AQSh: “Guliston” o’zbek milliy raqs dastasi

  • Amerika Ovozi

Amerikalik Kerolin Kruger ancha yillar avval O’zbekistonda yashab, xalq artisti, xoreograf Viloyat Oqilovadan raqs sirlarini o’rgangan. U Amerikaga qaytgach, 1999-yilda Kaliforniyada “Guliston” raqs dastasini tashkil etadi. Nafaqat O’zbekiston, balki AQSh va Yevropada ham turli tadbirlarda o’zbek milliy raqsini namoyish etgan.

“O’zbek raqsini birinchi bor ko’rganimda, juda yoqqan. O’shanda hali ham zamonaviy raqs bo’yicha raqqosa edim, boshqa madaniyatlar raqsiga juda qiziqardim. Solistni ko’rib, men ham bir kun kelib, ana shunday raqsga tushaman, deganman. Yodimda bir umrga qolgan", - deya yodga oladi san’atkor.

Oygul Maksutova - 2014-yildan beri “Guliston” raqs dastasining a’zosi. Asli kelib chiqishi, otasi - farg’onalik.

“Kerolin har bir jihatiga e’tibor qiladi. Biz raqsni hech qachon yarim chala holatda taqdim etmaymiz. Ko’p ishlaymiz. Kichik jihatlariga ham ko’p vaqt ajratamiz, sayqallashtirish uchun bu muhim”, - deydi Oygul.

“O’zbek raqsida men G’arb raqsida ko’rmagan jihatlar bor. O’zbekcha raqsga tushganimda, bu raqs turining ichki duyosi mening ichki dunyoimga mos tushadi. Raqs harakatlari, musiqasi yoqadi. Unda ifodalangan his-tuyg'ular menga to’g’ri keldi”, - deydi Kerolin.

“Guliston” raqs dastasining xarajatlarini ham Kerolin o’z shaxsiy hisobidan qoplaydi.

"Tushuntirib bera olmayman. Bu muhabbat. Bu nikohday gap. Boshqa san’at turlarini ham o’rganishga ko’p harakat qildim. Lekin ular meni to’ldira olmadi. Men besh yoshimdan beri raqsga tushaman. Bu mening taqdirimda, xoreografman. Lekin o’zbek raqsiga bo’lgan muhabbatimni hech narsaga qiyoslay olmayman”,- deydi amerikalik raqqosa.