Bayden kovidga qarshi dasturlar uchun qo’shimcha mablag’ so’ramoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden koronavirusga qarshi kurashni davom ettirish uchun Kongressdan yana milliardlab dollar mablag’ so’ramoqda. Kamida 5 milliard dollar boshqa mamlakatlar aholisini emlashga sarflanadi.

Amerikaliklar pandemiya tugagan deb o’ylayapti, deydi Bayden. Unga ko’ra, haqiqatda vaziyat boshqacha.

“Qo’shimcha resurslar hoziroq kerak. Virusning yana bir to’lqini boshlanishini kutib o’tira olmaymiz, unda kech bo’ladi. Dunyo aholisini vaksinalash bo’yicha sa’y-harakatlarimiz davom etishi kerak, va’dalar berganmiz. Yangi variantlar paydo bo’lishining oldini olmoq zarur. Devor bilan virusni to’sib bo’lmaydi”, - deydi prezident.

Your browser doesn’t support HTML5

Bayden: Pandemiya tugagani yo’q, ko’proq mablag’ kerak

AQShda yaqinda 50 yoshdan oshgan odamlarga vaksinaning ikkinchi buster dozasini olishga ruxsat berildi. Xalqaro tashkilotlarning ogohlantirishicha, pandemiya global tahdid bo’lib qolmoqda. Ko’pchilik hali birinchi dozani ham olmagan.

“Boy va kambag’al davlatlarga nisbatan standartlar har xil bo’lmasligi kerak. Yuqori va o’rta daromadli jamiyatlarga vaksina kerakmi, demak hammaga kerak”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti vakili Bryus Eylvord.

Vaksina va dorilar yetishmovchiligi tufayli rivojlanayotgan davlatlarda hukumatlar virus tarqalishini to’xtatish uchun boshqa choralar ko’rishga majbur bo’ldi. YUNISEF tashkilotiga ko’ra, so’nggi ikki yil ichida 147 million bola pandemiya bilan bog’liq cheklovlar bois oylab maktabga bormagan.

Inson huquqlari tashkilotlarining qayd etishicha esa Xitoy kabi mamlakatlarda karantin va virus tahdidi erkinliklarni cheklash uchun bahona bo’lib xizmat qilyapti. “Xalqaro Amnistiya”ga ko’ra, bu tengsizlik va beqarorlik kuchayishiga olib keladi.

So’nggi ikki yilda o’zgarayotgan virus bilan kurashdik, deydi Bayden. Garchi ko’plab amerikaliklar bu davrdan o’tib oldik desa-da, dunyoning boshqa nuqtalarida kurash to’xtagani yo’q.