Falastinliklar ijtimoiy sahifalarni ikkiyuzlamachilikda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Falastinliklar ijtimoiy sahifalarni ikkiyuzlamachilikda ayblayapti. Ularga ko’ra, “Facebook” kabi sahifalar arablarning Isroilning bosqinchi siyosatiga tanqidlarini senzura qilayotgan bir paytda ukrainaliklarga Rossiyaga nisbatan noroziligini bildirishda ko’proq erkinlik bermoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 11-aprel, 2022-yil

Xususan, falastinlik tadqiqotchi Maryam Barg’utiyning aytishicha, “Meta” kompaniyasi egalik qiluvchi “Facebook” va “Instagram” sahifalari uning ko’plab siyosiy izohlarini o’chirmoqda va bu ularning ikkiyuzlamachiligini ko’rsatyapti.

“Ukrainadagi urush oqibatida matbuot, texnologik kompaniyalar va siyosatchilarning Falastinga qarshi tizimli urushi fosh bo’ldi”, - deydi u.

Falastinlik faol Mahmud Hrebat bu qarashni qo’llab-quvvatlaydi.

“Facebook”ning Isroil istilosi va falastinliklarning ijtimoiy sahifadagi faoliyatiga nisbatan davom etayotgan noxolisligi yuzasidan achchiq tajribaga egamiz”, - deydi u.

O’tgan yili G’azoda Isroil va “XAMAS” o’rtasida urush boshlanganida Isroil Mudofaa vaziri Benni Gans “Facebook” rahbarlarini uning mamlakatiga zarar yetkazishga harakat qilayotgan ekstremistik elementlarning ijtimoiy sahifadagi kontentini o’chirishda faol bo’lishga chaqirgan edi.

Falastinik tahlilchilarga ko’ra, 2021-yil yanvaridan noyabrigacha bo’lgan davr mobaynida “Facebook” 746 holatda foydalanuvchilari huquqlarini buzgan.

“Facebook” rus matbuoti faoliyatini o’z platformasida cheklashi, unga egalik qiluvchi “Meta” kompaniyasi esa rossiyalik askarlar va Prezident Putinga qarshi zo’ravonlikka da’vat etuvchi izohlarga ruxsat berishi ketidan Rossiya “Facebook” va “Instagram”ni yopishga qaror qildi.

Isroillik jurnalist Yahud Yaari Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolar o’rtasida farq borligini aytadi.

“Falastinliklar o’zlarini ukrainaliklarga tenglashtirmasligi kerak, chunki ukrainaliklar Rossiyaga qarshi terror xurujlariga qo’l urmagan”, - deydi u.

Falastinliklarning aytishicha, Isroil bilan ixtilof yahudiy davlati paydo bo’lganidan so’ng yerlarining tortib olinishi natijasida boshlangan va ular istilochilarga qarshi qonuniy kurash olib bormoqda.