Kaliforniyaning qumli sahrosida AQSh armiyasi murabbiylari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan olingan saboqlardan foydalanib, askarlarni Rossiya yoki Xitoy kabi yirik raqibga qarshi kelajakdagi janglarga tayyorlamoqda.
Milliy o‘quv markazida bu oy o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda rol ijrochilari rus tilida so‘zlashadi. Xayoliy Denoviya mamlakatining Ujen shahrini nazorat qilayotgan dushman kuchlari hujumga tayyorlanayotgan Amerika brigadasiga qarshi yolg‘on ayblovlarni tarqatish uchun ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi.
Bu manzara bugun Ukrainada davom etayotgan haqiqiy urushni esga soladi.
Aloqa uskunalari
“Oʻylashimcha, hozir butun armiya Ukrainada sodir boʻlayotgan voqealarni kuzatmoqda va saboq olishga harakat qilmoqda”, - deydi Armiya departamenti rahbari Kristin Vormut.
Uning so'zlariga ko'ra, bu darslar Rossiyaning jihozlari va logistika muammolaridan tortib, aloqa va internetdan foydalanishgacha bo’lgan masalalarni o’z ichiga oladi.
"Rossiya-Ukraina tajribasi armiyamiz uchun axborot sohasi naqadar muhim bo'lishi haqida juda kuchli misoldir", - deydi Moxave cho'lidagi o'quv markazida ikki kun davomida armiya brigadasining uydirmalarga qarshi kurashini tomosha qilgan Vormut.
"Biz bu haqda besh yildan beri gapirardik. Hozir haqiqatan ham buni ko'rish imkoniyati paydo bo’ldi. Bu haqiqiy dunyo real vaqtda ko'rishi va tomosha qilishi mumkin bo'lgan jahon urushidir", - deya qo’shimcha qildi u.
Hujum haqida
Texasning Fort Hud shahrida joylashgan 1-otliq diviziya, 2-brigadaning 4500 ga yaqin askari Fort-Irvindagi choʻl mintaqasida ikki hafta davomida 11-zirhli otliq polkiga qarshi jang qilishi rejalangan. “Blekhors” nomi bilan tanilgan polk askarlari Ujen va uning atrofida joylashgan bo'lib, ular orasida mahalliy aholi rolini o'ynaydigan odamlar ham bor.
Armiya polkovnigi, brigada qo'mondoni Iyn Palmer shahar chetidagi Kresh tepaligida turib, o'z askarlarini hujumga tayyorlamoqda. Olisda tanklar qatori o’rin olgan. Kechagi kuchli shamol rejalarga to'sqinlik qildi, shuning uchun hujum biroz orqaga surildi.
Palmer so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda do‘st va dushman kuchlari kuzatuv va hujumlar uchun ko‘proq dronlardan foydalanadi. Shuning uchun uning askarlari ko'zdan uzoqroq bo'lishga harakat qiladi.
“Bilasizmi, agar ko‘rinsangiz, sizni otishlari mumkin, qayerda bo‘lsangiz ham”, - deydi qo’mondon.
Vaqtinchalik shaharchada dushman tomon Palmer brigadasi hujumini to’xtatib qolishga urinmoqda. Ular bor-yo'g'i 1350 ga yaqin askarga ega, ammo jon-jahdi bilan qarshilik qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarning roli
Rol ijrochilarining telefonlari suratga olishga va uni tezda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishga tayyor.
Denoviyalik kuchlar amerikaliklarni eng yomon ko'rinishda tasvirlashga urinadi, deydi yana bir qo’mondon Kurt Teylor.
“Koʻp qurbonlar berilgan va chap qanotim yakson qilinayotgan bir paytda hamda taʼminot poyezdlarim hanuz kerakli joyda bo’lmaganda “Twitter”da kimdir men haqimda aytgan narsa haqida o'ylash qiyin", - deya qo’shimcha qiladi u.
Teylorning so'zlariga ko'ra, mashg'ulotning maqsadi jangovar kuchlarning barcha elementlarini muvofiqlashtirgan holda hujumga tayyorlashdir.
Artilleriya, aviatsiya va piyoda qo’shinlari o’z ishini yaxshi bajarishi mumkin; ammo har uchalasini o’zaro muvofiqlashtirish g’alaba qozonishning muhim shartidir, deydi u.
Muvaffaqiyatsizliklarni baholash
Urushning dastlabki haftalarida Rossiya buni uddalay olmaganini bilish uchun Ukrainadagi vaziyatga qarash mumkin. Rossiyaning Ukrainaga qilgan dastlabki ko‘p qirrali hujumida qo‘mondonlar doimiy ravishda havodan piyoda qo’shinlariga yordamni ta’minlay olmagani namoyon bo’ldi.
Buni ham ko'ring AQSh Ukrainaga yana 800 million dollarlik qurol-aslaha jo’natadiBu muvaffaqiyatsizlik rus qo'shinlarining olg’a siljishini to’xtatib, ularni havodan shaharlarni bombardimon qilishiga majbur qildi. Natijada kasalxonalar, ko'p qavatli uylar va boshqa inshootlarga jiddiy zarar yetdi va tinch aholi orasida qurbonlar soni oshib ketdi.
"Biz infratuzilmani yo'q qilishga tayyor bo'lgan raqibga qarshi qanday kurashish lozimligiga e'tiborimizni qaratamiz, chunki bizning raqiblarimiz shunday kurashadi deb o'ylaymiz, - deydi Teylor. - Biz shahar jangiga tayyor bo'lishimiz kerak".
Armiya departamenti rahbari Vormutning aytishicha, mashg'ulotlar AQShning Ukrainadagi urushdan olgan boshqa saboqlarini tekshirish imkonini ham beradi.
"Biz hozir ruslar bilan nima sodir bo'layotganini kuzatar ekanmiz, modernizatsiya nuqtai nazaridan ham ma’lumot olyapmiz", dedi u.
Masalan, AQShning og’ir tanklari Amerikaning qumli cho’llaridan farqli o’laroq, Yevropaning loy dalalarida qiynalib qolishi mumkin.
Uning so'zlariga ko'ra, armiya "tankning harakatchanligi, omon qolishi va zarba berish salohiyati o'rtasida to'g'ri muvozanatni topa olishi kerak.
“Agar siz tankni harakatchanroq qilishni istasangiz, uni yengilroq qilasiz, ammo bu uning mustahkamlik qobiliyatini kamaytiradi. Shuning uchun qayerda tavakkal qilishni o'zingiz hal qilishingiz kerak", - deya qo’shimcha qiladi u.