytishicha, mamlakatga xorijdan keltiriladigan mahsulotlar narxi dollarda hisoblanganida qimmat bo‘lgani yo‘q.

“Har kunlik ro‘zg‘orga kerak bo‘lgan un yoki shakarni olib qarasak, oxirgi oylar xorijdan dollarda sotib olinadigan narxi o‘zgarmagan. Ammo bozorda narxlar o‘zgardi. Masalan, chakana savdoda 1 kilogramm shakar 12 somoniydan 14 somoniyga ko‘tarildi, taqriban 15 foizga qimmatlashdi. Bu o‘sha bankda dollarning kursi 15 foiz ko‘tarilgani bilan bog‘liq”, - deydi Oqilov.

Tojikiston Milliy banki 9-mart kuni AQSh dollariga nisbatan somoniy qurbi 11,30 somoniydan 13 somoniyga pastlaganini e’lon qildi. Shundan so‘ng banklar odamlarga dollar sotishni to‘xtatib qo‘ydi. Ayni paytda Tojikiston banklarida somoniyning dollar va rublga nisbatan noustuvorligi kuzatilmoqda.

Tahlilchilar fikricha, bozorda un, yog‘, shakar qimmatlashganining sababi bu mahsulotlar tanqisligida emas, balki milliy pulning dollarga nisbatan qadrsizlanishi hamda yo‘l kira, yuklarni tashish xizmati narxi oshgani bilan bog‘liq.