Otajonov: Amaldagi boshqaruvga mutlaqo ishonmayman

Bugungi O'zbekiston

O’zbekistonda faollarga nisbatan kuzatilayotgan tahdidlar xavotirlarga sabab bo’lmoqda. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti yaqindagi bayonotida bosimga olingan jurnalistlarga diqqat qaratdi.

Ammo tahdid, tazyiqqa nishon bo’lgan faollar ancha ko’p. Ayrimlari jamoatchilikka ancha taniqli shaxslar: Jahongir Otajonov, Xidirnazar Olloqulov, Aleksey Garshin, Anora Sodiqova, Kamoliddin Rabbimovlar.

Your browser doesn’t support HTML5

O’zbekistonda faollarga tahdid va bosimlar

Tahdidga uchragan, ammo shaxsi va bosim tafsilotlari noma’lum qolayotgan blogerlar borligi ham shubhasiz ko’riladi.

Bu tazyiqlarning Ukrainadagi urush soyasida kuzatilayotgani tasodifmi, yo’qmi, noma’lum. Ammo voqealar silsilasi bosimlar aynan urush boshlanganidan beri kuchayganini ko’rsatadi.

Avvalo Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralab chiqqan professor Olloqulovning safdoshlari sudga tortildi, ayrimlari 15 sutkalik qamoqqa hukm qilindi.

Biroz vaqt o’tib, san’atkor va siyosatchi Jahongir Otajonovga nisbatan dahshatli tahdidlar amalga oshirildi. Buning ortidan Ukraina elchixonasi oldida chiqish qilgan faol Aleksey Garshin haqorat va tuhmatda ayblanib, unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Buni ham ko'ring Rossiyaning Ukrainadagi urushi Markaziy Osiyoda qanday o'zgarishlarga yetaklamoqda?

Ukraina urushini faol yoritib kelgan Kun.uz nashri muassisi so‘roqqa chaqirildi. Korrupsiyaga oid chiqishlari bilan tanilgan jurnalist Anora Sodiqovaga tahdid uyushtirildi.

So’nggi holat siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning bezorilikda ayblanib mahkamaga tortilishi, inson huquqlari himoyachisi Azam Turg’unovning uyida tintuv o’tkazishga bo’lgan urinishlar bilan bog’liq.

“Amerika Ovozi” tazyiq va tahdidni boshdan kechirgan san’atkor Jahongir Otajonov bilan suhbatlashdi. San’atdan siyosiy maydonga kirib kelgan Otajonov mart oyi boshida noma’lum shaxslar tomonidan o’g’irlab ketilgan, tahqirlangan, tazyiqqa uchragan edi.

Ayni paytda bu mudhish holat yuzasidan surishtiruv bormoqda. Ammo diqqatli tomoni shundaki, jabrlanuvchi nazarida tazyiqqa boshchilik qilgani ehtimol bo’lgan gumondor, Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi bo’limi boshlig’i so’roqqa, jabrlanuvchi bilan yuzma-yuz uchrashuvga chaqirilmayapti.

Jahongir Otajonovning xulosa qilishicha, diktatura sharoitida uyushtirilgan bu tahdiddan nafaqat siyosiy faoliyatga chek qo’yish, balki san’atkor sifatida uning nomini badnom qilish ham maqsad qilingan.