IShIDning Afg'onistonda qo'nim topgan Xuroson guruhi 18-aprel kuni O'zbekistonning Termiz shahridagi harbiy bazaga 10 ta raketa uloqtirganiga doir iddao bilan chiqdi.
Bu haqda jihodchilar va oq tanli irqchilarning onlayn faolligini kuzatib boradigan AQShning "Site Intelligence" nodavlat tashkiloti xabar berdi.
“IShID-Xuroson” internet tarmoqlarida raketa zarabalari berilayotgan jarayon videosi va fotolarini ham e’lon qilgan. Biroq video aynan qachon suratga olingani, tasvirlarda zarba aynan kim tomonidan qayerni nishonga olayotganini anglash qiyin.
Buni ham ko'ring "Islomiy davlat", "al-Qoida" Afg'onistonda hozir qanday kuchga ega?Terrorchi guruh raketa zarbalari Afg’onistonning Balx viloyatining Hayraton hududidan amalga oshirilganini ma’lum qilgan.
Xabar "Militarist" va "Harbiy sharhlovchi" ("Военный обозреватель") telegram kanallarida ham tarqatilgan.
O'zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov 19-aprel kuni bayonot bilan chiqib, chegarada vaziyat barqaror ekani, xabar haqiqatga zid ekanini ta'kidlab, aholidan ortiqcha provakatsiyaga berilmaslikni so'ragan.
“O’zbekiston Mudofaa vazirligi va Chegara qo’shinlari bergan ma’lumotga ko’ra, O’zbekiston-Afg’oniston chegarasida hech qanday harbiy faollik kuzatilmayapti, vaziyat barqaror”, deb yozdi Asadov.
Tolibon ham chegarada vaziyat barqaror ekanini tasdiqladi va xavfsizlik O'zbekiston bilan chegarada qattiq nazorat ostida ekanini ta'kidladi.
BMT ma'lumotlariga ko'ra, 2015-yilda tuzilgan "IShID-Xuroson" guruhi taxminan 4 ming jangariga ega. Ularning yarmi xorij fuqarolari. Guruhni Eron va Suriya moliyalaydi.
Rossiya razvedkasiga ko'ra, guruh jangarilari soni ancha ko'p - 10 ming kishi atrofida.
Poytaxt Kobul maktablari yaqinida 19-aprel kuni sodir bo’lgan ketma-ket portlashlarda 20 nafar oq’uvchining halok bo’lgani haqida xabarlar tarqalar ekan, Afg’onistonda terrorchilar faoliyati jonlanayotganiga doir shubhalar uyg’onmoqda. Garchi terakt ortida kimlar turgani hozircha ma’lum emas. Biroq ilk gumon “IShID-Xuroson”dan bo’lishi ehtimoldan yiroq emas.
Buni ham ko'ring "Islomiy davlat" o'tgan bir yilda eng ko'p odamni Afg'onistonda o'ldirganAQSh-Tolibon muzokaralarida Tolibondan mamlakatdagi terrorchi guruhlar faoliyatini to'xtatish, ekstremistik guruhlar bilan aloqani uzish, mamlakat hududini terror o'chog'iga aylantirmaslik talab qilingan edi.
AQSh va NATO kuchlari Afg’onistonni tark etgani ortidan “IShID-Xuroson” guruhi faollikni oshirgan. Afg’oniston va uning tevaragida ko’plab teraktlarni uyushtirishga muvaffaq bo’lgan. Xususan, guruh mart oyida Pokistonning Peshavor hududidagi shialar masjidida ham yirik portlashni amalga oshirgan edi.
Fevral oyida AQSh “IShID-Xuroson” lideri Sanaulloh G’afforiyning joylashgan joyi va unga tegishli maxfiy ma’lumotlarni taqdim etgan shaxsga 10 million dollar mukofot berilishini e’lon qilgan edi.
Ma’lumotlarga ko’ra, G’afforiy Shahob al-Muhojir nomi bilan ham tanilgan. Guruhni 2020-yil iyunidan beri boshqarib keladi. Barcha teraktlar uning fatvosi bilan amalga oshiriladi.